Zelenskiyning Trampni og‘dirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi – OAV
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Amerika yetakchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamon ijobiy munosabatda.
Foto: Getty images
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yumshoqroq yondashish orqali AQSh prezidenti Donald Trampni o‘z tarafiga og‘dirishga harakat qilmoqda. Biroq, bu vazifa imkonsiz bo‘lishi mumkin, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ).
Qayd etilishicha, Zelenskiy allaqachon Tramp taklif qilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan, shuningdek, AQSh bilan mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolagan. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Turkiyaga bordi, ammo Putin uchrashuvga kelmadi.
Hatto bu yondashuv Zelenskiyga deyarli hech narsa keltirmadi, deb hisoblaydi nashr. Putin bilan kechagi suhbatdan so‘ng Tramp yana Kreml rahbari tomonidan urushni tugatish bo‘yicha taklif qilingan harakatlar ketma-ketligiga o‘tdi, shuningdek, Moskvaga nisbatan o‘z pozitsiyasini yumshatdi.
Nashrning eslatishicha, Putin 30 kunlik sulh bitimini imzolashdan bosh tortganida, Tramp avval tahdid qilganidek, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritmadi. Buning o‘rniga AQSh prezidenti yana bir bor Ukraina va Rossiya o‘zaro muzokara olib borishi kerakligini aytdi.
Avvalroq, Tramp Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashganida, uning Rossiya urushni tugatmoqchi emasligi haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirgan edi. Endi esa o‘zi Putinning o‘t ochishdan bosh tortishiga «chidab bermoqda».
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatsiz uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy Trampning talablarini bajarishga tayyor ekanini aytdi va aprel oyi oxirida Vatikanda AQSh prezidenti bilan yana bir bor uchrashdi. Shunda ular yarashib olgandek tuyulgandi. Shunga qaramay, Amerika yetakchisi Putinga hamon ijobiy munosabatda.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Putin urushni tugatish takliflariga ochiq ekanini aytadi, ammo vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Ukraina-AQSh tashabbusini rad etishda davom etmoqda. Uning ta’kidlashicha, jangovar harakatlar to‘xtatilishidan oldin «qator murakkab masalalarni hal qilish kerak».
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Rossiya-Ukraina urushiga aralashmasligi kerakligini aytgan edi. Putin bilan suhbatdan so‘ng, Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida u urushni tugatish harakatlaridan voz kechishi haqida o‘ylayotganini, buning uchun «qizil chiziqlar» borligini aytdi.