«Rus aviatsiyasi uchun qora kun». «O‘rgimchak to‘ri operatsiyasi» haqida hozirgacha nimalar ma’lum?
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
«O‘rgimchak to‘ri» deb nomlangan amaliyot doirasida Rossiyaning to‘rtta regionidagi aerodromlarga yoppasiga zarbalar berildi, UXXning qo‘li uzoq Sibirgacha yetib borgan. Amaliyot antiqa ko‘rinishda amalga oshirilgan – yo‘lda to‘xtab turgan yuk mashinalaridan zarbdor dronlar uchib chiqqan.
Foto: Videodan kadr
Ukraina dronlari yakshanba kuni Rossiyadagi bir nechta harbiy aerodromlarga zarba berdi. BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik kuchlaridagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqini davridagi eng yirik hujum natijasida 40 dan ortiq samolyot, jumladan, A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 samolyotlari aniq nishonga olingan. Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning Rossiya harbiy aerodromlariga hujumini tasdiqladi va «bir nechta aviatsiya texnikasi» yonib ketganini ma’lum qildi.
Rossiya harbiy idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning beshta regioni – Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amurdagi harbiy aerodromlar dronlar hujumiga uchragan.
Rossiya mudofaa vazirligi bu zarbalarni «Kiyev rejimi tomonidan amalga oshirilgan terakt» deb atadi.
Idora xabarida Ivanovo, Ryazan va Amur oblastlaridagi harbiy aerodromlarda barcha hujumlar qaytarilgani iddao qilingan.
Irkutsk va Murmansk oblastlaridagi harbiy aerodromlarda FPV-dronlari hujumidan so‘ng bir nechta aviatsiya texnikasi yonib ketdi, deya ma’lum qildi Rossiya mudofaa vazirligi shikastlangan samolyotlar soniga aniqlik kiritmasdan.
«Yong‘inlar bartaraf etildi. Harbiy xizmatchilar va tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q», – deya ma’lum qildi harbiy idora va hujumning ayrim ishtirokchilari qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi.
Ukraina xavfsizlik kuchlari Rossiya aviatsiyasi yo‘qotishlari haqida
Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina dronlarining Rossiya aviabazalariga hujumi natijasida strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi zarar ko‘rgan.
«7 mlrd AQSh dollari. Bugun UXXning „O‘rgimchak to‘ri“ maxsus operatsiyasi natijasida zarbaga uchragan dushman strategik aviatsiyasining taxminiy qiymati shunday», – deyiladi UXX telegram-kanalida.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Rossiya hududidan uchirilgan – ular yuk mashinalaridan uchib chiqqan. UXXdagi manbaning yozishicha, «Olenya» (Murmansk oblasti), «Belaya» (Irkutsk oblasti), «Ivanovo» (Ivanovo oblasti) va «Dyagilevo» (Ryazan oblasti) aviabazalari hujumga uchragan.
Internetda Malyukning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi sxemasi bilan birga tushgan surati tarqalgan.
Hujumga uchragan regionlar rasmiylari nimalar dedi?
«Dronlar uchirilgan manba allaqachon bloklangan. Bu – fura», – deb yozdi ijtimoiy tarmoqlarda Irkutsk oblasti gubernatori Igor Kobzev va dron hujumi Sibirda birinchi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Kobzevning so‘zlariga ko‘ra, dronlar «Sredniy qishlog‘idagi harbiy qism»ga hujum qilgan. Ushbu aholi punkti Usole-Sibirskaya qishlog‘i yaqinida joylashgan bo‘lib, uning yonida Belaya aviabazasi joylashgan.
Murmansk oblasti gubernatori Andrey Chibis ham region hududiga dronlar hujumi uyushtirilganini tasdiqladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa guvohi Olenegorsk yaqinida to‘xtab turgan yuk mashinasidan dronlar ucha boshlagani aytilgan videoni e’lon qilindi. Olenegorsk yaqinida Rossiyaning «Olenya» strategik aviatsiyasi bazasi joylashgan.
Rossiya telegram-kanallarida dronlar ko‘rinayotgani va otishmalar ovozi eshitilayotgan ko‘plab kadrlar tarqatildi.
«O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi
BBC Ukraina xizmatining UXXdagi suhbatdoshining yozishicha, maxsus operatsiya «O‘rgimchak to‘ri» deb nomlangan va unga maxsus xizmat rahbari Vasiliy Malyuk shaxsan rahbarlik qilgan.
«Hozirda UXX Rossiya Federatsiyasi hududida dushman bombardimonchi samolyotlarini yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamli maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. UXX dronlari har kecha Ukraina shaharlarini bombardimon qilayotgan samolyotlarga qarshi ishlamoqda. Hozirda 40 dan ortiq samolyot yo‘q qilingani ma’lum, ular orasida A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 bor», – degan suhbatdosh.
