AQSh Ukrainadan tinchlik kelishuvi bo‘yicha shartlar ro‘yxatini oldi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Vashington Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundi Shveytsariyada o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Foto: Getty images
AQSh Ukrainadan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartlari batafsil keltirilgan hujjatni qabul qilib oldi. Bu haqda Trampning maxsus vakili Kit Kellog Fox News efirida ma’lum qildi.
Kellog Ukraina taqdim etgan ro‘yxatdan aynan qanday bandlar mavjudligiga oydinlik kiritmagan.
AQSh prezidentining maxsus vakili so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Vashington Rossiyadan ham shunday ro‘yxat olishni kutmoqda.
Kit Kellogning aytishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning yangi raundi Jyenevada o‘tkazilishi mumkin. Oldinroq RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva uchun Turkiya varianti afzalroq ekanini ma’lum qilgandi.
Rossiya va Ukraina Istanbuldagi muzokaralarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har ikki tomonning talablari keltirilgan hujjatni almashishga kelishib olgandi. Muzokaralar shundan keyin davom etadi.
Lavrov ham Rossiya tomoni ro‘yxat ustidagi ishlarni yakunlayotgani va mahbuslar almashinuvidan so‘ng uni Ukrainaga taqdim etishga tayyor bo‘lishini aytgan edi. Mahbuslar almashinuvi esa 25 may kuni yakunlandi.
Rossiya yana bir hujjat — «bo‘lajak tinchlik shartnomasi to‘g‘risidagi memorandum»ni ham tayyorlamoqda. U tinchlik shartlari bo‘yicha ro‘yxatdan nimasi bilan farq qilishi hozircha ma’lum emas. Kremlning qayd etishicha, shartlar ro‘yxati va memorandum — ikki xil hujjat.