Italiyada Etna vulqoni otilishni boshladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Sitsiliyada havo transporti uchun xavfning qizil darajasi e’lon qilindi. Etnadan otilgan kul ustunlari bir necha kilometrga yetmoqda.
Sitsiliyaning sharqiy sohillarida joylashgan Etna vulqoni otilishni boshladi. Natijada, Etna ustida vulqon kulidan iborat bulut paydo bo‘ldi, deb yozmoqda ANSA agentligi.
Qayd etilishicha, Sitsiliyaning ayrim hududlarini kul qoplagan. Etnadan otilgan kul ustunlari bir necha kilometrga yetmoqda. Mintaqa hududida havo transporti uchun xavfning qizil darajasi e’lon qilingan. Shu bilan birga, mahalliy Kataniya aeroporti shtat rejimida ishlashda davom etmoqda.
Kataniyada joylashgan Etna observatoriyasi huzuridagi Milliy geofizika va vulqonshunoslik instituti ma’lumotlariga ko‘ra, vulqonning harakatga kelishiga piroklastik oqim (vulqon gazlari, kul va tog‘ jinslari bo‘laklarining aralashmasi) sabab bo‘lgan. Ushbu oqim Etna janubi-sharqiy kraterlaridan birining qulab tushishi natijasida yuzaga kelgan.
The Independent’ning yozishicha, vulqon harakatga kelishidan oldin yerosti silkinishlari kuzatilgan. Olimlar magmaning kuchli harakati bilan bog‘liq seysmik tebranishlar darajasi juda yuqori ekanini ma’lum qildi. Mutaxassislar yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun ehtimoliy xavflarni baholash maqsadida vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
Etna — Sitsiliyaning janubiy sohillarida joylashgan, Yevropadagi eng baland harakatdagi vulqon hisoblanadi. 2013 yil iyunda ushbu vulqon YuNESKO Jahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan edi. Vulqon yonbag‘irlarida tuproq unumdor bo‘lgani uchun u yerlarda meva va uzumzorlar joylashgan.
May oxirlarida Havayida Kilauea — arxipelagdagi eng faol vulqonlardan biri harakatga kelgani, lava 300 metrdan balandroqqa otilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.