softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

G7 sammiti va Trampning bojlari: muzokaralarda aniq natijalar ko‘rinmadi

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

G7 sammiti va Trampning bojlari: muzokaralarda aniq natijalar ko‘rinmadi

Batafsil o'qish:

Yettilik guruhi davlatlarining bank-moliya sohasi rahbarlari an’anaviy yillik sammitga yig‘ildi. Rasmiy bayonotlarda Trampning bojlari “xonadagi fil”dek taassurot uyg‘otdi: sammit kommyunikesida “savdo” so‘zi bir marta qo‘llangan, “tarif” so‘zi esa uchramaydi. Anjuman tugashi bilan Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga qator ayblovlar qo‘yib, 1 iyundan YeI mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy qilmoqchi ekanini aytdi.

Foto: The Canadian Press / Jeff McIntosh

Katta yettilik guruhi davlatlari yetakchilarining iyun oyidagi sammitidan oldin, moliya vazirlari va markaziy bank raislari Kanadaning Banf shahrida uchrashdi.

Unda guruh a’zolari AQSh prezidenti Donald Trampning boj siyosati bo‘yicha kelishmovchiliklarni yumshatishga va forum dolzarbligini saqlab qolishga harakat qildi, deya xabar bermoqda Reuters.

Ammo forumning ertasiga, Tramp 1 iyundan Yevropa Ittifoqi tovarlariga 50 foizlik boj joriy qilishni xohlayotganini ma’lum qildi.

“G6+1” takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmadi

G7 moliya vazirlari Banf shahrida o‘tgan muzokaralarga ijobiy tus berishga harakat qilib, jamoatchilik qarshisida asosiy e’tiborni bojlar bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalarga qaratdi. Bayonotlarda Ukrainaga yordam, Xitoyning iqtisodiy siyosati, moliyaviy jinoyatlar va giyohvandlik moddalari aylanmasiga qarshi kurash haqida so‘z boradi.

“Bugun juda samarali kun bo‘ldi”, – dedi AQSh moliya vaziri Skott Bessent jurnalistlarga, G7 moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari bilan birgalikda tog‘ tepasidagi kechki ovqatga yo‘l olayotgan paytda.

Sammit ishtirokchilari 2018 yilda Kanadada bo‘lib o‘tgan, Trampning po‘lat va alyuminiyga solgan bojlari tufayli umumiy bayonot qabul qilinmagan, shu sabab “G6+1” deb atalgan G7 moliya rahbarlari uchrashuvi takrorlanishidan qochishga intilishdi.

O‘shanda Kanada, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Britaniya va Italiya Trampning boj siyosatidan “bir ovozdan xavotir va umidsizlik” bildirgan edi.

Bu safar esa Trampning boj siyosati yanada kengroq miqyosda ekaniga qaramay, qolgan davlatlarda Bescent bilan kelishuvga erishishga intilish yuqoriroq bo‘ldi.

“Kayfiyatda sezilarli ijobiy o‘zgarish bo‘ldi. Biz ittifoqchilar sifatida ochiq va samimiy suhbat qildik”, – dedi AQSh va Fransiya moliya vazirlarining uchrashuvidan keyin fransuz tomonining rasmiy vakili.

Sammit ishtirokchilarining barchasi qo‘shma bayonotga imzo chekishdi. Unda “savdo” so‘zi faqat bir marta ishlatilgan, “tarif” so‘zi esa umuman uchramaydi.

Vazirlar uchrashuvida Trampning tariflari “xonadagi fil” obrazida bo‘lganmi? Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan matbuot anjumanida berilgan bu savolga javob berarkan: “Hal etishimiz kerak bo‘lgan muhim masalalar borligi oydek ravshan. AQShning tariflar siyosati atrofida muhokamalar bo‘layotganiga shubha yo‘q. Bu muhokamalar juda konstruktiv o‘tmoqda”, dedi.

AQSh Ukrainaga bosqinni noqonuniy deb atashga to‘sqinlik qildi

Sammitning qo‘shma kommyunikesi matni ustida munozaralar borgan. Yevropalik manbalarga ko‘ra, AQSh rasmiylari bayonot loyihasidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini “noqonuniy” deb ta’riflaydigan iborani olib tashlashni istagan. E’lon qilingan kommyunikeda Rossiya bosqini “noqonuniy” deb emas, “shafqatsiz” deya ta’riflangan.

