NATO Germaniyadan yana 40 ming harbiy xizmatchi so‘ramoqchi - Reuters
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Shimoliy Atlantika alyansi o‘z tasarrufidagi brigadalar sonini 120-130 taga yetkazish niyatida. Buning uchun esa Germaniyadan qo‘shimcha yettita brigada so‘ramoqchi.
Foto: Bloomberg
NATO o‘z mudofaasi uchun Germaniyadan yana yettita brigada (40 mingga yaqin harbiy xizmatchi) yetkazib berishni so‘rash niyatida. Bu haqda Reuters manbalari xabar berdi.
Yuqori martabali harbiy amaldorning so‘zlariga ko‘ra, NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari keyingi hafta kelishishi kutilayotgan qurollanish va qo‘shinlar soni bo‘yicha yangi maqsadlar doirasida alyans o‘z kuchlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu NATO 2022 yilda Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Rossiyani ancha katta tahdid sifatida ko‘ra boshlagani bilan izohlanyapti.
Reuters manbasining ta’kidlashicha, NATO ittifoqchilarning hozirda 80 tani tashkil etayotgan brigadasini 120-130 tagacha oshirish niyatida. NATO vakili jurnalistlarga yangi maqsadlar «ambitsiyali» ekanini aytgan, biroq ularning sonini ochiqlamagan.
2021 yilda Germaniya 2030 yilgacha 10 ta brigada (odatda har bir 5 ming harbiy xizmatchini qamrab oladi) taqdim etishga rozi bo‘lgandi. Hozirda uning sakkizta brigadasi mavjud, to‘qqizinchisini esa Germaniya Litvada shakllantirmoqda — u 2027 yilda tayyor bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, yana 40 ming harbiy xizmatchi taqdim etish Berlin uchun katta muammoga aylanadi.
Ukrainada urush boshlanganidan beri NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirdi, ammo hali ham uni AQSh prezidenti Donald Tramp talab qilganidek, YaIMning 5 foiziga yetkaza olmadi. NATOning iyun oyida o‘tkaziladigan sammitida alyans yetakchisi Mark Ryutte tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilaridan hozirgi 2 foizli xarajatlarni YaIMning 5 foiziga qadar oshirishni talab qiladi.
Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davridayoq NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini ta’kidlagandi. AQSh Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan keyin tashkil etilgan Shimoliy Atlantika alyansida yetakchi rolga ega va uning xarajatlarini qariyb 70 foizini ta’minlaydi. Shu bilan birga, alyansga a’zo barcha davlatlar ovoz berishda teng huquqqa ega.