Shanxayda boladagi sirli toshma sabab uning oilasi samolyotga chiqarilmadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Shifokorlar tekshiruvi davomida u toshma emas, balki chivin yoki qandala chaqishidan qolgan izlar ekani ma’lum bo‘lgan. Endi oila British Airways aviakompaniyasidan 3 ming funt talab qilmoqda.
Foto: Shutterstock
Shanxayda oila farzandida noodatiy toshma borligi sabab British Airways reysiga chiqarilmadi. Endi oila aviakompaniyadan chipta uchun sarflangan pullar qaytarilishini talab qilmoqda.
Bolaning otasi — Arturning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya xodimlari uni rafiqasi hamda o‘g‘li Jozef bilan birga shifokor ko‘rigisiz reysga chiqarishdan bosh tortgan. Erkak Jozef sog‘lom ekani, ammo uni mehmonxonada qandala yoki chivinlar chaqqan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
«Bu shunchaki shishgan chaqishlar edi. Ro‘yxatga olish joyida chaqishlardan qolgan izlarni ko‘rib, ko‘plab savollar berishdi va biz ularga Jozefning yeryong‘oqqa yengil allergiyasi haqida gapirib berdik», — deydi Artur.
Keyinroq shifokor parvozga chiqarilmaslikka sabab bo‘lgan toshmalar shunchaki hasharotlar chaqishidan qolgan iz ekanini tan olib, uni antigistamin dori vositalari bilan davolash mumkinligini ta’kidlagan. Ammo British Airways o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishni istamagan.
«Biz yo‘lovchilarimiz xavfsizligi va farovonligiga juda jiddiy qaraymiz, bunday muammolar paydo bo‘lganda esa ularni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz», — deyiladi aviakompaniya xabarida.
Endilikda oila British Airways’dan amalga oshmagan reys chiptalari uchun sarflangan 3 ming funt sterling qaytarlishini talab qilmoqda. Aviakompaniya mijozlarga chiptani boshqa reysga band qilish taklifini bergan, ammo er-xotin oilaviy marosimlari borligi sabab shu kuniyoq boshqa aviakompaniyadan yangi chiptalar xarid qilishga majbur bo‘lgan.