softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Istanbulga borishni rad qilgan Putin, Trampning Qatardagi trillionlik kelishuvlari va G‘azodagi shifoxonaga zarba – kun dayjesti

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Istanbulga borishni rad qilgan Putin, Trampning Qatardagi trillionlik kelishuvlari va G‘azodagi shifoxonaga zarba – kun dayjesti

Batafsil o'qish:

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda shifoxonaga zarba: kamida 28 kishi halok bo‘ldi

Isroilning G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan Yevropa kasalxonasiga uyushtirgan havo hujumi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi. Bu haqda Hamas nazoratidagi Fuqarolik mudofaasi agentligi xabar berdi.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi G‘azodagi shifoxonaga oltita bomba tashlab, ichki hovli va unga tutash hududga zarba bergan.

Isroil mudofaa kuchlari «Hamas terrorchilarining qo‘mondonlik markazi»ga aniq zarba berganini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, markaz shifoxona ostida joylashtirilgandi.

Havo hujumi oqibatida jabrlanganlar orasida BBC bilan hamkorlik qilgan mahalliy jurnalist ham bor. Unga yordam ko‘rsatilgan, hozirda u barqaror holatda.

2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasining G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 52 928 nafarga yetdi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi bayonotiga ko‘ra, oxirgi 24 soat ichida sektordagi kasalxonalariga yana 20 nafar halok bo‘lganlarning jasadlari hamda 125 nafar yarador kishi olib kelingan.

Makron Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qildi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yaqin kunlarda Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa va unga rioya qilmasa, unga nisbatan sanksiyalar joriy etilishini aytdi. Fransiya rahbarining so‘zlarini La Repubblica keltirmoqda.

Makron Rossiyaga qarshi allaqachon «bir necha o‘nlab» sanksiyalar paketi joriy qilinganini ta’kidlab, «AQSh bilan kelishilgan holda, yaqin kunlarda Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamoqchimiz», dedi.

Shu bilan birga, u muzlatilgan Rossiya aktivlarining xatlovga olinishiga qarshi chiqdi va buning uchun hech qanday «huquqiy baza» yo‘qligini ta’kidladi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida 15 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarni sharhlar ekan, u «Ukrainada xavfsizligimiz o‘rtaga tikilgan. Biz quruqlikda, dengizda va havoda 30 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatishni istaymiz», deb ta’kidladi.

Putin Istanbulga boradigan delegatsiya tarkibiga kirmadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Ukraina bilan muzokaralar uchun Rossiya delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi. Tegishli farmon matni Kreml rasmiy saytida e’lon qilindi.

Prezident farmoniga ko‘ra, muzokaralar guruhiga quyidagilar kiritilgan:

  • Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy (delegatsiya rahbari),
  • Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin,
  • Qurolli Kuchlar Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov,
  • Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin.

Bundan tashqari, farmonda Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etuvchi ekspertlar tarkibi ham belgilandi. Ekspertlar guruhiga administratsiya, TIV va mudofaa vazirligining ikkinchi yoki uchinchi darajalari rahbar xodimlari kiritilgan.

Rossiya tomoni Putinning o‘zi kutilayotgan muzokaralarga hatto Tashqi ishlar vaziri Lavrovni ham yubormayapti. Vladimir Putin Ukrainadagi tinchlik muzokaralariga bormasligi ehtimolga yaqin bo‘lib turibdi. Putinning Istanbulga kelmasligini, shuningdek Reuters agentligi ham Tramp ma’muriyatidagi manbaga tayanib e’lon qildi.

Avvalroq Volodimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiyaga borib, Anqarada Putinni kutishini aytgan edi. Bundan tashqari, Tramp ham 15 may tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Istanbulga borishini ham istisno qilmagan.

Saudiya ortidan Qatar: Tramp trillion dollarlik kelishuv imzolaganini aytdi

AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqdagi turnesi davom etmoqda. U 14 may kuni 600 milliard dollarlik kelishuvlar bilan Saudiya safarini yakunlab, Qatarga keldi.

Donald Tramp Qatar hukumati tomonidan hadya qilinayotgan 400 million dollarlik hashamatli samolyot yuzasidan kuchli tanqidlarni e’tiborsiz qoldirgan. Bundan tashqari Qatar uchun 210 ta samolyot yetkazib berishga qaratilgan Boeing bilan qariyb 100 milliard dollarlik yirik shartnoma tuzilganini e’lon qildi. Bu Boeing kompaniyasi tarixidagi eng yirik keng-fyuzelyajli samolyotlar buyurtmasidir. Oq uyga ko‘ra, bu aviatsiya shartnomasi har yili AQShda 154 ming ish o‘rnini ta’minlaydi. Biroq bu raqamlarning qanday hisoblanganiga aniqlik kiritilmagan.

Trampning aytishicha, Qatar tomonidan taklif etilgan Boeing 747-8 samolyoti (prezidentlik samolyoti sifatida foydalanish uchun) rad etib bo‘lmas darajadagi taklif bo‘lgan. U hozirgi prezident samolyotidan noroziligini bildirgan.

