Turkiyada 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga aloqador o‘nlab harbiylar hibsga olindi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Askarlar FETO noqonuniy guruhi bilan hamkorlikda gumon qilinmoqda.
Foto: AP
Turkiya xavfsizlik kuchlari 2016 yilgi davlat to‘ntarishini tashkillashtirishga aloqadorlikda gumon qilingan 56 nafar harbiy xizmatchini qo‘lga oldi. Bu haqda Istanbul Bosh prokuraturasiga tayanib Euronews xabar berdi. Umuman olganda, 63 nafar harbiy xizmatchini hibsga olish uchun order berilgan.
Askarlar «Fathullohchi terror tashkiloti» (FETO) deb atalgan noqonuniy guruh bilan hamkorlikda gumon qilinmoqda. Ular 36 viloyatda o‘tkazilgan harbiy operatsiya davomida qo‘lga olingan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gumon qilinayotgan harbiy xizmatchilarning 8 nafari Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi, 13 nafari Jandarm qo‘mondonligi, 36 nafari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi va 6 nafari dengiz kuchlari qo‘mondonligi vakillaridir. Hibsga olinganlar orasida 4 nafar polkovnik, 8 nafar podpolkovnik, 12 nafar mayor, 15 nafar kapitan va 24 nafar unter-ofitser bor.
Prokuror bayonotida bu shaxslarning din arbobi Fathulloh Gulen tomonidan asos solingan noqonuniy guruhga aloqador ekani da’vo qilingan.
Turkiya hukumati FETO tashkilotini 2016 yilda davlat to‘ntarishiga urinish uyushtirganlikda ayblagan. Gulenning o‘zi esa davlat to‘ntarishiga aloqadorligini rad etgan. U 2024 yil 21 oktyabrda 83 yoshida AQShda vafot etdi.
Prokuraturaning qayd etishicha, 2016 yildan buyon davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, 25,8 mingga yaqin harbiy xizmatchi hibsga olingan.
2016 yilda Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish yuz berdi, ammo bir necha soat ichida bostirildi. Mamlakat bo‘ylab to‘qnashuvlarda 290 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Turkiyada davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda va unga aloqadorlikda gumonlanib 40 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Mamlakatda bir necha oy davomida favqulodda holat joriy etildi.