Frontda eng yirik almashuv, Madridda ko‘z yoshlar – hafta dayjesti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Assalomu alaykum. Bugun 25 may, yakshanba. Bu sanani barchamiz entikish bilan eslaymiz. Hammamiz mana shu sanada jonajon maktabimiz bilan xayrlashganmiz. Ishoning, o‘shanda maktabdan qutuldim, deb xursand bo‘lgan sinfdoshingiz ham keyinchalik ortiq maktab o‘quvchisi emasligini his qilib, yuragida nimalardir uzilgan. Ko‘pchiligingiz yana bir marta darsdan keyingi navbatchilikda qolib sinfxonangiz polini artish uchun ko‘p narsangizni berishga tayyor bo‘lsangiz kerak.
Kecha yurtimizdagi maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinib, yana minglab o‘g‘il-qizlar umrning eng baxtli onlaridan asta-sekin shafqatsiz, kurashlarga, chaqiruvlarga boy katta hayot tomon qadam tashladi. Ularga bir narsa demoqchiman: hayotning bu onlaridan zavqlaning, bu damlar ortiq qaytib kelmaydi. Forest Gamp aytganiday, hayot konfet qutisiga o‘xshaydi, senga qanday qiyomli konfet tushishini aslo bilolmaysan.
Biz bahorning oxirgi yakshanbasida doimgidek dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni yodga olamiz. Bu hafta qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Shu uchun dayjestimiz o‘ziga xos siyosiy kombo shaklida bo‘ladi.
Putin va Tramp suhbati
Hafta davomida Rossiya prezidenti Putin va AQSh prezidenti Tramp yana telefon orqali gaplashdi. Endi bir gapni ishonch bilan aytaversak bo‘ladi: bu ikki odamning telefonda gaplashishi ortiq hech narsani hal qilmaydi. Endi urush boshlanishi oldidan Putinga juda ko‘p qo‘ng‘iroq qilgan Makron haqida memlarga bemalol Trampni tasvirlasa ham bo‘laveradi. Chunki Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilgach ko‘pi bilan Rossiya va AQSh o‘rtasida hokkey o‘yini o‘tkazishga kelisha olyapti xolos. Hali o‘sha o‘yinni ham eplab o‘tkaza olishgani yo‘q. Shu sabab biz bu keraksiz telefon suhbati tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmay, uni shunchaki bir fakt sifatida eslab o‘tib ketamiz. Bu suhbat ortig‘iga arzimaydi...
Rossiyaning Kiyevga hujumi
Hafta oxirida Rossiya armiyasi Kiyev bo‘ylab yirik havo hujumi amalga oshirdi. Ayniqsa 24 mayga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti uchun juda halokatli kechdi. Avvalroq Rossiya kamikadze dronlari dasturini yangilagani, bu Ukraina himoya tizimlari uchun muammo tug‘dirishi aytilgandi, chindan shunday bo‘lib chiqdi, Shaheed dronlari ko‘p vayrongarchiliklar keltirib chiqardi.
Birgina 23 may tunida Rossiya Ukraina bo‘ylab 250 ta zarbdor dronlar bilan hujum qildi. Yetmaganiga 14 ta «Iskander-M» ballistik raketasi uchirdi. Hujumning asosiy nishoni Kiyev bo‘ldi.
Bu zarbalar Rossiya va Ukraina to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara boshlagani fonida sodir bo‘ldi. Kiyevga berilgan zarba bilan Rossiya urushni tugatish niyati yo‘qligini navbatdagi marta ko‘rsatdi. Bu gal Tramp «Vladimir, STOP» deb post ham yozmadi...
Bayden saratonga chalindi
Hafta davomida AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden saratonga chalingani aniq bo‘ldi. 82 yoshli siyosatchida prostata saratoni aniqlangan. Kasallik suyakkacha o‘tgani va agressiv holatda ekani aytildi. Hozir Bayden oilasi qanday davolanish bo‘yicha maslahat qilmoqda.
Sobiq prezident Bayden kasallikni juda xotirjam qabul qildi. U o‘z sahifasida xotini va mushugi bilan tushgan suratini joylab, «saraton bizgacha yetib keldi, endi kuchli bo‘lib kurashamiz», deb yozdi.
