Ruminiyada prezidentlik saylovlari natijasi bo‘yicha shikoyat rad etildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Prezidentlik saylovlarida ikkinchi turda mag‘lub bo‘lgan o‘ta o‘ng siyosatchi Jorjye Simion dastlab mag‘lubiyatini tan oldi, keyin esa saylov natijalarini bekor qilishni talab etdi.
Foto: AP
Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi o‘ta o‘ng "Ruminiyaliklarni birlashtirish alyansi"dan prezidentlikka nomzod Jorjye Simionning prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi natijalarini bekor qilishni talab qilgan shikoyatini rad etdi. «Muhokama yakunlari bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud saylovni bekor qilish to‘g‘risidagi arizani asossiz deb topib, bir ovozdan rad etdi. Qaror yakuniy hisoblanadi va u Markaziy saylov byurosiga yetkaziladi», — deb xabar qildi sud matbuot xizmati 22 may, payshanba kuni qaror asoslarini keyinroq e’lon qilishga va’da berib.
«Konstitutsiyaviy sud bizning murojaatimizni rad etib, davlat to‘ntarishini davom ettirdi. Endi faqat kurashni davom ettirish qoldi», — dedi Simion sud qaroriga izoh berarkan.
Saylovning birinchi bosqichida Jorjye Simion 41 foizga yaqin, uning asosiy raqibi Buxarest meri Nikushor Dan esa 21 foiz ovoz olgan. Ikkinchi turda Dan 54 foiz ovoz olib, g‘alaba qozondi. Saylovchilarning 46 foizi qo‘llab-quvvatlagan Simion mag‘lubiyatini tan oldi va raqibini tabrikladi. Saylov natijalari e’lon qilingandan so‘ng Telegram asoschisi Pavel Durov go‘yoki Fransiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Nikolya Lernerning «Ruminiyada saylov oldidan konservativ ovozlarni taqiqlash» haqidagi iltimosini rad etganini aytdi. Rasmiy Parij bu ayblovlarni rad etdi. Shundan so‘ng Simion saylov natijalarini bekor qilish talabi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishini ma’lum qildi.
«Dekabrdagi saylovlar bekor qilinganda kuzatilgan sabablarga ko‘ra: davlat va nodavlat sub’yektlarning tashqi aralashuvi. Bu safar dalil bor! Na Fransiya, na Moldova, na boshqa birovning boshqa davlat saylovlariga aralashishga haqqi yo‘q», deb tushuntirdi Simion.