softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Agar Putin kelmagan bo‘lsa, demak, Istanbulda qiladigan ishim yo‘q – Zelenskiy

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Agar Putin kelmagan bo‘lsa, demak, Istanbulda qiladigan ishim yo‘q – Zelenskiy

Batafsil o'qish:

Ukraina rahbari muzokara o‘tkazish uchun Rossiya prezidenti orqasidan butun dunyo bo‘ylab quvib yurolmasligini aytdi.

Foto: Hakan Nural/Anadolu via Getty Images

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya poytaxti Anqara shahrida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. So‘ngra jurnalistlar oldida chiqish qilib, Rossiya bilan o‘tkaziladigan muzokaralar, prezident Vladimir Putinning Istanbulga kelmagani haqidagi fikrlarini aytdi. Meduza uning so‘zlaridan asosiy iqtiboslarni keltirdi.

«Rossiyaning muzokaralardagi delegatsiyasi darajasi ancha past. Ammo Tramp va Erdo‘g‘anga hurmat ko‘rsatib, urushni tugatish yo‘lida hech bo‘lmaganda dastlabki qadamlarga erishish uchun Ukraina delegatsiyasini Istanbulga yuborishga qaror qildim.

Agar Putin kelmagan bo‘lsa, unda mening Istanbulda qiladigan ishim yo‘q, SBU rahbari va Bosh shtab boshlig‘ining ham. Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qiladi. Uning birinchi raqamli mandati - o‘t ochishni to‘xtatish. Muzokaralar muvaffaqiyatiga shubha qilaman, lekin umid qilamanki, rossiyaliklar hech bo‘lmaganda nimanidir taklif qiladi.

Ukraina delegatsiyasi ertaga qadar Istanbulda qoladi va Amerika tomoni bilan ham uchrashuv o‘tkazadi. Agar bugungi kunda so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga texnik guruhlar darajasida, yetakchilarsiz erishish mumkin bo‘lsa, gap yo‘q, uchrashishga hojat ham yo‘q.

Agar Rossiyadan hech qanday sharsiz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv faqat davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lishi mumkinligi haqida signal kelsa, men shu yerdaman. Agar Putin muzokaraga tayyor bo‘lsa, hech qanday sharsiz uchrashaylik. Biz butun dunyo bo‘ylab uning orqasidan quvib yurolmaymiz. Putin yetakchilikni namoyon qilishi kerak. Agar Rossiya urushni tugatishga chinakam tayyorligini namoyish qilmasa, Ukraina AQSh, Yevropa Ittifoqi va global Janub davlatlaridan Moskvaga nisbatan keskin sanksiyalar qo‘llashni so‘raydi. Delegatsiyamiz allaqachon Anqaradan Istanbulga jo‘nab ketgan», dedi Zelenskiy.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Istanbuldagi muzokaralarga bormasligi ma’lum bo‘lgan edi. Rossiya delegatsiyasiga Putinning yordamchisi, tarixchi Vladimir Medinskiy rahbar etib tayinlandi.

BBC xabariga ko‘ra, Zelenskiy Ukraina va Rossiya tomonlari o‘rtasidagi uchrashuv sanalari tasdiqlanmagani, u bugun yoki ertaga bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish uchun Qrimdan voz kechishni rad etdi. «Vaqtinchalik bosib olingan hududlarni Rossiya hududi deb tan olmaymiz», dedi u.

Shu bilan birga, Ukraina rahbari Rossiyaga qarshi bosim va sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.

«Bosim faqat bitta yo‘nalishda bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun biz Rossiyaga Yevropa, AQSh va boshqa davlatlar tomonidan hech bo‘lmaganda sanksiya shaklida bosim ko‘rishni istaymiz», – dedi u.