Ukraina maxsus xizmatlari namoyish etgan videolardan birida Irkutsk oblastidagi «Belaya» aerodromi deb ta’riflangan joyda yong‘in sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, bir vaqtning o‘zida bir nechta Rossiya telegram-kanallari dronlar ko‘rinib turgan va otishmalar ovozi eshitilayotgan videolarni e’lon qildi. Xabarlarda bu videolar «Belaya» va «Olenya» bazalari yaqinida tasvirga olingani aytiladi.
Xususan, Shot yangiliklar kanali Ukraina dronlari uchib chiqqani aytilgan yuk mashinasi suratini joylashtirdi.
«Furadan uchib chiqqan dronlarni nafaqat Irkutskda, balki Murmansk oblastida ham ko‘rishgan. Ikkala holatda ham mahalliy aholi bir xil manzarani tasvirlamoqda: katta yuk mashinasi trassada to‘xtaydi va undan dronlar uchib ketadi», – deyiladi xabarda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Murmansk oblastida yuk mashinasi haydovchisi allaqachon qo‘lga olingan va ko‘rsatma bermoqda.
Ikkala holatda ham gap FPV-dronlar haqida ketmoqda, ular masofadan boshqarish uchun maxsus dasturga ega bo‘lgan.
«Belaya» aviabazasi Sibirda, Ukraina chegarasidan deyarli 4,5 ming km uzoqlikda, «Olenya» aerodromi Murmansk oblastida, Ukrainadan deyarli 1,7 ming km masofada joylashgan.
UXXdagi manba: dronlar yuk mashinalar tomiga yashirilgan uychalardan uchib chiqqan
BBC Ukraina xizmatining UXXdagi manbasi maxsus xizmat Rossiya harbiy aerodromlariga dronlar bilan bu zarbani qanday tayyorlagani haqida ham gapirib bergan.
Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rtta aviabazaga berilgan zarbalar natijasida Rossiya strategik aviatsiyasining 41 ta samolyoti shikastlangan.
Rossiya hukumati dronlar kamida ikkita baza joylashgan hududlarga hujum qilganini tasdiqlagan, biroq samolyotlarga yetkazilgan zarar haqidagi ma’lumotlarga izoh bermagan.
UXXdagi manba so‘zlariga ko‘ra, mazkur operatsiyaga bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rilgan va uning borishini shaxsan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy nazorat qilgan, uni amalga oshirishga Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk va maxsus xizmat xodimlari mas’ul bo‘lgan.
Manba Ukraina dronlari aviabazalarga yaqinlashgan yuk mashinalaridan uchib chiqqanini tasdiqlagan.
«UXX dastlab FPV-dronlarini, keyinroq esa ko‘chma yog‘och uylarni Rossiya hududiga o‘tkazdi. Keyinchalik RF hududida dronlar yuk mashinalariga joylashtirilgan uylarning tomlari ostiga yashirilgan. Kerakli paytda uylarning tomlari masofadan turib ochildi, dronlar Rossiya bombardimonchi samolyotlariga zarba berish uchun havoga ko‘tarildi», – deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, UXXdagi manba «ushbu tarixiy maxsus operatsiyada ishtirok etgan odamlar allaqachon Ukrainaga qaytib bo‘lgani»ni ta’kidlagan.
BBC Ukraina xizmati suhbatdoshi amaliyotda qo‘llangan dronlar aks etgan fotosuratlarni ham taqdim etdi.
«Bu ruslarning Perl-Harbori». Z-blogerlar nimalar demoqda?
Havo bazalariga hujum qilish uchun dronlar uchib chiqqan qutilar haqidagi ma’lumotni rossiyalik Z-blogerlar ham tasdiqlamoqda.
«Dronlar juda yaqin masofadan qo‘llangani sababli, tabiiyki, aviatsiyani zarba ostidan olib qochish ilojsiz edi, shuningdek, ularga qarshi „Pansir“, S-300 va hokazolarni qo‘llashning iloji yo‘q edi. O‘ylashimcha, hujum „jyeday qilichlari“ bilan jihozlangan dronlarga qarshi himoya tizimlari naryadlari uchun ham kutilmagan hol bo‘ldi. Shunday ekan, yangiliklar yaxshi bo‘lishi dargumon», – deb yozadi Rossiyaning harbiy aviatsiyasi haqidagi Fighterbomber kanali muallifi.
U «bu kun keyinchalik Rossiya uzoq masofali aviatsiyasining qora kuni sifatida esda qolishi»ni aytib o‘tgan.
