softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Rossiya va Ukraina asirlar almashinuvini yakunladi

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Rossiya va Ukraina asirlar almashinuvini yakunladi

Batafsil o'qish:

Istanbuldagi kelishuv doirasida tomonlar uch kun davomida 1000 nafardan harbiy asirni almashdi.

25 may kuni Rossiya va Ukraina «1000 ga 1000» formatida asirlar almashinuvini yakunladi. Bu haqda Istanbuldagi muzokaralarda kelishib olingandi.

Almashinuv uch kun davom etdi. Uchinchi kuni tomonlar 303 nafardan asirni qaytardi.

Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha Ukraina muvofiqlashtiruvchi shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, uch kunlik «1000 ga 1000» almashinuvi bu yilgi oltinchi va keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri 65-almashinuv bo‘ldi. Muzokaralar jarayoni va almashinuvlar doirasida 2022 yil mart oyidan buyon Muvofiqlashtiruvchi shtab tomonidan Ukrainaning jami 5757 nafar fuqarosi ozod qilingan. Yana 536 nafar ukrainalik ayirboshlashsiz qaytarilgan.

«Ozodlikka chiqarilgan himoyachilar barcha zarur tibbiy yordam va reabilitatsiya, shuningdek, asirlikda bo‘lgan vaqt uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan barcha pul to‘lovlari va bir martalik moddiy yordam oladi. Ukraina ozod qilinganlarning Rossiya asirligidagi uzoq muddatli izolyatsiyadan keyin jamiyatga reintegratsiyasini ta’minlaydi», – deyiladi shtab xabarida.

Muvofiqlashtiruvchi shtabning telegram-kanalida aytilishicha, Harbiy-dengiz kuchlari, Harbiy-havo kuchlari, Desant-shturm qo‘shinlari, Hududiy mudofaa kuchlari, shuningdek, Milliy gvardiya, Davlat chegara xizmati va Davlat transport maxsus xizmati harbiy xizmatchilari ozod qilingan. Ular orasida Mariupolni himoya qilishda qatnashgan 70 harbiy ham bor.

Almashuvning birinchi kuni qaytarilgan rossiyalik harbiylar. Foto: AP/TASS

Rossiya Mudofaa vazirligi ham almashinuv yakunlanganini ma’lum qildi. «25 may kuni Kiyev rejimi nazorati ostidagi hududdan yana 303 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi qaytarildi. Buning evaziga Ukraina qurolli kuchlarining 303 nafar harbiy asiri topshirildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

«Barcha rossiyalik harbiy xizmatchilar va fuqarolar Rossiya Federatsiyasiga Rossiya Mudofaa vazirligi tibbiyot muassasalarida davolanish va reabilitatsiyadan o‘tish uchun olib kelinadi», – deyiladi xabarda.

«Interfaks» Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, ayni paytda rossiyalik harbiylar Belarus hududida bo‘lib, ularga psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Bir kun oldin tomonlar 307 nafardan fuqarosini almashgandi.

24 may kuni Ukrainaga qaytarilgan 307 harbiy

«Rossiya asirligidan 1000 kishini ozod qilish bo‘yicha kelishuv Turkiyadagi uchrashuvning deyarli yagona haqiqiy natijasi bo‘ldi», – deb yozgandi Volodimir Zelenskiy 22 may kuni boshlanajak almashinuv haqida.

16 may kuni Ukraina va Rossiya delegatsiyalari Istanbulda uchrashib, 2022 yildan beri birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazgandi. Suhbat ikki soatcha davom etdi.

Rossiya delegatsiyasiga Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga esa mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qildi.

CNN telekanali xabar berishicha, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qola boshlaganida Turkiya tomoni ayirboshlash masalasini o‘rtaga tashlagan.

Muzokaralardan yakunlangach, jurnalistlar bilan gaplashgan Umerov «1000 ga 1000» formatida mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida gapirdi. Keyinchalik bu ma’lumotni Rossiya tomoni ham tasdiqladi.

Tomonlar Zelenskiy va Putin uchrashuvi ehtimolini ham muhokama qilishgan. Ammo bu boradagi istiqbollar hozircha noma’lum.

Vatikan Rossiya va Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundiga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirgan. Buni yangi saylangan Rim papasi, Volodimir Zelenskiy bilan shaxsan uchrashgan Lev XIV tasdiqlagan.

Ehtimoliy maydonlar qatorida Shveytsariya va Turkiya ham bor.