Bolgariyada valutaning yevroga o‘zgarishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Mamlakatdagi o‘ng partiya yetakchisi namoyishchilarni 4 iyul kuni ham ko‘chalarga chiqishga va Bolgariya parlamentiga kirish yo‘lini yopib qo‘yishga chaqirdi.
Foto: AP
Sofiya va Bolgariyaning boshqa yirik shaharlarida hukumatning milliy valuta — levning yevroga o‘zgartirilishiga oid rejalariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Aksiya o‘ng «Vozrojdeniye» partiyasi tomonidan tashkil etildi.
«Men Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimizga murojaat qilmoqchiman. Ular o‘tirgan kursisini chopmasin… Tahlilchilar, iqtisodchilar, professorlardan eshitganlarimga ko‘ra, Bolgariya yevrozonaga qo‘shilishdan foyda olishiga ishonmayman», — deydi partiya yetakchisi Kostadin Kostadinov.
Kostadinov, shuningdek, namoyishchilarni 4 iyul kuni ko‘chalarga chiqishga va Bolgariya parlamentiga kirish yo‘lini yopib qo‘yishga chaqirdi. Shu kuni u yerga YeI delegatsiyasi tashrif buyurishi kerak.
Bolgariya Yevropa Ittifoqiga 2007 yilda a’zo bo‘lgan. Yevropa Markaziy banki zarur talablarga javob bermagani uchun mamlakatni yevro zonasiga kiritmagan. 2024 yilda Bolgariya parlamenti valutani almashtirish bo‘yicha o‘tish davriga oid qonunni qabul qildi. Jarayonning yakunlanish muddati noma’lum. Namoyishlar fonida prezident Rumen Radayev bolgar levidan voz kechish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi, ammo parlament ushbu tashabbusni rad etib, davlat rahbarini YeI bilan chuqurroq integratsiyaga xalaqit berishda aybladi.