«Bunga qanday va nima bilan javob berish mumkinligini tasavvur ham qila olmayman. Ha, bizda samolyotlarni bera oladigan o‘nlab mamlakatlar yo‘q. Bu haqda Bosh shtab boshlig‘i qanday fikrda?» – deya ritorik savollar bilan murojaat qiladi Kursk oblasti gubernatorining sobiq maslahatchisi va taniqli Z-muallif Roman Alyoxin. U bu ruslarning «Perl Harbor»i bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
«Xo‘sh, qarama-qarshilikning yangi bosqichi. Aslida, bu bizning ichkari hududlarimizda FPV-dronlari ishlay boshlashi vaqt masalasi edi. Hozir haqiqatni aytish muhim. Qanchalik achchiq bo‘lmasin», – deydi «Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kots.
«Bombardimonchi samolyotlar sovet ittifoqi davrida qurilgan va „qayta tiklanmaydigan strategik resurs“ hisoblanadi», – deb yozadi Romanov Layt harbiy kanali Rossiya armiyasi ko‘rgan yo‘qotishlar haqida.
«Dushman manbalarining yozishicha, „Belaya“ aviabazasida yana ikkita Tu-160 borti zarbaga uchragan bo‘lishi mumkin. Tu-95 bilan birgalikda bu kamida to‘qqizta zararlangan samolyotdir», – deydi teleboshlovchi Ruslan Ostashko yo‘qotishlarni aniq baholab.
«Bu kuchlarning yadroviy strategik muvozanatiga bevosita putur yetkazishdir. Bu mamlakatimiz yadroviy himoyasining pasayishidir», – deydi «Dva mayora» kanali mualliflari.
Yirik Rybar harbiy kanali esa Rossiya mudofaa vazirligi bu safar ham sodir bo‘lgan voqeaga tezkor izoh berishga tayyor emasligini ta’kidladi: «Har safar tartibsizlik yuz berganda, bizni „tor joyda“ kaltaklashganda va Rossiya Mudofaa vazirligi chizig‘ida navbatdagi „teshik“ yuzaga kelganda, axborot xizmati organlari odatdagidek ishlaydi: boshini qumga tiqib, hech narsaga javob bermaydi».
Zelenskiy: «Tarix darsliklariga kiradigan qoyilmaqom natija»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechqurungi videomurojaatida Ukraina xavfsizlik xizmati o‘tkazgan amaliyot bo‘yicha ayrim tafsilotlarni aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyotni o‘tkazishga bir yarim yil davomida tayyorgarlik ko‘rilgan.
«Eng qizig‘i – va hozir ham buni ochiq aytish mumkin –- Rossiya hududidagi operatsiyamizning „ofisi“ Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining oblastlardan biridagi boshqarmasi qarorgohi yaqinida joylashgan edi», – dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining aytishicha, operatsiyada jami 117 ta drondan foydalanilgan.
«Va tegishli miqdordagi dron operatorlari ishladi. Aerodromlarda joylashtirilgan strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi shikastlandi», – dedi Zelenskiy.
«Odamlarimiz Rossiyaning turli hududlarida – uchta vaqt mintaqasida harakat qilishdi», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk bilan uchrashuv o‘tkazib, operatsiyasi yakunlari bo‘yicha hisobotini tinglaganini ma’lum qildi.
«Juda ajoyib natijaga erishildi. Ukrainaning mustaqil natijasi. Rejalashtirish boshlanganidan to samarali natijaga qadar 1,5 yil va 9 kun. Eng uzoq muddatli operatsiyamiz. Albatta, hozir hammasini ham ayta olmaymiz, ammo Ukrainaning bu harakatlari tarix darsliklariga kirishi aniq. Operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rgan odamlarimiz Rossiya hududidan o‘z vaqtida olib chiqildi. Ukraina o‘zini himoya qilyapti va bu juda to‘g‘ri – biz Rossiyaga bu urushni tugatish zarurligini his qilish uchun hamma narsani qilyapmiz», – dedi Zelenskiy.
Aviabazalarga zarbalar Rossiya qo‘shinlarining jangovar qobiliyatlariga qanday ta’sir qiladi?
Pavel Aksenov, BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi:
Strategik aviatsiya samolyotlariga zarba berish eng samarali usullardan biridir. Bular ochiq maydonda turgan katta nishonlar, ular juda zaif – bunday bombardimonchiga yetkazilgan har qanday zarar uni ishdan chiqarishi deyarli aniq.
Ukraina manbalari, OSINT-tadqiqotchilari hamda rossiyalik harbiy blogerlar Tu-95 va Tu-22M3 yo‘q qilingani haqida xabar berishmoqda. Tu-95MS raketa tashuvchisi – bazaviy versiyasi 1950-yillarda yaratilgan, 1980-yillarda seriyali ishlab chiqarilgan bombardimonchi samolyotning eng so‘nggi modifikatsiyasidir, Tu-22M3 ham o‘sha paytlarda qurilgan.
