softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

AQSh va Saudiyaning $600 milliardlik kelishuvi, yaradorlarga to‘lgan G‘azo, sanksiyalar yechilayotgan Suriya va Pokistonga ultimatum – kun dayjesti

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

AQSh va Saudiyaning $600 milliardlik kelishuvi, yaradorlarga to‘lgan G‘azo, sanksiyalar yechilayotgan Suriya va Pokistonga ultimatum – kun dayjesti

Batafsil o'qish:

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

BMT: G‘azoda issiq ovqat tarqatish miqdori 70 foizga kamaydi

G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat keskin yomonlashishda davom etmoqda. Aholiga tarqatilayotgan issiq tushlik o‘tgan haftaga nisbatan 70 foizga kamaydi.

BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik brifingda aytganidek, ishlayotgan oshxonalar resurslar yetishmasligi sababli oziq-ovqat tayyorlash imkonini yo‘qotmoqda.

Agar ilgari kuniga qariyb 840 ming porsiya tarqatilgan bo‘lsa, hozir bu atigi 260 mingni tashkil etadi, deya ta’kidladi tashkilot vakili va insonparvarlik yordami faqatgina oziq-ovqatdan iborat emasligini qo‘shimcha qildi. «Odamlarga suv, sanitariya, tibbiyot, ta’lim va himoya kerak», dedi Dyujarrik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalar va suv ta’minoti obektlarida yonilg‘i zaxiralari kamaymoqda. «G‘azodagi tibbiyot tizimi tanazzul yoqasida. Kasalxonalar yaradorlar bilan to‘lib-toshgan, dori-darmon, asbob-uskunalar, qon va xodimlarning keskin tanqisligi kuzatilmoqda», — dedi BMT vakili.

Tramp Saudiya Arabistoniga keldi

AQSh prezidenti Donald Trampni Ar-Riyodda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon shaxsan kutib oldi va prezident limuzinini arab otlari qo‘riqlab bordi. Bu marosim 2022 yilgi sobiq prezident Jo Baydenga nisbatan ancha iliq edi. Bayden o‘shanda neft narxini tushirish ilinjida kelgan, biroq Muhammad bin Salmon bilan faqat musht urishib salomlashgan edi.

Safarning birinchi kunida Donald Tramp Muhammad Bin Salmon bilan Saudiya Arabistonining AQShga 600 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishi bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu majburiyat AQShdan turli xizmat va tovarlarni sotib olish, energetika xavfsizligi, sun’iy intellekt, mudofaa sanoati, global infratuzilma va muhim foydali qazilmalar sohalariga milliardlab dollarlik investitsiyalar kiritish ko‘rinishida bo‘ladi.

Xususan,Saudiya Arabistoni AQSh mudofaa sanoati kompaniyalaridan 142 milliardlik qurol-yarog‘ va texnikalar oladi. Saudiya valiahd shahzodasi umumiy investitsiyalar hajmi kelajakda 1 trillion dollarga yetishini aytdi.

Tramp Saudiya Arabistonini «AQShning eng kuchli sherigi» deb atadi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni «har qachongidan kuchliroq» deb ta’rifladi. «Biz ishni boshlaganimizdan beri AQShga boylik oqib kelmoqda», degan Tramp investitsiya forumida.

Tramp bu safariga bir qator yirik ishbilarmonlarni ham olib kelgan. Ular orasida Tesla rahbari Ilon Mask, OpenAI bosh direktori Sem Altman, BlackRock rahbari Larri Fink va Nvidia rahbari Jyensen Xuang bor. Ular Saudiya Arabistonining sun’iy intellekt sohasiga sarmoya kiritish tashabbuslari doirasida uchrashuvlarda qatnashdi.

Tramp o‘z nutqida Saudiyaning Isroil bilan «Abraham kelishuvlari»ga qo‘shilishi haqida orzusini bildirib o‘tdi. Bu Trampning birinchi prezidentligi davrida Isroil va ayrim Fors Ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kelishuvdir. Biroq Muhammad bin Salmon Isroil-G‘azo urushi tugamasa va Falastin davlatchiligi yo‘lidagi aniq xarita chizilmasa, bunday kelishuv bo‘lmasligini aytgan.

Shuningdek, Tramp 15 may kuni Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Istanbulga borishini ham istisno qilmasligini aytdi.

Yana AQSh mavzusi: Tramp Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qiladi

13 may kuni AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasida o‘tkazilgan biznes forumda nutq so‘zlagan AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishini ma’lum qildi. Bu qadam deyarli 14 yillik fuqarolik urushi va o‘nlab yillar davom etgan Asadlar sulolasining diktaturasi ortidan vayron bo‘lgan mamlakat uchun ulkan iqtisodiy imkoniyat bo‘lishi mumkin.

«Suriya endi tinchlik va barqarorlik sari yo‘l olmoqda, biz aynan shuni ko‘rishni xohlaymiz. Ko‘p yillar davomida ular fojia, urush va o‘limni boshdan kechirdi. Shu bois, mening ma’muriyatim AQSh va Suriya o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash sari ilk qadamlarga qo‘l urmoqda», deya Trampdan iqtibos keltirmoqda New York Times.

Tramp bu qarorni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan maslahatlashuvlar ortidan qabul qilganini bildirdi. U valiahd shahzodaga ishora qilib, «Men Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni buyuraman. O, men shahzoda uchun nimalar qilmayman...» deya hazil qilgan.

Suriyaning tashqi ishlar vaziri Hasan Shayboniy bu qarorni «qurilish va tiklanish yo‘lida yangi bosqich» deb atadi hamda sanksiyalarning bekor qilinishi xalqaro maydonga qaytish yo‘lini ochib berishini ta’kidladi.

Oldinroq Ahmad ash-Shar’a: «Bu sanksiyalar avvalgi rejimning xalqqa qarshi qilgan jinoyatlari sabab joriy etilgan edi. Rejim ag‘darilgan ekan, bu to‘siqlar ham bekor qilinishi kerak», degandi.

Tramp va Suriyaning yangi prezidenti o‘rtasida qanday darajadagi uchrashuv bo‘lishi hozircha aniq emas. Oq uy rasmiysi Tramp Ahmad al-Shar’a bilan «salomlashish»ga rozi bo‘lganini aytdi.

O‘tgan haftada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron al-Shar’ani Parijda qabul qilgan birinchi Yevropa yetakchisi bo‘lgan edi. U ham, agar yangi hukumat barqarorlikni saqlab qolsa, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilishini bildirgan.

Kreml Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish talabiga javob qaytardi

Kreml G‘arb yetakchilarining Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash haqidagi talablarini qabul qilib bo‘lmaydigan «ultimatum» deb atadi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Bu ogohlantirishdan oldin biz kuni kecha ham ogohlantirishni eshitgan edik. Yodingizda bo‘lsa, ular ham ultimatum ko‘rinishida aytilgan edi. Bunday ultimatum tili Rossiya uchun qabul qilinishi mumkin emas. Rossiya bilan bunday tilda gaplasha olmaysiz», — dedi Peskov.

Avvalroq Germaniya hukumati matbuot kotibi Shtefan Kornelius, agar Moskva rasmiylari 12 mayda Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha talablarni bajarmasa, Berlin yevropalik hamkorlar bilan sanksiyalar tayyorlashini aytgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiyaga safari oldidan yana bir bor Putin bilan uchrashishga to‘liq tayyor ekanini bildirdi.

«Biz prezident Erdo‘g‘an bilan kelishib oldik – 15 may kuni Anqarada bo‘lamiz. Putin bilan Turkiyada uchrashishni kutamiz. Rossiya shaharlar bilan manipulyatsiya qilmasligi va Putin Anqaraga uchishga tayyor emasligini aytmasligi uchun, men darhol aytmoqchiman: agar Putin Istanbulga uchsa, biz ham Erdo‘g‘an bilan Istanbulga uchamiz», degan u Kiyevdagi matbuot anjumanida.

Hindiston bosh vaziri Pokistonga ultimatum e’lon qildi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Pokistonda joylashgan terrorchilarga qarshi «Sindur» operatsiyasi boshlangani va Dehli bilan Islomobod o‘rtasidagi harbiy keskinlashuv tugaganidan keyin birinchi marta xalqqa murojaat qildi.

OAVlargan ko‘ra, Hindiston rahbarining bayonoti nihoyatda keskin bo‘lgan. Narendra Modi Islomobodga ultimatum qo‘yib, Hindistonga yangi hujumlarni to‘xtatishni talab qildi, aks holda Pokistonning mavjudligi xavf ostida ekanligidan ogohlantirdi.

«Hozircha biz terrorchilar va Pokistondagi harbiy bazalarga qarshi javob choralarida faqat tanaffus qildik. Yaqin kunlarda Pokistonning har bir qadamini baholaymiz, u qanday rol o‘ynaganini ko‘ramiz», deb ogohlantirdi Hindiston bosh vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston tomonidan 7 may kuni amalga oshirilgan «Sindur» harbiy operatsiyasi yakunlangani yo‘q, faqat to‘xtatilgan va mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi yangi hodisa sodir bo‘lgan taqdirda istalgan vaqtda qayta tiklanishi mumkin.

Tripolida qurolli to‘qnashuvlar

Liviya prezidentlik kengashining xavfsizlik va barqarorlik boshqarmasi boshlig‘i Abdulg‘ani al-Kikli o‘ldirilgani xabar qilinganidan keyin Tripolining markazi va boshqa hududlarida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. To‘qnashuvlar va otishmalar haqida Reuters agentligi xabar berdi.

Qurolli guruh shaharning aholi zich yashaydigan hududi — Abu Salimda joylashgan. Agentlik eslatishicha, prezident kengashi 2021 yilda Milliy birlik hukumati bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jarayon orqali hokimiyat tepasiga kelgan.

Al Wasat Liviya telekanali xabariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlarda 444-jangovar brigada ishtirok etgan - al-Kikli, ehtimol, uning shtabida o‘ldirilgan.

Ichki ishlar vazirligi aholini «o‘z xavfsizligi uchun» uyda qolishga chaqirdi. Tripoli universiteti rahbariyati barcha fakultet, bo‘lim va idoralarda o‘qish, imtihon va ma’muriy ishlarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi.