«Yaqin orada Shimoliy Kiprning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan kunlarni ham ko‘ramiz» – Erdo‘g‘an
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Budapeshtdagi sammitda Shimoliy Kiprsiz «turkiy dunyoning oilaviy suratlari» hech qachon to‘liq bo‘lmasligini aytdi. «Qardoshlik rishtalari bizdan bir-birimizni himoya qilishni va birdamligimizni kuchaytirishni talab qiladi», degan Turkiya yetakchisi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an / Foto: Sultan Dosaliyev
21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Shimoliy Kiprsiz «turkiy dunyoning oilaviy suratlari» hech qachon to‘liq bo‘lmasligini aytdi.
«Kipr, Qorabog‘, Bosniya va bugungi G‘azo kabi fojiaviy voqealar bizga chegaralarimizdan tashqaridagi adolatsizliklarga nisbatan ham befarq bo‘lmasligimiz kerakligini eslatadi. Har qanday imkoniyatda adolatli tartib, teng taqsimot va qoidalarga asoslangan tizim tarafdori ekanimizni bildirishimiz kerak. Qardoshlik rishtalari bizdan bir-birimizni himoya qilishni va birdamligimizni kuchaytirishni talab etadi. Shuning uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasining (ShKTR), turkiy dunyoning ajralmas bo‘lagi sifatida bu oilaviy yig‘in tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlanishini muhim deb hisoblayman.
Shimoliy Kipr xalqining huquq, erkinlik va adolat yo‘lida olib borayotgan kurashini turkiy dunyo to‘liq yelkadosh bo‘lib qo‘llab-quvvatlashi kerak. May oyida ushbu davlatda bo‘lib o‘tgan Donishmandlar kengashining yig‘ilishini shu nuqtai nazardan juda ahamiyatli deb bilaman. Shimoliy Kipr bo‘lmagan turkiy dunyo manzarasi hech qachon to‘liq bo‘lmaydi. Shu bois, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy akademiyaga kuzatuvchi a’zoligini tasdiqlashimiz muhim qadam bo‘ldi. Umid qilamanki, yaqin orada Shimoliy Kiprning Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lgan kunlarini ham ko‘ramiz», – deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.
Shuningdek, Erdo‘g‘an G‘azo sektoridagi ahvolni «zamonaviy davrning eng jiddiy gumanitar fojiasi» deb atadi va bu yerda tinch aholi «haqiqiy do‘zax»ni boshdan kechirayotganini aytgan.
«Zamonaviy tarixdagi eng dahshatli gumanitar fojialardan biri bo‘layotgan G‘azoda tinch aholi do‘zaxni boshidan kechirmoqda. BMT ogohlantirishicha, agar yordam yetkazilmasa, 14 million chaqaloq hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Turkiy dunyo sifatida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, insonparvarlik yordamini to‘siqsiz yetkazish, shaharni qayta tiklash va barqaror tinchlik jarayonini ta’minlashdagi hissamiz katta ahamiyatga ega. Mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash yo‘lida Isroilning cheksiz ekspansionizmi bilan kurashish hamda Falastin, Livan va Suriya hududiy butunligini qo‘llab-quvvatlash zarur», degan Turkiya yetakchisi.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotini boshqaruv, kadrlar va budjet jihatidan kuchaytirish zarurligi, shu bois bosh kotibiyat budjetini ikki barobar oshirishni foydali deb bilishini aytgan.
Turkiy davlatlar tashkiloti — turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2009 yilda Naxchivonda tuzilgan xalqaro tashkilotdir. Uning asosiy maqsadlari qatoriga turkiy xalqlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish kiradi. Tashkilotga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston a’zo davlat, Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlat maqomida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti yakunida Samarqand deklaratsiyasi imzolangan edi. Deklaratsiyaning bandlaridan biri o‘laroq, MO davlatlari Kiprning birligi urg‘ulangan BMTning 541- va 550-rezolyutsiyalariga qo‘shilgandi.
Bu rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xalqaro huquqiy maqomini tan olmaydi va uni noqonuniy deb hisoblaydi. Shu sababli, BMT a’zosi bo‘lgan davlatlar, ushbu rezolyutsiyalar asosida Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olmasligi kerak.
Hozirda faqat Turkiya Shimoliy Kiprni rasmiy ravishda tan olgan yagona davlatdir.
Shimoliy Kipr va turkiy birlik: ziddiyat emas, tadrijiylik