Ukraina delegatsiyasi Istanbuldagi muzokaralarning navbatdagi raundiga yo‘l oladi - Zelenskiy
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Delegatsiyaga mudofaa vaziri Rustem Umerov rahbarlik qilmoqda. Rossiya tomonidan esa muzokaralarda Putinning yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etadi.
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Volodimir Zelenskiy Kiyev delegatsiyasi 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Rossiya—Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundida ishtirok etishini tasdiqladi.
«Mustaqilligimiz, davlatimiz va odamlarimiz himoyasi uchun barcha ishni qilyapmiz. Yaqin vaqt uchun vazifani belgilab oldim. Dushanba kuni Istanbulda o‘tkaziladigan uchrashuv oldidan pozitsiyamizni belgiladim.
Birinchidan — to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish. Ikkinchidan — asirlarning ozod qilinishi. Uchinchidan — o‘g‘irlab ketilgan bolalarning qaytarilishi. Ishonchli va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish hamda xavfsizlikni kafolatlash uchun — eng yuqori darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish. Asosiy masalalarni faqat yetakchilar hal qila oladi. Dushanba kungi delegatsiyamizga Rustem Umerov rahbarlik qiladi», — deb yozadi Ukraina prezidenti o‘zining Telegram kanaliga.
Shuningdek, Zelenskiy 1 iyun kungi yig‘ilishda mudofaa vaziri, tashqi ishlar vaziri, Bosh shtab, razvedka va Ukraina Xavfsizlik xizmatidan hisobotlarni tinglaganini ma’lum qildi.
TASSning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, muzokaralarda ishtirok etadigan Rossiya delegatsiyasi Istanbul tomon yo‘lga chiqqan. RF delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qilmoqda. 28 may kuni Umerov va Medinskiy telefon orqali muloqot qilib, muzokaralar sanasi va vaqtini muhokama qilgan edi.
Rossiya vakillari muzokaralar davomida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha memorandum loyihasi va boshqa takliflarni taqdim etadi.