Modrich va Anchelotti «Real»dan ketadi
Hafta davomida futbol olamida ikki muhim voqea sodir bo‘ldi. Ikkalasi ham Madridda. «Real» afsonasi, Madrid klubi safida «Oltin to‘p»ni yutgan oxirgi futbolchi Luka Modrich mavsum yakunida klubdan ketishini e’lon qildi. Kuzda 40 yoshga to‘ladigan Luka allaqachon «Real»ning ramziga aylanib bo‘ldi. Xorvat Madridni klub tarixida eng ko‘p – 28 ta sovrin yutgan futbolchi sifatida tark etmoqda. Luka jahon futbolida hech kim yomon ko‘rmaydigan kam sonli futbolchilardan biri ekani bilan muxlislar yodida qoladi. Madrid fanatlari ancha vaqt Modrichning san’at darajasidagi uzatmalarini sog‘inib yurishsa kerak...
Modrich bilan birga yozda Realni yana bir klub afsonasi Karlo Anchelotti tark etadi. «Real»ga ikkinchi kelishida don Karlo ikki marta Chempionlar Ligasini, ikki marta La Ligani, bir marta Ispaniya kubogi, ikki marta Ispaniya superkubogini, yana ikki martadan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va Yevropa superkubogini yutishni uddaladi.
Anchelotti Realga sadoqatini ko‘rsatish uchun boshqa klubga ketmaslikka qaror qildi. Karlo ota endi Braziliya milliy jamoasini boshqaradi. «Pentakampionlar» Anchelottini olib kelish uchun bir yildan buyon boshqa murabbiy bilan gaplashishmadi ham. Va nihoyat don Karlo Vinisius, Rodrigo kabi shogirdlari o‘ynaydigan Braziliyani qabul qilishga rozi bo‘ldi. Endi Braziliya kelasi yilgi jahon chempionatiga, shubhasiz, favorit sifatida yo‘l oladi...
White lives metter…
Hafta davomida Donald Tramp Oq uyda JAR prezidenti Siril Ramafosani qabul qildi. Bu qabul juda keskin o‘tdi, Tramp Ramafosaga jiddiy bosim qildi, hatto Zelenskiy bilan bunaqa bo‘lmagandi. AQSh prezidenti yaqinda ham JARda oq tanlilar qiynoqqa solinayotgani haqida gapirib, ularga AQShga kirishga ruxsat berilishini aytgandi.
Tramp uchrashuv davomida go‘yoki JARda oq tanlilar qirg‘in qilinayotgani haqida video va qog‘ozlar ko‘rsatdi. «Siz odamlarning yerlarini olib qo‘yyapsiz. Oq tanli fermerni o‘ldirganlar jazolanmayapti. Ularni qiynab o‘ldirishgan, kallasini olishgan», dedi Tramp. Keyin JAR prezidentiga bir uyum rasmlar tasvirlangan qog‘ozlarni ko‘rsatdi.
Va mana shu yerda... Trampga ma’lumot olib kiradigan mulozimlar qovun tushirdi. Tramp ko‘rsatgan qog‘ozlardan biridagi kadr Reuters jurnalistlarining e’tiborini tortdi, axir bu ular olgan kadr edi-da! Gap shundaki, Tramp «JARda oq tanlilar qirilmoqda» deb ko‘rsatgan qog‘ozdagi surat aslida Reuters’ning Kongodagi ommaviy qabriston haqida lavhasidan olingandi. Surat muallifi ham uning Kongoda olinganini aytib, Trampni manipulyatsiyada aybladi.
Esingizda bo‘lsa, Amerikada bir qora tanli odamni o‘ldirib qo‘yishlari ortidan Black lives metter, ya’ni qora tanlilar hayoti ahamiyatli degan ibora urf bo‘lib, butun dunyoga taraqalgandi. Tramp ham shunga o‘xshash White lives metter degan trendni boshlamoqchi edi, bo‘lmadi: oraga yolg‘on aralashdi. Butun boshli Amerika prezidenti ma’muriyatida oddiy feykni aniqlashtira oladigan oylikxo‘r yo‘qligi qanday ajablanarli, shunday emasmi?
Britaniya Chagosni Mavrikiyga qaytaradi
Bir qarich yer uchun davlatlar bir-birining yuz minglab odamini o‘ldiradigan bugungi zamonda bir davlat boshqa davlatga mojaroli yerni janjalsiz qaytib berishiga ishonish qiyin, to‘g‘rimi? Lekin bu haftada shunday bo‘ldi.
