Istanbul muzokaralari. Bu amalga oshadimi? 15 mayga belgilangan uchrashuv haqida hozirgacha nimalar ma’lum?
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Unda kimlar qatnashadi va nimalar haqida gaplashadi?
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
15 may, payshanba kuni Istanbulda Rossiya-Ukraina muzokaralari boshlanishi kerak. Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan 14 may kuni uning formati «hali uzil-kesil belgilab olinmagani»ni aytgandi. Bu Moskva va Kiyev o‘rtasida 2022 yil bahoridan buyon ilk muzokaralar bo‘lishi kerak, o‘shanda tomonlar urushning dastlabki haftalarida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishishga urinishgandi. 2025 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bosimi ostida Rossiya va Ukraina muloqot boshladi — ammo hozirga qadar bu to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv shaklida bo‘lmadi: urushayotgan tomonlarning vakillari alohida xonalarda o‘tirib, amerikaliklar vositachiligida muzokaralar o‘tkazib keldi. Turkiyadagi muzokaralarga ham AQSh delegatsiyasi tashrif buyuradi — ammo hozircha ular rossiyaliklar va ukrainlar uchrashuvida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi hozircha aniq emas.
Muzokaralarga Rossiyadan kim kelishi — noma’lum. Asosiy savol — RF prezidenti Vladimir Putin kelish yoki kelmasligi ham. Kremldagilar ushbu savolga javob berishdan, shuningdek, delegatsiya a’zolari tarkibini oshkor qilishdan qat’iyan bosh tortmoqda. 13 may kungi brifingda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu haqda «prezident qachonki zarur deb hisoblaganda» e’lon qilinishini aytdi. Bir kun o‘tganidan keyin ham u «bu masalada hech qanday o‘zgarish yo‘qligi» va «hozircha [delegatsiya tarkibini ochiqlash] bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lmagani»ni ma’lum qildi.
The Washington Post nashri 13 may kuni kechqurun «Kremlning shaxsi sir qolishini so‘ragan sobiq yuqori martabali mulozimi»ga tayanib, Rossiya nomidan TIV rahbari Sergey Lavrov va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etishini ma’lum qildi, avvalroq bu haqda «Agenstvo» mustaqil nashri va Gulagu.net huquqni himoya qilish loyihasi o‘z manbalariga tayanib xabar bergandi. Ushakovning o‘zi 14 may kuni tushdan keyin Istanbuldagi muzokaralarda qatnashish-qatnashmasligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. «Kommersant» 14 may kuni kechqurun aniq manbani ko‘rsatmasdan Lavrov delegatsiyada bo‘lmasligini yozdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiyaga uchishi aniq – u Putin muzokaralar bo‘yicha o‘z taklifini aytishi bilanoq bu haqda ma’lum qilgandi. Ukraina prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish va «hammani hammaga» tamoyili bo‘yicha asirlar almashuvini muhokama qilmoqchi. Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiya tomonidan shaxsan gaplashishga tayyor bo‘lgan yagona odam Putin ekanini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Zelenskiy dastlab Istanbulga emas, Anqaraga uchadi, u yerda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashadi va Putindan xabar kutadi. «RF shaharlar bo‘yicha manipulyatsiya qilmasligi va Putin Anqaraga uchishga tayyor emasligi, faqat Istanbulga uchishini aytmasligi uchun men darhol shuni aytmoqchimanki, agar Putin Turkiya poytaxtiga emas, Istanbulga uchib kelsa, biz prezident Erdo‘g‘an bilan Istanbulga uchamiz», – dedi Zelenskiy.
Putin kelmasa, Zelenskiy o‘rniga ruslar bilan kim gaplashishi noma’lum. Hozirda Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Turkiyada bo‘lib turibdi – u NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etish uchun Antaliyaga uchib kelgan.
AQShdan Turkiyaga davlat kotibi Marko Rubio va prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff keladi, yana bir maxsus vakil Kit Kellog kelishi ham istisno etilmayapti. Rubio va Uitkoff Istanbulga 15 mayda emas, 16 may kuni kelishadi. Donald Tramp ham Istanbulga kelishga tayyorligini aytgandi. Ammo Kellogning aniqlik kiritishicha, bu faqat Putin u yerga kelgan taqdirdagina sodir bo‘ladi. Hozirda Tramp Yaqin Sharq bo‘ylab safar qilmoqda, safar 15 may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida yakunlanishi kerak. 14 may kuni AQSh prezidenti payshanba kuni «butunlay band» ekanini aytdi, ammo «insonlar hayotini saqlab qolish» uchun zarur bo‘lsa, ish taqvimini o‘zgartirishga tayyorligini ta’kidladi. U, shuningdek, Putin Turkiyaga kelishi yoki kelmasligini hali bilmasligini aytdi. «U mening o‘sha yerda bo‘lishimni istardi, shunday bo‘lishi ham mumkin... Men bo‘lmasam, u o‘sha yerda bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman. Biz bilib olamiz», – degan Tramp.
Bu muzokaralar qisqa vaqt ichida rejalashtirildi – may oyi boshida ham bunday rejalar haqida na Moskvada, na Kiyevda va na Vashingtonda ochiq gapirilgan. 8 may kuni, Ukraina Oliy Radasi AQSh bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qilganidan so‘ng, Tramp muzokaralarni boshlash uchun Rossiya va Ukraina o‘rtasida 30 kunlik otashkesim tashabbusi haqida yana bir bor eslatdi. Putin avvalroq bunday sulhga rozi ekanini aytgan, «lekin nyuanslar borligi»ni bildirib, amalda uzoq muddatli sulh taklifiga rad javobini bergandi. 11 may kuni Yevropa yetakchilarining Kiyevga tashrifidan so‘ng ular Ukraina bilan birgalikda Rossiyadan zudlik bilan sulhga rozi bo‘lishni talab qilib, aks holda navbatdagi qat’iy sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilishdi. Bir necha soatdan so‘ng, 11 mayga o‘tar kechasi Putin Ukrainaga Istanbulda muzokaralarni boshlashni taklif qildi (Rossiya tomoni ularni 2022 yilda to‘xtatilgan muzokaralarning davomi sifatida ko‘rsatmoqda). Shu bilan birga, Rossiya prezidenti muzokaralar vaqtida o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapirmadi.
2022 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya va Ukraina tinchlik kelishuviga erishishga yaqin kelgandi. Uning loyihasi 15 aprelda tuzilgan, lekin baribir imzolanmay qolgandi. Ikki yil o‘tib hujjat matni Amerika ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Hujjatda Ukrainaga NATOga qo‘shilishni taqiqlash va AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya xavfsizlik kafolatlari evaziga mamlakat qurolli kuchlarini qisqartirish ko‘zda tutilgandi. Ukrainadan Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarib olishga urinmaslik majburiyati, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR maqomi (o‘sha paytda ular hali Rossiya tomonidan anneksiya qilinmagan edi) esa Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi alohida muzokaralar mavzusi bo‘lishi kerak edi. Asosiy muzokaralar barbod bo‘lishidan biroz o‘tib, 2022 yil yozida tomonlar «g‘alla bitimi» bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi – bu Ukrainaga bir yil davomida Qora dengiz portlari orqali g‘allani erkin eksport qilish imkonini berdi. O‘sha kelishuvni Moskva va Kiyev bir-biri bilan emas, balki vositachilar – Turkiya va BMT bilan alohida imzolagandi.