Ya’ni bu samolyotlar 30 yildan ortiq vaqtdan beri seriyali ishlab chiqarilmaydi, ular uchun ko‘plab butlovchi qismlar va detallar ishlab chiqarilmaydi. Boshqa samolyotlardan nimadir olish mumkin. Bombardimonchi samolyotlarning shikastlanish darajasini aniqlash qiyin, ammo ular yaqin orada ucha olmasa ham kerak, agar qachondir ucha olsa.
Hozircha bloglar va matbuot xabarlarida to‘qqiz raqami bor – go‘yoki ukrainlar aynan shuncha samolyotni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu Rossiya strategik qo‘shinlarining jangovar qobiliyatiga katta ta’sir ko‘rsatishi dargumon.
UXX esa Rossiya kosmik-havo kuchlarining yo‘qotishlari ancha ko‘pligi – 40 ta samolyot, jumladan A-50, Tu-95 va Tu-22M3 uchar radarlari yo‘q qilinganini aytmoqda. Bunday yo‘qotishlarni, agar bu haqiqat bo‘lsa, uzoq va strategik aviatsiya uchun haqiqiy falokat deb hisoblash mumkin.
Endi aerodromlar kabi nishonlarni qo‘riqlashni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalari, radioelektron himoya tizimlarini joylashtirish, qo‘riqlash xodimlarini ko‘paytirish talab etiladi. Nihoyat, Rossiya blogosferasida ko‘pchilik ancha kattaroq va qimmatroq bo‘lgan boshpanalarni qurishni boshlashga chaqirmoqda.
Bularning barini amalga oshirish juda katta mablag‘ sarflashni, shuningdek, katta kuch sarflashni talab qiladi – axir, hozir ko‘rinib turganidek, zarba hatto Sibirda ham berilishi mumkin.
Tahlil: Rossiyaning yonayotgan bombardimonchi samolyotlari aks etgan kadrlar – Istanbuldagi Ukraina delegatsiyasining kartalari
Svyatoslav Xomenko, BBC korrespondenti:
Yaqinda men bilan suhbatda Ukraina hukumatining bir vakili shikoyat qildi: bizning amerikaliklar bilan munosabatlarimizning asosiy muammosi shundaki, ular negadir urushda allaqachon mag‘lub bo‘lganimizni o‘zlariga singdirib olishgan. Modomiki, ular ana shunday shartlardan kelib chiqqan ekan, bizga taslim bo‘lishning eng yumshoq shartlarini qo‘ymoqchi bo‘lishadi va bu sa’y-harakatlarni qadrlamaganimizdan qattiq xafa bo‘ladi.
Biz esa, albatta, buni qadrlamaymiz, chunki mag‘lubiyatga uchradik, deb hisoblamaymiz, deb hisoblaydi suhbatdoshim.
Menimcha, bu juda muhim so‘zlar, ayniqsa Ukraina-Rossiya muzokaralarining ikkinchi raundi oldidan.
Ha, biz go‘yoki Rossiya tomoni tayyorlagan memorandumda aynan nimalar borligini bilmaymiz. Ammo Moskvaning barcha ommaviy ritorikasi u yerda aynan Kiyevning taslim bo‘lish shartlari bo‘lishidan dalolat beradi.
Va tunlari Ukrainani larzaga solayotgan rekord darajadagi dron va raketa hujumlari – bu «taklif»ga hamrohlik qiladi. Hammasi yomonligini ko‘rib turibsiz-ku. Imzo cheking, sizda kartalar yo‘q. Siz ham, o‘rtoq amerikaliklar, ularga bosim o‘tkazing, hammasi hal bo‘lganini ko‘rib turibsiz-ku, ma’nosida.
Ukraina dronlarining Rossiya strategik aviatsiyasi aerodromlariga hujumi aynan nima hal qilinmaganining yaqqol dalili bo‘lishi kerak.
Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining yoqib yuborilgan strategik bombardimonchi samolyotlarining fotosuratlari – bu Ukraina delegatsiyasining kartalari.
Shuning uchun hozir Kiyev qaysidir ma’noda Rossiya bilan muzokaralarni aynan ertaga o‘tkazishdan manfaatdor – bu xaritalar, ya’ni fotosuratlar hali barchaning yodida ekanida.
Va, menimcha, Volodimir Zelenskiy Ukraina delegatsiyasi baribir Istanbulga borishini va unga aynan mudofaa vaziri Umerov boshchilik qilishini, bu fotosuratlar, ya’ni kartalar butun dunyoga namoyish etilgandan keyingina aytgani bejiz emas.