softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Turkiy liderlar ilk marta Vengriyada yig‘ildi. Birlik sari 71 qadam tashlandi

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Turkiy liderlar ilk marta Vengriyada yig‘ildi. Birlik sari 71 qadam tashlandi

Batafsil o'qish:

20-21 may kunlari Vengriya poytaxti Budapeshtda Turkiy Davlatlar Tashkilotining (TDT) norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, Yevropaning qoq o‘rtasidagi o‘lka nega turkiy dunyoning ajralmas qismi hisoblanadi? Sammit yakuni bo‘yicha qabul qilingan 71 ta banddan iborat deklaratsiyada nimalar haqida so‘z boradi?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vengriya – 2018 yildan buyon Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomida. Bu tashkilotda Turkmaniston ham kuzatuvchi. Vengriyada TDTning norasmiy sammiti birinchi marta o‘tkazildi. Venger tili – turkiy emas, lekin vengerlarning tarixiy kelib chiqishi turkiylarga borib taqaladi.

Milodiy 5-asrda hozirgi Markaziy Osiyo hududlaridan bo‘lgan hunlar Atilla boshchiligida Yevropaga borib, Konstantinopolni zabt etishadi, Vizantiya imperatorlari hunlarga katta miqdorda o‘lpon to‘lab turishga majbur bo‘lishadi. Shundan keyin Atilla Galliyada (Fransiya) G‘arbiy Rim imperiyasi armiyasi bilan to‘qnashadi. Ko‘p o‘tmay ular Italiyaga ham kiradi, Atilla Rim papasi bilan uchrashgach, Rimga yurishini to‘xtatadi. Katta sonli hunlar armiyasi Italiyadan qaytayotib, Markaziy Yevropada to‘xtaydi va shu yerda o‘troqlashadi.

“Vengriya” davlati nomi lotinchada “Hungaria” (jumladan, inglizchada ham “Hungary”) bo‘lib, uning o‘zagi aynan hun millatining nomidan olingan.

Vengriya ilmiy va siyosiy doiralari asrlar davomida o‘zining turkiy ildizlarini unutmadi, turkiylarga intilib yashadi. Lekin geografik masofaning uzoqligi – o‘zaro yaqinlik va hamkorlikni qiyinlashtirib keldi. Qolaversa, bir vaqtlar Rimga tahdid solgan, asli kelib chiqishi Sharqdan bo‘lgan hunlarning avlodlarini qolgan yevropaliklar begonasirash bilan qabul qildi.

Budapesht norasmiy sammitida jami 71 punktdan iborat deklaratsiya qabul qilindi. Garchi bu sammit norasmiy bo‘lsa-da, turkiy davlatlar va xalqlarning real yaqinlashuviga, jipslashuviga katta qadamlar tashlandi, loyihalar hozirlandi, muhokama qilindi, birlamchi kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, tashkilot a’zolari va kuzatuvchilari Shimoliy Kipr turkiy dunyoning ajralmas qismi ekanini urg‘ulashdi. Ya’ni Shimoliy Kipr de-fakto turkiy davlatlar tomonidan yarim rasmiy darajada tan olindi. Bu qadam – turkiy davlatlar tomonidan bosqichma-bosqich Shimoliy Kiprni rasman, diplomatik darajada tan olishga olib boradigan qadamlarning birinchisi bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, Budapeshtda Falastin davlati qo‘llab-quvvatlandi. Millionlab turkiylar (o‘zbeklar va turkmanlar) yashayotgan Afg‘oniston bo‘yicha doimiy ishchi guruh tuzildi. Turkiyaning mintaqadagi, xalqaro tashkilotlardagi faoliyati qo‘llab-quvvatlandi. Navro‘z bayrami barcha tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarda 21-martda umummilliy bayram sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Asosiy loyiha sifatida, tashkilotga a’zo davlatlarning vatandoshlari ichki ID-karta orqali bordi-keldi qilishi masalasi ko‘tarildi. Hozirda Turkiya va Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston vatandoshlari chiqish pasportlarisiz, ichki hujjatlar orqali bemalol bir-biriga bora oladi. Endi shunday tartibni TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida umumiy deb e’lon qilish ustida ishlanmoqda.

Agar bu loyiha ma’qullansa, O‘zbekiston vatandoshlari ham bemalol tashqi chiqish pasportlarisiz Turkiyaga, Ozarbayjon va Qozog‘istonga borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev Budapeshtdagi nutqida tashkilotga a’zo davlatlarning strategik sherikligi borasida kelishuv imzolash masalasini ko‘tardi. Prezident Mirziyoyev bu taklifni 2024 yilda ham ko‘targan edi. O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik strategik hamkorlik, adabiy do‘stlik va birodarlik to‘g‘risida”gi kelishuv imzolanishi – turkiy davlatlar o‘rtasidagi strategik yaqinlashuv uchun huquqiy asos bo‘ladi. O‘zbekiston prezidenti bu kelishuv TDTning Bokuda bo‘ladigan rasmiy sammitida imzolanishiga umid bildirdi.

