Rossiyada migrant yigit yonayotgan kvartiradan uch bolani qutqardi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Said ismli taksi haydovchisi ikkilanib qolmasdan jasorat ko‘rsatdi.
Rossiyaning Sverdlovsk oblasti, Berezovskiy shahrida markaziy osiyolik taksi haydovchisi uch nafar bolani yonayotgan kvartiradan qutqarib qoldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u birinchi qavatdagi tutun chiqayotgan derazadan uyga kirgan.
«Bu odam birinchi bo‘lib olovga sakradi va uch nafar kichkina bolani qutqardi. Uning ismi Said. Unga katta rahmat. Shunday odamlar bor ekan, bunday qahramonliklar davom etadi», dedi voqea guvohi.
Saidning aytishicha, u dorixonadan chiqqanida bolalarning qichqirig‘ini eshitgan va darhol yordamga shoshilgan. Unga ikkinchi qavatdagi qo‘shni ham yordam bergan.
Said o‘zi ham ota ekanini, vatanida 5 yoshli o‘g‘li borligini, shu tufayli bolalarni yordamsiz qoldira olmaganini aytdi.
Qayd qilinishicha, bolalarning onasi zudlik bilan ishga chaqirilgani tufayli, ularni yolg‘iz qoldirib ketgan. Keyinchalik uyda yong‘in boshlangan.
«Men Saiddan juda minnatdorman, men bu odamni hech qachon ko‘rmaganman. U ikkinchi qavatdagi qo‘shni bilan bolalarimni qutqarib qoldi. Ular ikki bolamni derazadan tortib olishdi, lekin uch yoshli kichkina bolani topa olishmadi. Keyin ichkariga kirib, uni ham tashqariga chiqarishdi», dedi Yelena, bolalarning onasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in katta ehtimol bilan qisqa tutashuv tufayli boshlangan.
Qayd qilinishicha, kvartira kapital ta’mirlashga muhtojligi tufayli, Berezovskiyda yong‘indan jabrlangan oila uchun pul yig‘ish jarayoni e’lon qilindi.