“Biz o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan joriy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Agar otashkesimga erishilmasa, barcha qo‘llash imkoni mavjud bo‘lgan barcha variantlarni ko‘rib chiqish davom etamiz, bosimni maksimal darajaga chiqarish uchun sanksiyalarni ko‘paytirish varianti ham shular jumlasidan. Rossiyaning bizning yurisdiksiyamizdagi suveren aktivlari Rossiya o‘z agressiyasini to‘xtatib, Ukrainaga yetkazgan zarari uchun to‘lov qilmaguniga qadar muzlatilgan holatda qolishini yana bir bor tasdiqlaymiz”, – deyiladi G7 qo‘shma bayonotida.

Qayd etilishicha, Jahon banki Ukrainani qayta tiklash uchun keyingi 10 yilda 524 mlrd dollar mablag‘ kerak bo‘lishini bildirgan.

“Biz Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirgan yoki unga ta’minotchi bo‘lgan mamlakatlar va korxonalar, shu jumladan Rossiya harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlarning korxonalari Ukrainani qayta tiklash jarayonidan foyda ko‘rmasliklarini ta’minlash uchun birgalikda ishlashni davom ettirishga kelishib oldik”, – deya qayd etgan 7 davlat moliya vazirlari.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berib kelmoqda hamda dron detallari kabi yuqori texnologiyali va jang maydonida ishlatiladigan mahsulotlarni yetkazib bermoqda.

AQSh–Kanada muzokaralari – “ijobiy va samarali”

Sammit doirasida AQSh moliya vaziri Skot Bessent va Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan o‘rtasida muhim ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi savdo ziddiyatlarini yumshatish va yangi iqtisodiy hamkorlik asoslari muhokama qilindi.

So‘nggi oylarda AQSh va Kanada o‘rtasidagi savdo munosabatlari keskinlashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan AQSh-Meksika-Kanada kelishuvi doirasiga kirmaydigan Kanada mahsulotlariga 25 foiz boj joriy qilindi. Bunga javoban Kanada taxminan 43 milliard dollarlik AQSh importiga qarshi boj solig‘i qo‘lladi. Biroq avtomobilsozlik va ishlab chiqarish sohalariga vaqtinchalik imtiyozlar berildi, bu esa AQShga bog‘liq bo‘lmagan yangi ta’minot zanjirlarini izlash imkonini yaratdi.

Bessent va Shampan o‘zaro uchrashuvni “ijobiy va samarali” deb baholadi. “Biz G7 doirasida samarali muhokamalar olib bordik. Erishilgan yutuqlar va G7 ichidagi birlik bizni mamnun qildi”, – dedi Shampan jurnalistlarga.

Kanada bosh vaziri Mark Karni bu borada: “Hukumatimiz Kanada uchun eng yaxshi kelishuvni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, deb ta’kidladi.

Tramp Yevropaga yana bojlar bilan tahdid qildi

Banfdagi G7 sammiti 20-22 may kunlari bo‘lib o‘tdi. 23 may kuni esa Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida post yozib, navbatdagi marta Yevropaga qaratilgan tanqidiy va tahdidli chiqish qildi.

AQSh prezidentiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi “savdo masalalarida AQShdan foyda ko‘rish maqsadida” tuzilgan. Ittifoq bilan kelishuvga erishish juda qiyin bo‘lyapti, degan u.

“Ularning qudratli savdo to‘siqlari, QQS soliqlari, bema’ni korporativ jarimalari, nomonetar savdo to‘siqlari, monetar manipulyatsiyalari, Amerika kompaniyalariga qarshi sudlardagi adolatsiz va asossiz da’volari va boshqa ko‘p narsalar AQSh bilan yiliga 250 mlrd dollardan ortiq savdo defitsitiga olib keldi. Bu raqamni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.

Ular bilan muzokaralarimiz hech qayerga olib bormayapti! Shunday ekan, men Yevropa Ittifoqiga 2025 yil 1 iyundan boshlab tekis 50 foizlik tarif joriy etishni taklif qilyapman”, – deya yozdi Tramp.