softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Mask ishdan ketdi, Suriyada IShID, Osiyoda koronavirus faollashdi – hafta dayjesti

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Mask ishdan ketdi, Suriyada IShID, Osiyoda koronavirus faollashdi – hafta dayjesti

Batafsil o'qish:

Assalomu alaykum. Bugun 1 iyun, yakshanba. Bir hafta davomida dunyoda juda ko‘p ishlar bo‘lib ketdi. Isroil va HAMAS sulh bo‘yicha yana kelisha olmadi, Ilon Mask ishdan ketdi, Suriyada IShID, Sharqiy Osiyoda esa koronavirus faollashdi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, bahorning oxirgi haftasida dunyoda nimalar bo‘lganini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ilon Mask ishdan ketdi

Hafta davomida dunyoning eng boy odami Ilon Mask ishdan ketdi. Donald Tramp prezidentlikka qaytishiga katta hissa qo‘shgan milliarderning pattasini qo‘lga tutqazishdi. Odamlar ko‘zi uchun Tramp Maskni hurmat-izzat bilan kuzatib qo‘ydi, unga ramziy ma’noda Oq uyning oltin kalitini sovg‘a qildi, butun boshli matbuot anjumani o‘tkazib, Maskni maqtadi. Axir Ilon Trampning saylov kampaniyasi uchun kamida 300 million dollar sarflagandi.

Lekin gap nimada ekanini voqealarni kuzatib turganlar juda yaxshi tushundi. Tramp va Mask kelishmay qolishdi. Tesla xo‘jayini Trampning yangi qonunidan xursand bo‘lmaganini ochiq aytdi ham. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyatida g‘alati ishlar qilib yurgan paytida Maskning kampaniyalarida savdo tushib ketdi. Odamlar Teslaʼga boykot qilishdi, salonlarini yoqishdi. Boyvachcha qarasa, biznes orqaga ketyapti, oyligi yaxshi bo‘lsa ham, shartta davlat ishini tashladi-da, yana zavodiga ketdi. Ana shunaqa, janob Mask, chinovnik bo‘lish oson emas. Kallai saharlab ishga jo‘nash, har kuni soatlab zerikarli majlislarda mudrab o‘tirish, hisobot eshitib hisobot berish, shaharma-shahar islohotlar samarasini tekshirib yurish hazil ish emas axir. Byurokratiyani ham chidaganga chiqargan.

Trampning ritorikasi o‘zgardi

Esingizda bo‘lsa, Donald Tramp yil boshida Ukrainaga nisbatan keskin pozitsiya talab qilib, Kiyevni dunyodagi barcha gunohlarda ayblab chiqqandi. Bunga chidolmagan Zelenskiy Oq uyga borib, Trampning kabinetida janjal ko‘tarib kelgandi ham. Urushni boshlagan Rossiya prezidenti Putinga qarshi esa bir og‘iz ham gapirmayotgandi.

Biroq oxirgi haftalarda Donald Trampning Vladimir Putinga nisbatan ritorikasi keskin o‘zgardi. U Putinni tanqid qilib postlar yozdi. Rossiya prezidentini «aqldan ozgan», «olov bilan o‘ynashyapti» dedi, Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. Aftidan, odamlar 3 yildan buyon tushunib bo‘lgan narsa janob Trampga endi yetib borgan ko‘rinadi. Axir u shu vaqtgacha Taker Karlsonga o‘xshagan odamlarni eshitib yurganda.

Biroq Tramp yarashinglar endi deganidan keyin ham Rossiya Ukrainaga hujumni kuchaytirganidan so‘ng gap nimada ekanini tushunib yetgan ko‘rinadi. Trampning ohangidan bir narsani anglash mumkin: AQSh prezidentiga Putin uning gaplarini sariq chaqaga ham olmayotgani yomon alam qilgan.

Serbiya Ukrainaga qurol sotdi, keyin uzr so‘radi

Haftaning eng mojaroli voqealaridan biri Serbiyada sodir bo‘ldi. Rossiya tashqi razvedka xizmati neytralitet e’lon qilganiga qaramay Serbiya harbiy kompaniyalari ishlab chiqargan qurollar Ukrainaga yetkazib berilgani haqida hisobot e’lon qildi. Rossiya razvedkasiga ko‘ra, Serb kompaniyalari Kiyevga o‘rtada turgan davlatlar, xususan NATO davlatlarining soxta sertifikati asosida qurol sotgan.

Bu gap chiqqach, Rossiya bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich tezda munosabat bildirib, serb qurollari Ukrainaga borib yetmasligi uchun kerakli topshiriqlarni berishini aytdi. Vuchich bu masalani Putin bilan muhokama qilganini ham aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat elchisi Serbiyani Rossiyaga qurol sotishda ham ayblagan. «Kechirasiz-u, Amerikaga, Turkiyaga, arab davlatlariga qurol sotolmasak, kimga sotamiz? Harbiy sanoat sektorida 23 ming odam ishlaydi, yana 25 ming odam shunga aloqador ish bilan band», dedi Vuchich.

Rossiyaning sovg‘alari

Urush boshlanganidan buyon Rossiyaga asosan ikki davlat harbiy sohada yordam berib keladi: Eron va Shimoliy Koreya. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya bu ikki ittifoqchisini harbiy ko‘mak uchun quruq qo‘ymagan. «Agenstvo» jurnalistlari shartnomalar bilan tanishgan vashingtonlik tadqiqotchilarga asoslanib yozishicha, Rossiya Eronga qurol-yarog‘ yetkazib bergani uchun 4 tonna oltin bergan.