Shuningdek, aynan Prezident Mirziyoyev turkiy davlatlarning iqtisodiy, ijtimoiy, transport-logistika, fan, madaniyat, ta’lim va boshqa sohalardagi real integratsiyasi uchun eng hayotbaxsh g‘oyalarni taklif qilib kelmoqda. O‘zbekiston taklif qilayotgan g‘oyalar o‘ta jarangdor lozunglar, shiorlar emas, lekin ular amalga oshirilsa, turkiy davlatlar va xalqlar real hayotda, amalda bir-biri bilan chambarchas bog‘lanadi, o‘zaro hamkorlik va birlik shakllanadi va chuqur ildiz otadi.

O‘zbekiston bu g‘oyalarni va loyihalarni sovuqqonlik bilan, mafkuraviy chaqiriqlarsiz, tashkilot ichida va tashqarida zo‘riqishlarsiz, lekin juda mahoratli diplomatiya bilan amalga oshirmoqda.

Birgina misol, O‘zbekiston TurkTrade loyihasini taklif qilib keladi. Bu loyihaga ko‘ra, TDTga a’zo davlatlar barcha tovarlar va ularning logistikasini onlayn tashkillashtirishi mumkin, bu o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni onsonlashtiradi, kuchaytiradi. TurkTrade onlayn platformasi ishlay boshlasa, bu turkiy davlatlarning iqtisodiy bog‘liqligi karrasiga osha boshlaydi, erkin savdo zonasi va birlik uchun makon paydo bo‘lib boshlaydi.

Bir qarashda turkiy davlatlarning o‘zaro hamkorligi, oliy darajadagi uchrashuvlar – odatiy holdek. Lekin bu – bizning ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilib yeta olmagan loyihalar edi. 19-asrda turkiy xalqlar va davlatlar bir-biridan uzoqda bo‘lgani uchun jipslashib, o‘zaro hamkorlikni va birlikni yo‘lga qo‘ya olmadi. 19-asrdagi avj olgan kolonializm Kavkazdagi va Turkistondagi turkiy davlatlarning mustamlaka bo‘lishiga olib keldi. Yagona mustaqilligini saqlab qola olgan turkiy davlat – Turkiya bo‘ldi. Biroq Turkiyaning o‘zi ham 19-asr oxiri va 20-asr boshida majruhlandi, parchalandi, jarohatlandi. 19-asrda biz Turkiston turkiylari va ozarlar Chor Rossiyasi, keyinroq bolsheviklar qo‘lida qoldik.

20-asrning ikkinchi yarmida hukm surgan sovuq urush davrida biz turkiylar kurashayotgan ikki tarafda bo‘lib qoldik. Turkiya – NATOning a’zosi, biz esa sobiq SSSR ichida edik. 20-asrning oxiriga kelib, SSSR qulagach, sovuq urush tugadi va biz turkiylarning aksariyat qismi o‘zaro yaqinlashuv va birlik uchun yangi imkoniyat qo‘lga kiritdik.

Bugun TDTga a’zo davlatlar har xil geosiyosiy taraflarda emas, aksincha, geosiyosiy va geoiqtisodiy mushtarak qarashlarga ega. Mintaqalarimiz atrofidagi geosiyosiy vaziyat ham o‘zaro hamkorligimizga va birligimizga rahna soladigan holatda emas. Bu – unikal vaziyat va tarixiy imkoniyat.

Rossiya – Ukraina urushi bilan band. Eron – Isroil va g‘arb davlatlari sabab, g‘arbga emas, sharqqa, Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikdan manfaatdor. Bu davlatlar bilan bog‘lanish uchun ham Eronning Markaziy Osiyoga, Kavkazda Ozarbayjonga ehtiyoji katta. Xitoy Xalq Respublikasi ham kelajakda AQSh bilan to‘qnashishdan xavotirlanib, dengizga muqobil quruqlik yo‘llarini rivojlantirishdan manfaatdor. Shuning uchun Pekin “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini oldinga surmoqda. Bu esa Pekinni Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyaga bo‘lgan ehtiyojini oshiradi.

Turkiy Davlatlar Tashkiloti va u doirasidagi izchil munosabatlar aynan 2016 yildan keyin, O‘zbekiston ichki va tashqi siyosati Prezident Mirziyoyev qo‘liga o‘tgach, va rasmiy Toshkentning turkiy hamkorlikka qo‘shilgach – shakllanib, kuchayib bordi.

19-20 asrlar – turkiy davlatlar va xalqlar uchun fojialar asri bo‘lgan bo‘lsa, 21 asr – turkiylar uchun katta imkoniyatlar va muvaffaqiyatlar asri bo‘lishi lozim. Va bu tarixiy yutuqlar zamirida O‘zbekistonning, prezident Mirziyoyevning siyosiy merosi alohida o‘ringa ega.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos