AQSh Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqda. Bu nima uchun muhim?
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
AQSh prezidenti Donald Tramp Ar-Riyodda Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi. AQSh va Suriya rahbarlari o‘rtasida 2000 yildan beri o‘tkazilgan birinchi muloqot – Tramp Suriyadan sanksiyalar olib tashlanganini e’lon qilgan kunning ertasiga bo‘lib o‘tdi.
Foto: Bandar Al-Jaloud/Saudi Royal Palace/AFP/Getty Images
Ar-Riyoddagi uchrashuv
Trampning ash-Shara’a bilan uchrashuvi haqida 13 may kuni kechqurun ma’lum bo‘ldi. AQSh prezidentining Suriyadan sanksiyalarni olib tashlash haqidagi kutilmagan bayonotidan ko‘p o‘tmay, Oq uy Tramp ikki yetakchi ertasi kuni Saudiya Arabistoniga borganida al-Shar’a bilan «salomlashish»ga rozi bo‘lgani haqida xabar berdi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad ibn Salmon Ol Saud ham qatnashgan uchrashuv bir yarim soatdan oshiq vaqt davom etgan.
Turkiyadagi Andalou agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvga videoaloqa orqali Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qo‘shilgan.
Oq uydagilar xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Tramp Suriya prezidentiga «o‘z mamlakatida tarixiy nimadir qilish uchun ulkan imkoniyati borligi»ni aytgan. U ash-Shar’adan «xorijiy terrorchilarga Suriyani tark etishni buyurishni, falastinlik terrorchilarni deportatsiya qilishni, AQShga IShIDning qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikda yordam berishni, shuningdek, Suriya shimoli-sharqidagi IShID jangarilarini saqlash markazlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish»ni so‘ragan.
Tramp, shuningdek, Suriya yetakchisini Isroil va bir qator arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan shartnomalar – «Ibrohim kelishuvlari»ni imzolashga chaqirgan. Isroil 2020-2021 yillarda ushbu tashabbus doirasida BAA, Bahrayn va Marokash bilan bitimlar imzolagandi.
Ash-Shar’a esa Vashington va Damashq terrorizmga qarshi kurash va kimyoviy qurollarni yo‘q qilishda umumiy manfaatlarga egaligini tasdiqladi. U Suriya sharq va g‘arb o‘rtasidagi savdoda muhim bo‘g‘inga aylanishiga umid bildirgan, shuningdek, Amerika kompaniyalarini Suriya nefti va gaziga sarmoya kiritishga chaqirgan.
CNN manbasi uchrashuv «yuqori darajadagi ijobiy kayfiyatda o‘tgani»ni ta’kidlagan.
The Times nashri davlat rahbarlari uchrashuvidan oldin Ahmad ash-Shar’aning Trampdan Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni so‘ragani, buning evaziga esa AQShga Suriyaning tabiiy resurslaridan foydalanish imkoni berilishini taklif qilgani haqida yozgandi. Nashr bu kelishuv xuddi AQShning Ukraina bilan tuzilgan tabiiy resurslar bitimiga o‘xshashligini qayd etgan. Shuningdek, Ahmad ash-Shar’a Damashq shahrida Trump Tower qurish taklifini aytgani ham xabar qilingan.
Reuters Suriyani jahon moliya tizimidan uzib qo‘ygan AQSh sanksiyalari bekor qilinishi – mamlakatda faoliyat yuritayotgan gumanitar tashkilotlarning yanada faollashuviga, shuningdek, xorijiy investitsiyalar va savdoni qayta tiklashga imkon berishini ta’kidlagan.
Bu uchrashuv nimasi bilan muhim?
BBC fors xizmati muxbiri Hashayar Junaydi Donald Trampning Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashuvi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmonning Yaqin Sharq kelajagi haqidagi tasavvurini mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat deb hisoblaydi.
Suriyada Bashar Asad rejimining qulashi Eron Islom Respublikasi uchun jiddiy mag‘lubiyat bo‘ldi va shu bilan birga Saudiya Arabistoniga Eronning arab dunyosidagi ta’sirini cheklash imkoniyatini berdi.
Biroq, Asadning hokimiyatdan chetlatilishi Saudiya Arabistoni va Turkiyaning Suriyadagi mavqeyini mustahkamlash uchun yetarli emas.
Ikkala davlatga ham ash-Shar’a boshchiligidagi barqaror hukumat kerak. Xavfsizlikni tiklash, iqtisodiy tiklanishga hissa qo‘shish va urush paytida vayron bo‘lgan mamlakatni qayta qurish bo‘yicha sa’y-harakatlarga rahbarlik qila oladigan hukumat.