Xususan, Sahara Thunder kompaniyasiga Shahed-136 dronlari uchun qiymati 104 million dollarga teng 1,8 tonna oltin yuborilgan. Shartnoma Eron kompaniyasi va Tataristondagi Alabuga iqtisodiy zonasi tomonidan imzolangan. Aynan shu yerda Eron dronlari ishlab chiqariladi, Ukraina Alabugaga dron bilan hujum qilgandi.

Shuningdek, 2023 yil 5 aprel kuni Erondagi yana bir kompaniyaga 2 tonnadan ortiq oltin yuborilgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, oltinda savdo qilish AQSh joriy qilgan sanksiyalarni aylanib o‘tishga va savdo-sotiq tafsilotlarini sir saqlashda yordam beradi.

G‘azodagi vaziyat

Bahor oxirida G‘azoda vaziyat yanada keskinlashdi. Isroil bo‘lgaga kiradigan oziq-ovqatni yana cheklab qo‘ydi. Oqibatda g‘azoliklar yana ochlikdan azob cheka boshladi. AQSh har ikki tomonga yangi sulh rejasini taklif qildi, Isroil uni qabul qildi, lekin HAMAS rad etdi. Oqibatda isroillik asirlar yana ozod qilinmaydigan bo‘ldi. Bu esa Netanyahu armiyasi endi yanada agressiv harakat qilishiga sabab bo‘ladi.

HAMAS ustidan g‘alaba haqida allaqachon e’lon qilib bo‘lgan Isroil yana G‘azo shimolidan falastinliklarni majburan ko‘chirishga kirishdi. Hozircha G‘azo sektori kelajagi mavhumligicha qolmoqda. Isroil asirlar qo‘yib yuborilmaguncha urush qilmoqchi, HAMAS esa negadir asirlarni qo‘yib yubormoqchi emas, hatto ularning jasadlarini ham.

Suriyada faollashgan IShID

Suriyada IShID terrorchi guruhi yana faollashgani ma’lum bo‘ldi. Guruh hafta davomida Suriya yangi hukumat kuchlariga hujum qilgan. Bu Bashar Asad ag‘darilganidan keyin amalga oshirilgan ilk hujumlar bo‘ldi. 29 may kuni terrorchilar o‘rnatgan bomba portlashi sabab kamida 7 kishi halok bo‘lgan. Yana bir hujumda bir armiya zobiti o‘lgan. Ikki hujum uchun ham IShID javobgarlikni zimmasiga olgan.

Osiyoda avj olgan koronavirus

Bir necha yil davomida insoniyat sillasini quritgan koronavirus yana keng tarqala boshlagan ko‘rinadi. Osiyo davlatlari yana cheklovlar haqida o‘ylay boshladi. Singapurda aprel oxirida 15 mingga yaqin holat aniqlangan. Hukumat 60 yoshdan oshganlarni qayta emlash haqida o‘ylamoqda. Xitoyda 169 ming odamda virus aniqlangan. Hozircha 9 o‘lim holati ma’lum. Tailandda ham 187 ming odam topshirgan testlar musbat natija bergan. Hukumat birlamchi dori-darmonlar, niqob narxi oshib ketmasligi uchun harakat qilishga kirishdi.

Erdo‘g‘an: keling, gaplashamiz

2 iyun kuni Turkiyada Rossiya va Ukraina o‘rtasida ikkinchi raund muzokara o‘tkazilishi belgilandi. Birinchi raundda hech qanday natijaga erishilmadi, chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokarani taklif qilgan Putinning o‘zi unga bormadi. Ikkinchi uchrashuvda ham Rossiya prezidenti bo‘lmaydi, lekin tomonlar Putin va Zelenskiy uchrashuvini tashkil qilish bo‘yicha gaplashadi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an davlat rahbarlari qatnashmagan muzokara samarasiz bo‘lishini bilgan holda Putin va Zelenskiyni uchrashishga, istashsa, bu uchrashuvda o‘zi ham ishtirok etishi mumkinligini aytdi. Kerak bo‘lsa, Tramp, Putin, Zelenskiy va mening uchrashuvimni tashkil qilamiz, dedi Erdo‘g‘an. Ukraina prezidenti Zelenskiy ham Putinga agar u bilan yolg‘iz gaplashish noqulay bo‘lsa, Tramp ishtirokida, umuman istalgan formatda u bilan muloqot qilishga tayyorligini aytdi. Moskva esa doimgidek jim.

Nyu Yorkda alokogolsiz kafe

Hafta davomida qiziq bir xabar o‘qib qolib, uni sizga ham ulashishni istadim. Mahalliy nashrlardan birining yozishicha, kuzda Manhettenda Nyu Yorkda ilk mast qiluvchi ichimliklar sotilmaydigan kafe ochiladi. The Maze deb ataluvchi joyni Jastin Gurland degan amerikalik ochmoqda. U 17 yildan buyon umuman alkogol ichmas ekan.

427 kvadrat metr maydonni egallaydigan klubda kafe restoran, uchrashuv va marosimlar uchun joy bo‘ladi. «U yerda chinakamiga, mast qiluvchi ichimliklar, shovqin va rasmiyatchiliksiz uchrashish mumkin», deydi Jastin. To‘g‘ri, Nyu Yorkdagi musulmoncha oshxonalarda, fast fud kafelarida shundog‘am alkogol sotilmagan, lekin shaharda chinakam klub ko‘rinishidagi bunaqa maskan yo‘q edi.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.