Yevropa Kengashi «Putin uchun tribunal» tuzish jarayonini boshladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Tribunalni tuzish jarayonini boshqarish YeK bosh kotibi Alen Bersga topshirildi. Rasmiy jarayonlar 2025 yil oxiri - 2026 yil boshigacha yakunlanishi mumkin.
Foto: Reuters
Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatlari bo‘yicha Maxsus tribunalni tuzish jarayoni boshlanganini e’lon qildi.
«Putin uchun tribunal» norasmiy nomini olgan tribunalni tuzish borasidagi qaror 14 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qabul qilingan.
Tribunalni tuzish jarayonini boshqarish Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Bersga topshirilgan.
Deutsche Welle’ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, tribunalni tuzish bo‘yicha rasmiy jarayonlar 2025 yil oxiri — 2026 yil boshigacha yakunlanishi mumkin.
Aprel oyida tarkibidan qariyb 40 ta davlat, Yevrokomissiya, YeI va Yevropa Kengashi tashqi siyosiy xizmatlari o‘rin olgan Maxsus tribunalni tuzish bo‘yicha asosiy guruh tribunalning texnik loyihasi ustida ishlarni yakunlagani ma’lum bo‘lgandi.
Maxsus tribunal 20 nafar rossiyalik amaldorni javobgarlikka tortishni ko‘rib chiqmoqda. Aniq ro‘yxatni Kiyev tuzadi, ammo ushbu shaxslar o‘z lavozimiga bog‘liq (funksional) immunitetga ega va bu ularni himoya qilmaydi. Gap Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini rejalashtirish, tayyorlash, boshlash va amalga oshirishga mas’ul yuqori lavozimli siyosiy va harbiy rahbarlar haqida ketmoqda.
Avvaliga maxsus tribunal Rossiya prezidenti Vladimir Putin, bosh vazir Mixail Mishustin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kabi eng yuqori martabali shaxslarga ham tatbiq etilishi mumkinligi aytilgan edi. Biroq ular lavozimidan ketmaguncha sud qilinmaydi. Shunga qaramay, ular ustidan tergov olib borilishi va ayblov xulosasi tayyorlanishi mumkin. Boshqa bir manbaga ko‘ra, ularga qarshi ayblov va hibsga olish bo‘yicha order berish sud tomonidan faqat daxlsizlik olib tashlangandan keyin amalga oshiriladi. Putin, Mishustin va Lavrov ustidan sud jarayoni esa sirtdan o‘tkazilishi mumkin.