Telegram'ga Ilon Maskning Grok sun’iy intellekti integratsiya qilinadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Pavel Durov va Ilon Mask hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi: xAI kompaniyasining Grok chatboti Telegram foydalanuvchilariga taqdim etiladi. Messenjer orqali sotilgan xAI obunalaridan 50 foiz daromad Telegram'ga tegishli bo‘ladi. Pavel Durov o‘z ilovasining pullik obunachilari soni 15 milliondan ortganini ham ma’lum qildi.
Foto: Tech Startup
Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasining Grok chatboti Telegram messenjeriga integratsiya qilinadi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
«Bu yozda Telegram foydalanuvchilari bozordagi eng ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyasiga ega bo‘ladilar. Ilon Mask va men 1 yillik hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdik — bu orqali xAI kompaniyasining Grok chatboti milliarddan ortiq foydalanuvchilarimizga taqdim etiladi va barcha Telegram ilovalariga integratsiya qilinadi», deb yozdi Durov.
U o‘z postiga ilova qilgan videoda Grok yordamida messenjerda savollarga javob topish, postlarni tahrirlash, xulosa yasash, avatar va emojilar yaratish mumkinligi ko‘rsatilgan.
«Bu Telegramʼning moliyaviy holatini ham mustahkamlaydi: biz xAI'dan naqd pul va aksiyalar ko‘rinishida 300 million dollar olamiz, shuningdek Telegram orqali sotilgan xAI obunalaridan 50 foiz daromad ko‘ramiz», degan Durov.
Messenjerdagi Grok AI xizmati yozda ishga tushadi, aniq sanasi va obuna narxi qancha bo‘lishini ochiqlamagan.
Pavel Durov, shuningdek, Telegramʼning pullik obunachilari soni 15 milliondan ortganini ma’lum qildi.
«Telegram Premium hozirda 15 milliondan ortiq pullik obunachiga ega. Bu raqam atigi bir yil ichida ikki barobarga oshdi. Premium'ga o‘tganingiz uchun rahmat!» deb yozdi Durov 28 may kuni o‘zining kanalida.
Ma’lumot uchun, Telegram Premium obunasining narxi rasmiy @PremiumBot orqali amalga oshirilganda oyiga 3,99 dollar. To‘lov App Store yoki Play Market orqali amalga oshirilganda esa oyiga 4,99 dollarni tashkil qiladi.
Ushbu obunalar, eng kam narxda hisoblaganda, kompaniyaga oyiga 59 mln dollardan ko‘proq daromad olib kelmoqda.
Telegram Premium 2022 yil 19 iyun kuni rasmiy ravishda ishga tushirildi. Premium obuna orqali foydalanuvchilar kattaroq hajmdagi fayllarni yuborish, tezroq yuklab olish, reklamalarsiz interfeys, ovozli xabarlarni matnga aylantirish va tarjima kabi ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, messenjerdan bepul foydalanuvchilarda ham avvalgi funksiyalar saqlanib qolgan.
Telegram asoschisi Pavel Durov – Premium obunani joriy etish orqali foydalanuvchilarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etishni, shu bilan birga platformaning moliyaviy barqarorligini ta’minlashni maqsad qilganni aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar barcha foydalanuvchilarga cheksiz imkoniyatlar berilsa, server va trafik xarajatlari boshqarib bo‘lmas darajaga yetadi. Shu sababli, qo‘shimcha funksiyalarni pullik obuna orqali taqdim etish qarori qabul qilingan.
Telegram O‘zbekistonda ham eng ommabop va mashhur muloqot vositasi, axborot manbayiga aylangan. AOKA ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yillarda O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilari soni 28 milliondan oshgan. Bu – aholining qariyb 75 foizi demakdir.
2024 yilda Telegram ilk marta daromadga chiqib, kripto-aktivlarni hisobga olmaganda yilni 500 mln dollardan ortiq naqd pul zaxirasi bilan yakunlagan. Durov o‘shanda kompaniya oxirgi 4 yilda 2 milliard dollarga yaqin qarzlarini yopganini aytgan edi.
2025 yil mart oyida Durov Telegram'ning doimiy foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshgani hamda har bir foydalanuvchining messenjerda o‘tkazgan vaqti ham oshib borayotganini qayd etgandi.