«Pautina» operatsiyasi aniq tarix darsliklariga kiritiladi - Zelenskiy
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ukraina prezidenti Rossiya harbiy aviabazalariga uyushtirilgan dronlar hujumi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, operatsiyaga 1,5 yildan ortiq vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan. Natijada, RF strategik samolyotlarining 34 foizi yo‘q qilingan.
Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiyaning strategik bombardimonchilari joylashgan aerodomlarga dronlar yordamida hujum uyushtirilgan «Pautina» maxsus operatsiyasini amalga oshirganini rasman tasdiqladi.
«7 milliard AQSh dollari. Bugun Ukraina xavfsizlik xizmatining «Pautina» nomli maxsus operatsiyasi natijasida, dushmanning ishg‘ol etilgan strategik aviatsiyasini taxminiy qiymati. Rossiya asosiy aerodromlaridagi qanotli raketalarni tashuvchi strategik samolyotlarning 34 foizi yakson qilindi», — deyiladi xabarda.
Bayonot bilan birga Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Vasiliy Malyukning «Pautina» operatsiyasi sxemasi bilan birga tushgan surati tarqaldi. Oldinroq uni «Babel» nashri e’lon qilgandi.
O‘z navbatida Volodimir Zelenskiy UXX boshlig‘i Vasiliy Malyuk bilan uchrashuv o‘tkazib, «Pautina» operatsiyasi yakunlari bo‘yicha hisobotini tinglaganini ma’lum qildi.
«Ajoyib natijaga erishildi. Ukrainaning mustaqil natijasi. Rejalashtirish boshlanganidan to samarali natijaga qadar 1,5 yil va 9 kun. Eng uzoq muddatli operatsiyamiz. Albatta, hozir hammasini ham ayta olmaymiz, ammo Ukrainaning bu harakatlari aniq tarix darsliklariga kiritiladi. Ukraina o‘zini himoya qilyapti va bu juda to‘g‘ri — biz Rossiyaga bu urushni tugatish zarurligini his qilish uchun hamma narsani qilyapmiz», — deb yozadi Zelenskiy.
Kechki murojaati davomida Zelenskiy operatsiyaga oid yana ayrim ma’lumotlarni oshkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyada jami 117 ta FPV-dronlari va shuncha dron operatorlari ishtirok etgan.
«Eng qizig‘i — bu haqida endi bemalol gapirish mumkin — operatsiyamizning Rossiyadagi «ofisi» oblastlardan biridagi RF Federal xavfsizlik xizmati boshqarmasini yonginasida joylashgandi», — deydi prezident.
1 iyun kuni Murmansk, Irkutsk, Ryazan va Ivanovo oblastlariga dronlar hujumi uyushtirilgani to‘g‘risida xabar berildi. Ukraina OAV buni «Pautina» maxsus operatsiyasi deb atadi. Uning doirasida FPV-dronlar «Dyagilevo», Olenya», «Belaya», «Ivanovo» harbiy aerodromlariga hujumlar uyushtirdi. Dronlar aviabazalar yaqinidagi yo‘llarga olib kelingan yuk mashinalaridan uchirilgan. Ular umumiy hisobda Rossiya aviatsiyasining 41 ta samolyotini, jumladan, A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 bombardimonchilarini yakson qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina dronlari haqiqatdan ham beshta oblastdagi, jumladan, Amur oblastidagi harbiy aerodromlarga hujumlar uyushtirganini tan oldi. Harbiy idoraga ko‘ra, faqatgina Murmansk va Irkutsk oblastlaridagi «bir nechta aviatsiya texnikasi yongan» xolos, Ivanovo, Ryazan va Amur harbiy aerodromlarida «barcha terrorchilik hujumlari qaytarilgan». Harbiy xizmatchilar va fuqarolar orasida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘q.