Germaniyada maktab o‘quvchilariga «erta pensiya» tayinlash taklifi ilgari surildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
«Erta pensiya» 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi. Mablag‘lardan fuqaro pensiya yoshi - 67 ga kirganidan keyin foydalanishi mumkin.
Foto: picture-alliance/dpa
Germaniyada maktab o‘quvchilariga har oyda 10 yevro ajratish va ushbu mablag‘larni «erta pensiya» sifatida investitsiya qilishdan olinadigan foydani ularning hisobraqamlariga o‘tkazib borish taklif qilindi, deb yozmoqda CNBC.
«Erta pensiya» 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi. O‘qish mobaynida ular 1500 yevroga yaqin mablag‘ to‘plab qo‘yishlari mumkin.
Qayd etilishicha, dasturni davlat jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.
Hisobraqamlarga kelib tushadigan pullarni kim investitsiya qilish bilan shug‘ullanishi, ularni qanday moliyaviy vositalarga sarflash rejalashtirilayotgani va pensiyaga chiqish paytiga kelib foizlarni hisobga olgan holda jamg‘armalar miqdori qancha bo‘lishi mumkinligi hozircha noma’lum.
Voyaga yetganidan so‘ng, Germaniya fuqarosi o‘z hisobiga yillik cheklovlar doirasida shaxsiy mablag‘larini ham o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Biroq pulni faqat pensiya yoshiga yetgandagina olishga ruxsat etiladi. 2025 yil may oyiga ko‘ra, Germaniyada pensiya yoshi 67 ni tashkil etadi.
Germaniya hukumati ushbu chora «bo‘lajak pensionerlar»ni boshlang‘ich kapital bilan ta’minlashiga, shuningdek, yoshlarni o‘z mablag‘lari va investitsiyalariga oid masalalardan xabardor bo‘lishini oshirishiga umid qilyapti.
Ayrim ekspertlar yakundagi summa «ramziy» bo‘lishini ta’kidlab, dastur yoshlarning moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga shubha bildirmoqda. Chunki ular pul va foizlarni «passiv» shaklda oladi. Investitsiyaviy qaror qabul qilish esa uchinchi shaxslarda qoladi.