“Chegarada harbiy istehkom qurdik” – Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik jazoga tortildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Past Darg‘om tumanida yashovchi fuqaro Rossiya-Ukraina urushida qatnashib, jang maydonida harbiy istehkom qurish ishlariga jalb etilgan. U Rossiyada bo‘lish guvohnomasining amal qilish muddati o‘tgani sababli hibsda saqlangan. So‘ngra jazo berilmasligi evaziga Rossiya qurolli kuchlari tarkibida harbiy xizmat qilishga rozi bo‘lgan.
Foto: Reuters
Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan T.R. Rossiya armiyasiga yollangani uchun jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, T.R. 2021 yil may oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan. 2024 yil yanvar oyida Rossiya Federatsiyasida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan T.R. ushbu davlatda bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan.
T.R. o‘ziga nisbatan qonuniy chora ko‘rilmasligi uchun unga bildirilgan taklif – Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishga rozi bo‘lgan va Rossiya armiyasiga yollangan. U doimiy joylashuv manzili Leningrad oblatining Viborg rayoni, Kamenka posyolkasida bo‘lgan harbiy qismda xizmat qilib, frontda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda faol ishtirok etgan. Ya’ni front chizig‘i yaqinida harbiy istehkomlar (blindaj) qurish ishlariga jalb qilingan.
T.R. 2025 yil 10 yanvar kuni «G‘ishtko‘prik» chegara nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.
T.R. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va jazoga tortilmaslik uchun bu taklifga rozi bo‘lganini aytgan.
“2010 yildan hozirga qadar Rossiyaga borib, qurilish ishlarida ishlab kelaman. 2021 yil 1 may kuni Samarqand xalqaro aeroporti orqali Moskvaga, so‘ngra u yerdan taksida Sankt-Peterburg shahriga bordim. Mahalliy aholining xonadonlari va dachalarida qurilish ishlarida ishlab yurdim. 2024 yil 22 yanvar kuni Gadchina tumanidagi rus oilasiga tegishli xonadonlarning birida ishlayotganimda 2 nafar militsiya xodimi kelib, meni so‘roq qilishdi. Rossiyada bo‘lish guvohnomamning amal qilish muddati o‘tgani sababli militsiya bo‘limiga olib borib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirishdi. 2024 yil 22 mart kuniga qadar ushbu hibsxonada saqlandim.
Jazoni o‘tashim davomida militsiya xodimlari men bilan bir necha marta suhbat o‘tkazishdi. Menga katta miqdorda maosh evaziga Rossiya qurolli kuchlariga harbiy xizmatga kirib, Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishni, buning evaziga Rossiya fuqaroligini berishni taklif qilishdi. Majburlikdan ushbu taklifga rozi bo‘ldim.
Bir yillik harbiy xizmat shartnomasiga imzo chekdim. Shundan so‘ng, meni Leningrad viloyati Viborg tumani Kamenka posyolkasida joylashgan harbiy qismga olib ketishdi”, degan suddagi ko‘rsatmasida T.R.
Shuningdek, u ularni harbiy qismdan 2-3 km uzoqlikdagi o‘rmonga olib borishgani, u yerda vaqtinchalik yerosti himoya istehkomlarini qurishganini bildirgan. Sog‘ligidagi muammo tufayli Sankt-Peterburg shahriga harbiy poliklinikaga olib borilgani, so‘ngra O‘zbekistonga qaytganini aytgan.
Sud hukmi bilan T.R. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Avvalroq o‘z ko‘rsatmasida o‘ndan ortiq ukrain askarini o‘ldirganini aytgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qilgani xabar qilingandi.