Britaniya bosh vaziri ser Kir Starmer Hind okeanida joylashgan Chagos arxipelagini Mavrikiyga qaytarish bo‘yicha hujjatni imzoladi. Xaritadan ko‘rib, bir burdagina joy ekan, demang. Bu arxipelag Hind okeanining qoq markazida joylashgan bo‘lib u yerda AQSh va Britaniyaning Diyego-Garsiya harbiy bazasi bor. Bu bazadan Afrikaga ham, Yaqin Sharqqa ham, Janubiy yoki Janubiy-Sharqiy Osiyoga ham tezda yetib borish mumkin.
Kelishuvga ko‘ra, Britaniya bu oroldagi harbiy baza ijarasi uchun Mavrikiyga har yili 101 million funt to‘laydi. Shartnoma umumiy qiymati 3,4 milliard funtni tashkil qilgan. Chagos oroli o‘n yillardan buyon tortishuvli hudud hisoblanadi. BMT 2019 yil Britaniyaga orolni Mavrikiyga topshirishni buyurgan. Inglizlar 6 yil o‘tib bu talabni bajarishdi. AQSh Britaniya u yerdagi harbiy bazani saqlab qolganini olqishladi.
Asirlar almashuvi
Istanbuldagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar davomida Ukraina va Rossiya urush boshlanganidan buyon eng yirik asirlash almashinuvi borasida kelishuvga erishgandi. Juma kuni tomonlar 270 nafardan harbiy va 120 nafardan harbiy bo‘lmagan asirlarni almashgandi. 24 may kuni yana 307 nafardan asir vataniga qaytdi.
Pentagon Qatarning sovg‘asini oldi
O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp arab davlatlariga safar qilib trillion dollarlik shartnomalar imzolab kelgandi. O‘shanda Qatar hukumati Trampga 400 million dollarlik Boeing 747 samolyoti sovg‘a qilishi hazil bilan qarshilangandi. Lekin ushbu hafta Pentagon Trampga hadya qilingan bu qimmatbaho sovg‘ani qabul qilib oldi. Endi samolyot ikki yil davomida xavfsizlik nuqtai nazaridan qayta jihozlanadi. Bu uchun uning tannarxidan ham ko‘proq pul ketishi aytilmoqda. Samolyot Tramp prezidentlik davrida Pentagon tasarrufida bo‘ladi. Respublikachining muddati tugagach, uchoq Tramp kutubxonasiga topshiriladi.
Ana shunaqa gaplar. Men hech kimni ayblamoqchi emasman, lekin qiziq, bir monarxiya amirining boshqa bir demokratik davlat prezidentiga 400 million dollarlik sovg‘a berishi xalqaro huquqda nima deb atalarkin?
Qariyalarga qo‘shimcha to‘lov
Endi haftaning eng yaxshi xabariga yetib keldik. Nafaqaxo‘r qariyalarga isitish mavsumidagi xarajatlar bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan har oy 269 dollar miqdorida pul to‘lab berish tartibi tiklandi! Uzr, qaysi davlatda ekanini aytish esdan chiqibdi, Britaniyada.
Gap shundaki, Britaniyada 1997 yil bosh vazir Toni Bleyr tashabbusi bilan qishki isitish mavsumida mamlakatdagi barcha nafaqaxo‘rlarga davlat tomonidan pul to‘lab kelingan: 80 yoshgacha bo‘lgan pensionerlarga 200 funt, 80 yoshdan oshganlarga 300 funt. Isitish mavsumida kommunal xarajatlar oshishi uchun qirollik fuqarolarini shunday qo‘llab kelgan.
O‘tgan yil Kir Starmer hukumati budjet taqchilligi sabab bu to‘lov endilikda faqat muhtoj nafaqaxo‘rlarga to‘lanishini belgilagandi. Biroq hukmron partiyaning bu qarori saylovchilar e’tiroziga sabab bo‘ldi. 9 million britaniyalik bu to‘lovni ololmagani saylovlar leyboristlar uchun yomon o‘tishiga sabab bo‘ldi. Xatosini tushungan Britaniya yangi hukumati qariyalarga beriladigan yordam puli to‘lash tartibini qaytarishga qaror qildi.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha. Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.