«Portlashi kerak bo‘lgan hamma narsa portlatiladi» – Medvedev «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga Rossiyaning javobi qanday bo‘lishi haqida
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Foto: Videodan kadr
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi «O‘rgimchak to‘ri» amaliyoti natijasida Rossiya aviatsiyasining taxminiy yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumotlarni 3 iyun kuni davomida ikki bor yangiladi.
Ukrain harbiylari dastlab Rossiya 12 ta samolyotidan ayrilganini tasdiqlagandi. Keyinroq bosh shtab ham amaliyot natijasida Rossiyaning 41 ta samolyoti yakson etilganini e’lon qildi.
«Turli manbalardan olingan qo‘shimcha ma’lumotlarni qayta ishlash va ularni tekshirish ma’lum bir vaqtni talab qilgandan so‘ng, biz shuni ma’lum qilamizki, okkupantlarning jami yo‘qotishlari 41 ta harbiy samolyotni tashkil etdi, ular orasida strategik bombardimonchilar va boshqa turdagi jangovar havo kemalari bor», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi xabarida.
Amaliyot o‘tkazilgan 1 iyun kuni Ukraina xavfsizlik xizmati jami 41 samolyot, jumladan, A-50, Tu-95, Tu-22 M3 va Tu-160 samolyotlari yo‘q qilingani haqida ma’lumot bergandi.
Ukrain dronlari zarbalari ostida qolgan Irkutsk oblastidagi «Belaya» va Murmansk oblastidagi «Olenya» aerodromlari atrofida olingan videolar hamda sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qarab 10 tadan 13 tagacha samolyot yo‘q qilinganini ko‘rish mumkin.
«Meduza» tahlilchilari aerodromlar bo‘ylab zarbalar, hatto yo‘q qilingan bombardimonchi samolyotlar soni vizual materiallar orqali tasdiqlanganidan ko‘proq bo‘lsa ham, ko‘p narsaga ta’sir qila olmasligini yozishgan.
Ammo «yadroviy triada» bazalari bo‘ylab zarbalar, deya qayd etiladi «Razbor» bo‘limi materialida qayd etilganidek, harbiy-strategik nuqtayi nazardan muhimdir. G‘arbdagi siyosatchilar bir necha yildan buyon «Putinning qizil chiziqlari»ni kesib o‘tish mumkinmi yoki yo‘qligini muhokama qilib kelishadi: Ukrainaga yangi yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilishda Kremlning yadroviy tahdidlarini (ham ochiq aytilgan, ham shama qilingan) hisobga olish kerakmi — yoki ularni safsata deb hisoblash va shunga mos ravishda harakat qilishmi. Ukraina xavfsizlik kuchlari, katta ehtimol bilan, ikkinchi talqin to‘g‘ri ekanini isbotlashga urinmoqda.
The New York Times nashri AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, AQShdagilar Rossiya Ukraina operatsiyasiga «jiddiy javob qaytarishi»ni kutmoqda. Amerika razvedkasi u qaysi obektlarga yo‘naltirilishini hali aniqlamadi, biroq rasmiylar Moskva fuqarolik infratuzilmasiga dronlar bilan zarba berishni davom ettirishi, Ukraina energetika tizimiga zarba berishi yoki Ukrainaga o‘rta masofali ballistik raketalar uchirishi mumkin, deb hisoblamoqda. O‘z navbatida, Bloomberg’ning Moskvadagi manbalariga tayanib xabar berishicha, «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi doirasida Ukraina dronlarining Rossiya aviabazalariga hujumi Kremlda front chizig‘idan uzoqda joylashgan havo flotining kutilmagan zaifligi tufayli Kremlda «g‘azab va xavotir» uyg‘otgan.
Rossiyaning Z-kanallarida ham «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga (shuningdek, temiryo‘ldagi ko‘priklarni portlatishga) javob talab qilinmoqda. «Qayg‘urayotgan va qasos olinishini kutayotgan barchaga», – deb murojaat qildi ularga Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev telegram-kanalida. «Portlashi kerak bo‘lgan hamma narsa, albatta, portlatiladi, yo‘q qilinishi kerak bo‘lganlar – yo‘q bo‘ladi», – deb yozgan Medvedev.
Kreml hozircha faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 iyun kuni Rossiya obektlariga qilingan hujumlar haqida «onlayn rejim»da ma’lumot olganini aytish bilan cheklandi va tergov natijalarini kutishga chaqirdi. «Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan boshlangan tergov harakatlari ketayotganini bilasiz. Mudofaa vazirligining tegishli bayonoti ham bor. Men tergov natijalarini kutishni va Rossiya mudofaa vazirligi bayonoti mazmuniga e’tibor qaratishni taklif qilaman», – dedi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 3 iyun kuni jurnalistlarga.