Germaniya tashqi ishlar vaziri: Ukrainadagi urush borasidagi pozitsiyamiz AQSh bilan bir xil
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Berlin va Vashington Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha umumiy pozitsiyaga ega va Moskva muzokaralar stoliga o‘tirishni istaydi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful AQShga tashrifi chog‘ida.
Foto: Elizabeth Frantz/REUTERS
Germaniya va AQSh Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha umumiy pozitsiyaga ega, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 28 may, chorshanba kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida. «Ukrainaga kelsak, biz, Germaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari umumiy pozitsiyaga egamiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. Vazir shunday davom etdi: «Endi muzokaralar yo‘li bilan yechim topish kerak. Rossiya esa muzokara stoliga o‘tirishi kerak. Hammamiz buni kutmoqdamiz». Shu maqsadda, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi, Berlin va Vashington keyingi qadamlarini muvofiqlashtirishga kelishib oldi.
Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya tinch yo‘l bilan kelishuvdan bosh torsa, Yevropa ham, AQSh ham «tegishli choralar ko‘rishga» tayyor. U YeIning Moskvaga qarshi 18-sanksiya paketini ishlab chiqish va amerikalik senatorlarning cheklovchi choralar ko‘rishga tayyorligini eslatdi. AQSh prezidenti Donald Tramp, o‘z navbatida, davom etayotgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga xalaqit bermaslik uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamasligini ma’lum qildi. U yana bir bor tomonlar «kelishuvga yaqin» ekanini ta’kidladi.
O‘sha kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Yoxann Vadeful Ukrainada tinchlikka erishish istagini yana bir bor ta’kidladi: «Hamma muzokara tarafdori. Hamma ikki tomon o‘zaro maqbul yechim topishi tarafdori. Lekin hozirda Rossiya bunga tayyor emas», — dedi u.
Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari, shuningdek, Yevropa davlatlarini Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. Uning eslatishicha, bu urush Rossiya tomonidan boshlangan va u uni to‘xtatishga tayyor emas: «Shunday ekan, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz va haqiqatan ham o‘z hududini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan harbiy qurollar bilan ta’minlashimiz kerak».