Havayida Kilauea vulqoni otilishni boshladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Harakatga kelgan vulqon tufayli sutkasiga 50 ming tonnaga yaqin oltingugurt dioksidi havoga ajralib chiqmoqda.
Foto: AP
Havayida Kilauea — arxipelagdagi eng faol vulqonlardan biri harakatga keldi. Lava 300 metrdan balandroqqa otilmoqda, deb xabar beradi AQSh Geologiya xizmati.
Qayd etilishicha, vulqon 25 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:15 dan otilishni boshlagan. Lava favvoralari Halemaumau krateri ustiga ko‘tarilgan, janubiy teshikdan otilgan lava — 70 metrga, shimoliy teshikdan otilgani esa 300 metrdan balanroqqa ko‘tarilgan.
Vulqon harakati tufayli sutkasiga 50 ming tonnaga yaqin oltingugurt dioksidi havoga ajralmoqda. Ushbu gaz smogga aylanib, nafas olishda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu ayniqsa, vulqon atrofida joylashgan aholi punktlarida yashovchilar uchun xavfli. Shuningdek, suv bug‘i va karbonat angidrid gazining yuqori konsentratsiyasi kuzatilmoqda.
Vulqon og‘zidan lava bilan birga, boshqa xavfli narsalar ham otilmoqda. Ular orasida «Pele sochlari» deb ataluvchi ipga o‘xshash vulqon shishasidan hosil bo‘lgan lava tolalari ham bor. Ushbu zarralar shamol bilan o‘nlab kilometr uzoqlikka tarqalishi mumkin.
Harakatga kelgan vulqon 2007 yilda tashriflar uchun yopilgan «Havayi vulqonlari» milliy bog‘i hududida yuz bermoqda. Lava oqimlari hozircha kraterdan tashqariga chiqqani yo‘q, ammo mutaxassislar Halemaumau atrofidagi yoriqlardan ogohlantirmoqda.
Shuningdek, zilzila xavfi ham saqlanib turibdi. Yerosti silkinishlari krater devorlarining qulashiga olib kelishi mumkinligi aytildi.
Eslatib o‘tamiz, aprel boshlarida Filippindagi Negros orolida Kanlaon vulqoni harakatga kelgandi.