AQSh 50 yil oldin Suriyaga nisbatan joriy etgan sanksiyalar bekor qilinishi Saudiya Arabistoni va Turkiyaning Suriyaga katta miqdorda sarmoya kiritishiga yo‘l ochadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni Muhammad ibn Salmon va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an so‘ragan.
Sanksiyalar bekor qilinishidan AQSh kompaniyalari, ayniqsa energetika sohasidagi kompaniyalar ham yutishi kutilmoqda.
Trampning ash-Shar’a bilan uchrashuvi «Al-Qoida»ga aloqadorligi uchun tanqidga uchragan, ilgari Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusi bilan tanilgan shaxsga xalqaro legitimlik berishda ham muhim rol o‘ynaydi.
AQSh va Suriya munosabatlari tarixi
AQSh Suriyaga nisbatan sanksiyalarni 1970-yillardayoq joriy qilgan edi. 1979 yilda Yaqin Sharq mamlakati «terrorizmga homiylik qiluvchi davlat» deb tan olingan, bu esa bir qator moliyaviy cheklovlar va qurol-yarog‘ yetkazib berishni taqiqlashni anglatardi.
AQSh prezidenti oxirgi marta Suriya prezidenti bilan 2000 yilda uchrashgan: o‘shanda Bill Klinton Jyenevada Bashar Asadning otasi Hafiz Asadni Isroil bilan urushni to‘xtatishga ko‘ndirishga uringandi.
Suriyaga Bashar Asad rahbarlik qilgan davrda esa Vashington sanksiyalarni yanada kuchaytiradi. AQSh 2004 va 2011 yillarda qator moliyaviy sanksiyalarni joriy qiladi. Xususan, AQShdan Suriyaga eksport cheklanadi, Amerika kompaniyalarining Suriyada faoliyat yuritishi ham taqiqlanadi, Suriyaga tegishli aktivlar muzlatiladi. Prezident Barak Obama davrida esa Bashar Asad va uning oila a’zolariga ham sanksiyalar joriy qilinadi. AQSh Suriyadan neft importini ham taqiqlagan.
Associated Press xabariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu aprel oyida Vashingtonga tashrifi chog‘ida Trampdan Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatmaslikni so‘ragan.
Shunga qaramay, 13 may kuni Tramp Damashqdan sanksiyalarni olish niyati haqida e’lon qildi.
«Men Suriyaga buyuk bo‘lish imkonini berish maqsadida unga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish haqida buyruq beraman. Ularning porlash vaqti keldi. Biz barcha sanksiyalarni olib tashlaymiz. Omad, Suriya, bizga o‘zgacha nimadir o‘zgacha narsani ko‘rsat», – dedi Tramp 13 may kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida so‘zlagan nutqida.
Rasmiy Damashq Trampning sanksiyalarni bekor qilish haqidagi bayonotini olqishladi. Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi «Suriya xalqi uchun iqtisodiy barqarorlik va ko‘p yillik halokatli urushdan keyin haqiqiy tiklanish yo‘lidagi taraqqiyotimizdagi hal qiluvchi burilish nuqtasidir», dedi Suriya tashqi ishlar vaziri Asaad al-Shayboniy Sana Suriya davlat axborot agentligi bilan suhbatda.
Suriya aholisi ham bu xabarni xursandchilik bilan qarshi oldi. Guvohlarning jurnalistlarga aytishicha, suriyaliklar Damashq, Homs va boshqa shaharlarda ko‘chalarga chiqqan. Ko‘chalar bo‘ylab avtomashinalar kolonnalari o‘tgan, haydovchilar signal bergan, yo‘lovchilar davlat bayroqlarini hilpiratgan.
«Sanksiyalarning olib tashlanishi Suriyani vayron bo‘lish yo‘liga olib kelgan avvalgi rejim ustidan ikkinchi g‘alabadir», – dedi Damashqda yashovchilardan biri.
Trampning Ar-Riyoddagi chiqishidan so‘ng AQSh moliya vaziri Skott Bessent Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Moliya vazirligi Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish va uning tinchlikka tomon harakatlanishiga ko‘maklashish maqsadida sanksiyalarni yumshatish ustida ishlamoqda», – deya yozdi Skott Bessent X tarmog‘ida.
Hozircha Trampning bayonoti barcha sanksiyalarni qamrab oladimi yoki faqat 2011 yilda kiritilgan oxirgi sanksiyalarga tegishli bo‘ladimi, bunisi aniq emas. Biroq mutaxassislar AQShning bu harakatini mamlakat siyosatidagi jiddiy o‘zgarish sifatida baholamoqda.