«Uchayotgan samolyotingizga qarang – u deyarli 40 yillik», degan Tramp Fox News boshlovchisi bilan prezident samolyotida bo‘lib o‘tgan intervyusida. «Qachon Saudiya Arabistoni, BAA yoki Qatarga tushsangiz, ularni zamonaviy Boeing 747 larda ko‘rasiz. Bizning samolyot esa uning yonida tursa, go‘yoki boshqa bir davrga tegishli mashina», degan u.

Oq uy matbuot xizmati esa Doxada Donald Tramp Qatar bilan qiymati kamida 1,2 trillion dollarlik iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutuvchi bitimni imzolaganini ta’kidlagan. Qatarda tuzilgan asosiy yirik bitimlar qatoriga, shuningdek muhandislik va kvant texnologiyalar sohasi, dronlar va dronlarga qarshi kurash bo‘yicha yirik mudofaa bitimlari, energetika va AQSh bizneslariga yirik investitsiyalar kiritish kiradi.

Yana bir qo‘shimcha, Trampning Saudiyaga safari davomida Suriyaning prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ar-Riyoddagi qisqa tadbirda AQSh va Suriya yetakchilaridan tashqari, Muhammad bin Salmon, shuningdek onlayn tarzda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qatnashgan.

Tramp AQSh tomonidan Suriyaga nisbatan barcha sanksiyalar bekor qilinganini bildirgan. Ayni vaqtda AQSh Damashq bilan aloqalarni normallashtirishni o‘rganmoqda.

«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi

Urugvayning sobiq prezidenti, El Pepe nomi bilan ham tanilgan Xose Muxika 90 yoshga to‘lishidan bir necha hafta oldin saraton kasalligidan vafot etdi. U yo eng kambag‘al yoki eng saxovatli davlat rahbari sifatida esda qolgan.

Siyosatchining o‘limi haqida Urugvayning amaldagi prezidenti ma’lum qildi. Muxika kasallik haqida 2024 yilda bilgan va 2025 yil boshida metastazlar tufayli davolanishni to‘xtatayotganini e’lon qilgan. U, prezidentlik davrida bo‘lgani kabi, fermada yashagan va hech qanday dabdabaga yo‘l qo‘ymagan.

Xose Muxika 2009 yilda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. U deyarli butun maoshini xayriyaga bergan, hech qachon prezident saroyida yashamagan va eski mashinadan boshqa mulkiga ega bo‘lmagan. Uning rahbarlik qilgan davrida mamlakatda kambag‘allar soni kamaydi va yalpi ichki mahsulot oshdi.

Muddati tugagach, u Senatda ishlashga qaytdi, keyin nafaqaga chiqdi va oshirilgan to‘lovlardan bosh tortdi.

Kellog: AQSh Ukrainada Yevropa kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqda

Qo‘shma Shtatlar Rossiya-Ukraina urushini potensial tartibga solish doirasida Dnipro daryosi g‘arbida Yevropa tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, missiyaga Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polshadan harbiy xizmatchilar jalb etilishi mumkin.

«Biz chidamlilik kuchi (resilience force) haqida gapiryapmiz. Bu E3 deb ataladigan narsa, lekin inglizlar, fransuzlar va nemislar haqida gap ketganda, bu aslida E4. Va polyaklar. Dnipro daryosining g‘arbiy qismidagi kuch, bu uning aloqa zonasidan chiqib ketganligini anglatadi», dedi Kellog.

Uning ta’kidlashicha, AQSh birinchi navbatda «to‘liq sulh» tarafdori. Shundan so‘nggina tomonlar boshqa masalalarni — alohida hududlar maqomi, Zaporijjya AES, bolalarning qaytishi va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish istiqbollari muhokama qilinishi kerak.

Rossiyada migrant bolalarning 81 foizi rus tili imtihoniga kiritilmadi

Rossiya hukumati migrant bolalarning rus tili imtihonida qatnashish uchun yuborgan arizalari aksariyatini rad etdi, deb xabar berdi Ta’lim va fan sohasida nazorat bo‘yicha Federal xizmat.

Rus maktablariga kirish va o‘qishni davom ettirishni rejalashtirayotgan voyaga yetmagan chet el fuqarolari uchun rus tilini bilish darajasini aniqlash testi 2025 yil 1 apreldan boshlab joriy qilingan edi.

«Test sinovlari boshlanishida 1762 ta ariza topshirilgan. Ularning 81 foizi rad etilgan. Rad etish sabablariga hujjatlar to‘plamining to‘liq bo‘lmaganligi, ta’lim muassasalarida o‘rin yo‘qligi va taqdim etilgan hujjatlardagi noto‘g‘ri ma’lumotlar kiradi», deyiladi Rosobrnadzor xabarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 335 nafar bolaga test sinovida ishtirok etishga ruxsat berilgan, shundan 44 nafari test topshirgan va 27 nafari yoki 61 foizi topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajargan.