Bangladesh sudi sobiq bosh vazir Shayx Hasinani hibsga olish orderini berdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
U 2024 yil iyul-avgust oylarida mamlakatda yuz bergan ommaviy namoyishlar vaqtida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda.
Foto: Getty images
Xalqaro jinoyatlar bo‘yicha tribunal Bangladeshning sobiq bosh vaziri Shayx Hasina va sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamolni hibsga olish orderini berdi.
Ular 2024 yil iyul–avgust oylaridagi ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida yuz bergan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda. Ushbu noroziliklar natijasida yuzlab talaba va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Sud Shayx Hasina, Xon Kamol va politsiya sobiq bosh inspektori Abdulloh Al-Mamun ustidan ilgari surilgan ayblovlarni qabul qilgan. Ish bo‘yicha navbatdagi tinglov 16 iyunga belgilangan.
Ayblov tomoni Shayx Hasinani ommaviy qirg‘inlarni tashkil qilganlikda va xavfsizlik kuchlari hamda o‘sha vaqtda hokimiyatda bo‘lgan «Xalq ligasi» partiyasi faollariga noroziliklarni bostirish bo‘yicha bevosita ko‘rsatmalar berganlikda ayblamoqda. Prokuratura ayblanuvchilarga qarshi ko‘rsatma berishga tayyor 81 kishilik guvohlar ro‘yxatini taqdim etgan. Sud jarayonining bir necha oy davom etishi kutilmoqda.
Sobiq bosh vazirga qarshi sud eshituvi Bangladesh davlat telekanalida jonli efirda namoyish etildi. U jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi, sababi sud aynan Shayx Hasinaning o‘zi tomonidan 2009 yilda 1971 yilgi urush jinoyatlarini tergov qilish maqsadida tashkil etilgan edi. Endi esa u aynan shu muhakamada sud qilinmoqda.
2024 yil 5 avgust kuni hukumatga qarshi namoyishlar fonida Shayx Hasina iste’foga chiqib, Hindistonga uchib ketgandi.
Avvaliga faqat talabalar ishtirok etgan namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyilib ketgan edi. Talabalar davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yildan Pokistondan mustaqillikka erishish uchun bo‘lgan urush faxriylarining qarindoshlari uchun zaxira qilinishini ko‘zda tutuvchi kvotalar tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan edi. Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, norozilik namoyishlarida 1000 dan ortiq inson halok bo‘lgan.
77 yoshli Hasina qochib ketganidan beri ommaga ko‘rinish bermadi. Uni oxirgi marotaba Hindiston poytaxti yaqinidagi aviabazada ko‘rishgan — sobiq bosh vazir u yerda vertolyotda yetib borgan. Hasina avvaliga tez orada Hindistonni tark etishi kutilgandi, ammo u mamlakatdan boshpana olishga muvaffaq bo‘lgan.
Hasina qochib ketgach iqtisodchi Muhammad Yunus Parijdan qaytib kelib, Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari sifatida qasamyod qildi. 2006 yilda u kambag‘allarga mikrokredit berish sohasidagi izlanishlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.