Rossiyadagi migratsiya markazida vafot etgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekani rad etildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Moskvada joylashgan «Saxarovo» migratsiya markazida hujjat rasmiylashtirish vaqtida bir fuqaro vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda u o‘zbekistonlik bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi vafot etgan shaxs Tojikiston fuqarosi ekanini aniqladi.
Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi Moskva shahrida joylashgan migratsiya markazida vafot etgan fuqaro yuzasidan ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida Moskva shahrida joylashgan «Saxarovo» migratsiya markazida xorijiy fuqaroning vafoti haqida turli xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi mazkur holat yuzasidan aniqlash ishlarini olib bordi va rasmiy ma’lumotlarni jamladi.
Qayd etilishicha, 2025 yil 15 may kuni «Saxarovo» migratsiya markazida hujjat rasmiylashtirish uchun navbatda turgan fuqaro o‘zini noxush his qilgan va unda to‘satdan yurak xuruji ro‘y bergan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u vafot etgan.
Olib borilgan tekshiruvlar natijasida marhum Tojikiston fuqarosi ekani aniqlangan. Bu ma’lumot rasman Tojikistonning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatli organlari tomonidan ham tasdiqlangan.
«Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Rossiyaning tegishli idoralari tomonidan huquqiy tekshiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin muhojirlardan 30 aprelgacha o‘z maqomini qonuniylashtirish yoki mamlakatni tark etishni talab qiluvchi farmonni imzolagandi. Hujjat Rossiyaning o‘tgan bahorda boshlangan migratsiya siyosatining keskinlashuvi oqibati bo‘lgan. Keyinroq Putin mehnat muhojirlari uchun o‘z maqomini qonuniylashtirish muddatini uzaytirdi.
5 fevraldan Rossiyada chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborishning alohida rejimi ishga tushgan — endi deportatsiya to‘g‘risidagi qarorni hududiy va transport politsiyasi bo‘linmalari boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining migratsiya xizmatlari boshliqlari qabul qilishi mumkin.