softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Tramp ma’muriyatida Ukrainaga nisbatan munosabat o‘zgardi

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Tramp ma’muriyatida Ukrainaga nisbatan munosabat o‘zgardi

Batafsil o'qish:

Endi AQShdagilar tinchlik yo‘lidagi asosiy to‘siq – Zelenskiy emas deb o‘ylashmoqda.

Anna Moneymaker / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga nisbatan munosabatini o‘zgartira boshladi, deb yozadi Britaniyadagi Financial Times gazetasi 14 may kungi materialida.

7 may kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan tashqi siyosat forumida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensdan Ukraina haqida so‘rashganida, diplomatlar u odatdagidek Kiyevni tanqid qilishini kutishgan, ammo «mutlaqo boshqa gaplarni eshitishgan». Vens Rossiyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun qo‘ygan talablari haqida gapirib, shunday degandi: «Bizning fikrimizcha, ular juda ko‘p narsani so‘rashmoqda». Ertasi kuni Vens Fox News telekanaliga bergan intervyusida bu fikrni takrorladi va «Rossiya hali bosib olmagan hududini unga berishlariga umid qila olmasligi»ni qo‘shimcha qildi.

Gazetaning yozishicha, Amerika rasmiylari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan tobora ko‘proq toqatsizlik ko‘rsatmoqda, chunki «tinchlik yo‘lidagi eng katta to‘siq [Ukraina prezidenti Volodimir] Zelenskiy emas, balki Rossiya yetakchisi bo‘lishi mumkinligi haqida shubha kuchaymoqda». AQSh Putinni Rossiya-Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatishning asosiy to‘sig‘i deb hisoblay boshladi, chunki Rossiya prezidenti murosaga bormayapti, deb yozadi FT.

«Amerikaliklarda shunday oddiy g‘oya bor edi – keling, Rossiyani maftun qilaylik, Zelenskiyga bosim o‘tkazaylik va biz kelishuvga erishamiz. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyani maftun qilishning o‘zi yetarli emas ekan», – dedi nemis diplomati, Germaniyaning AQShdagi sobiq elchisi Volfgang Ishinger. U Vens Rossiya haqidagi fikrini o‘zgartirganidan, AQSh va Yevropa pozitsiyalari yaqinlashganidan xursandligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, Ishinger Amerika vitse-prezidenti «keyingi mantiqiy qadamni qo‘ymagani» va Rossiyaga nisbatan «murvatlarni burash» vaqti kelganini aytmaganiga ham e’tibor qaratadi.

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiyaning murosasizligi Donald Trampni g‘azablantirmoqda. «Uning so‘zlarida afsus sezilib turibdi. Ehtimol, u haddan tashqari ko‘p narsa bergani va evaziga hech narsa olmaganini tushunadi», – deydi AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol. O‘z navbatida, 2006-2009 yillarda AQShning Ukrainadagi elchisi bo‘lib ishlagan yana bir amerikalik diplomat Uilyam Teylor Tramp Putin «AQShning do‘sti emasligi»ni anglab yetdi deb hisoblaydi. «Unga ishonib bo‘lmaydi... u jiddiy muzokaralar olib bormayapti, degan tushuncha paydo bo‘lgan», – dedi Teylor.

«Tramp Putin hamkorlik qilishga tayyor emasligini aniq ko‘rmoqda. Ammo buning oqibati Putinga sezilarli bosim bo‘lishiga ishonchim komil emas», – deydi AQShning 46-prezidenti Jo Baydenning Milliy xavfsizlik kengashidagi Rossiya bo‘yicha bosh maslahatchisi lavozimida ishlagan Karnegi fondi xodimi Erik Grin.

AQSh va Ukraina munosabatlari fevral oyida Oq uyning Oval kabinetida ikki davlat prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida tortishuv bo‘lib o‘tganidan beri hozirgacha normallashdi. Financial Times munosabatlar qayta yo‘lga qo‘yilishiga tomonlar imzolagan foydali qazilmalar to‘g‘risidagi bitim ko‘p jihatdan yordam berganini qayd etadi. Ukraina rasmiylarig fikricha, kelishuv tufayli AQSh Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ehtimoli yuqori. «Endi Tramp o‘yinda», – deydi Ukraina rasmiylaridan biri.

Shu bilan birga, «Tramp haqiqatan ham Ukrainaga xayrixohlik bildira boshladimi yoki Rossiyani bo‘ysunmagani uchun jazolashga tayyorligini ko‘rsatmoqdami», deya savol qo‘yadi nashr. G‘arbning ko‘plab yetakchilari, shuningdek, Trampning maxsus vakili Kit Kellog Putinning Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish va harbiy harakatlarni to‘xtatmaslik taklifini tanqid qildi (G‘arb va Ukraina buni talab qilmoqda), ammo Tramp «Putinning gambitini yuqori baholadi».

Ekspertlar fikricha, Rossiya Tramp Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasida sabrini yo‘qotishini kutmoqda. «Putin uzoq davom etadigan o‘yin qiladi va vaqt uning tomonida deb hisoblaydi. U Trampning qiziqishi yo‘qolishini, amerikaliklar harbiy yordamni to‘xtatishini, buning natijasida Ukraina armiyasi zaiflashishini kutmoqda», – dedi AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol.

Boshqalar fikricha, so‘nggi haftalarda Trampning Ukrainadan voz kechish xavfi kamaygan. Tramp Ukraina muammosini oldindan hal qilmasdan turib, o‘zining asosiy maqsadlaridan biri – Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklashga erishishi qiyin bo‘ladi, dedi Xalqaro aloqalar kengashi xodimi va Milliy xavfsizlik kengashi apparatining Rossiya bo‘yicha sobiq katta direktori Tomas Grem. «O‘rtaga juda ko‘p narsa tikilgan. Ha, u Ukrainadan voz kechishi mumkin, ammo agar shunday qilsa, bu muvaffaqiyatsizlik bo‘lib ko‘rinadi», – deydi Grem.