Telegram asoschisi Ruminiyada senzura joriy etishdan bosh tortdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
«G‘arbiy Yevropa hukumatlari» Ruminiyadagi prezidentlik saylovlari oldidan Telegramʼdan «konservativ ovozlarni o‘chirishni» so‘radi, dedi Pavel Durov. U talabni bajarishni «qat’iy rad etdi».
Foto: Telegram / durov
Telegram asoschisi Pavel Durov G‘arbiy Yevropa davlatlaridan birining 18 may, yakshanba kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tgan Ruminiyada «konservativ ovozlarni o‘chirish» haqidagi iltimosini rad etganini aytdi.
«G‘arbiy Yevropa hukumati (o‘ylab ko‘ring, qaysi biri) bugungi prezidentlik saylovlari oldidan Ruminiyadagi konservativ ovozlarni o‘chirishni Telegramʼdan so‘radi. Men qat’iyan rad etdim. Telegram ruminiyalik foydalanuvchilarning erkinliklarini cheklamaydi va ularning siyosiy kanallarini bloklamaydi», — deb yozdi messenjer yaratuvchisi o‘zining Telegram-kanalida.
Durov qaysi hukumat haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq «o‘ylab ko‘ring, qaysi biri» so‘zlarini baget shaklidagi emodzi bilan tasvirladi, buni Fransiyaga ishora sifatida talqin qilish mumkin. Keyinchalik tadbirkorning aytishicha, shu yilning bahorida u Fransiya Tashqi razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Nikolya Lernerning «saylovlar oldidan Ruminiyada konservativ ovozlarni taqiqlash» haqidagi iltimosini rad etgan.
«Demokratiyani yo‘q qilish orqali «demokratiyani himoya qilish»mumkin emas. Saylovlarga aralashish orqali «saylov aralashuviga qarshi» kurasha olmaysiz. Sizda so‘z erkinligi va adolatli saylovlar yoki bor, yoki yo‘q. Ruminiya xalqi esa ikkalasiga ham munosib», — deya ta’kidladi u.