Fransiya Janubiy Amerika junglilarida qattiq tartibli qamoqxona quradi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Loyiha qiymati 400 mln funtga baholanmoqda. Qamoqxona ilk mahbuslarni 2028 yildan boshlab qabul qiladi.
Foto: Reuters
Eng xavfli jinoyatchilar, jumladan, giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchilar uchun Fransiya Gvianasidagi junglilarda qattiq tartibli qamoqxona quriladi. Bu haqda Fransiya adliya vaziri Jyerald Darmanen ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona Gviana shimolidagi Sen-Loran-dyu-Maroni komunnasida joylashadi va ilk mahbuslarni 2028 yildan boshlab qabul qiladi. Loyiha qiymati 400 million funtga baholanmoqda.
«Mening strategiyam sodda — barcha darajadagi uyushgan jinoyatchilikka zarba berish», — deydi Darmanen nima uchun Gvianada qamoqxona qurilishini tushuntirar ekan.
Vazirning aytishicha, u yerdan Fransiyaga giyohvand moddalar yetkaziladigan yo‘nalish boshlanadi. 500 nafar mahbusga mo‘ljallangan qamoqxonada o‘ta qattiq rejimli 50 ta o‘rin bo‘ladi va bundan maqsad — narkobiznes bilan shug‘ullanayotgan xavfli jinoyatchilarni yakkalashdir.
Qamoqxona rejimi doirasida muntazam tintuvlar o‘tkaziladi, elektron kuzatuv amalga oshiriladi, sayrlarga deyarli chiqilmaydi. Fransiya Gvianasi Fransiyaning Janubiy Amerikadagi departamenti bo‘lib, u jinoyatchilik darajasi yuqoriligi bilan tanilgan. 2024 yilda u yerda rekord darajada qotillik sodir etilgan: har 100 ming kishiga 20,6 nafar. Fransiyada ushbu ko‘rsatkich, har 100 ming kishiga 1,5 nafarni tashkil etadi.