Tramp AQSh endi «demokratiyani kuch bilan o‘rnatmasligi»ga va’da berdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Prezidentning aytishicha, siyosatchilar yigirma yil davomida armiyani «siyosiy mojarolarga» tortib kelgan va endi «bunga barham berildi».
Foto: SAUL LOEB/AFP via Getty Images
AQSh armiyasi endi qurol yordamida «demokratiya o‘rnatishga urinmaydi», dedi prezident Donald Tramp Vest-Poynt harbiy akademiyasida so‘zlagan nutqida.
«AQSh armiyasining vazifasi <...> butun dunyoda demokratiyani qurol kuchi bilan o‘rnatish emas. Uning vazifasi har qanday dushmandan ustunlik qilish va Amerika uchun har qanday tahdidni, istalgan vaqtda, istalgan joyda yo‘q qilishdir. Bu missiyaning muhim qismi – yana hurmat qozonishdir. Va endi sizlarni dunyodagi boshqa armiyalardan ko‘ra ko‘proq hurmat qilishmoqda», dedi u akademiya bitiruvchilari oldida.
Prezidentning aytishicha, siyosatchilar yigirma yil davomida armiyani «siyosiy mojarolarga» tortib kelgan. Harbiylar AQSh bilan aloqasi yo‘q mamlakatlarga «davlat qurish uchun» yuborilgan va jangchilar bu nima uchun kerak, deb so‘ragan.
«Hammasi tugadi. Bularning barchasi nihoyasiga yetganini bilasiz», deb ta’kidladi Tramp.
Prezident akademiya bitiruvchilari dunyodagi «eng kuchli va buyuk armiya» ofitserlari bo‘lishini ta’kidladi. U AQSh hozir «oltin asr» davrida ekanini aytdi.
Tramp avvalroq, Qo‘shma Shtatlarning 2000-yillarda Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirish haqidagi qarorlarini tanqid qilgan edi. Amerika qo‘shinlarining Iroqqa kiritilishi haqida gapirar ekan, u buni AQSh tarixidagi «eng yomon qaror» deb atadi.
Tramp 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlarga javob bo‘lgan Afg‘onistondagi urush haqida turlicha fikr bildirgan, biroq 2015 yilda yadroviy qurolga ega Pokiston bu davlat bilan yonma-yon turgani uchun buni xato deb hisoblamasligini aytgan. Biroq Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Bayden 20 yildan so‘ng, 2021 yilda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish masalasini qanday hal etganini tanqid qilgan. «Bu mamlakatimiz tarixidagi eng sharmandali davr», degan edi Tramp.