Rossiyalik fermerlar qozoq sayg‘oqlari tufayli Putindan yordam so‘radi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Fermerlarning aytishicha, Qozog‘istondan millionlab sayg‘oqlar ko‘chib kelgan va ekinlar, yaylovlar, pichanzorlarni payhon qilmoqda.
Foto: prov-telegraf.ru
Rossiyaning Saratov viloyati fermerlari prezident Vladimir Putinga murojaat qilib, Qozog‘istondan yopirilgan sayg‘oqlar bilan bog‘liq muammoni hal qilishda yordam so‘radi.
Fermerlarning aytishicha, Qozog‘istondan millionlab sayg‘oqlar ko‘chib kelgan va ekinlar, yaylovlar, pichanzorlarni payhon qilmoqda. Aleksandrovo-Gayskiy, Piterskiy va Novuzenskiy tumanlari eng ko‘p zarar ko‘rgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, fermerlar ichimlik suvi olinadigan Maliy Uzen daryosida sayg‘oqlarning ommaviy nobud bo‘lishiga e’tibor qaratib, bu mahalliy aholining hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi fakt ekanini ta’kidladi. Sayg‘oqlardan tashqari, fermerlar chigirtka bosqinidan ham xavotirda va mustaqil ravishda bu ofatga dosh berolmasligini aytdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Saratov viloyati bo‘limi bergan izohga ko‘ra, qozoq sayg‘oqlari migratsiyasidan jabr ko‘rgan Aleksandrovo-Gayskiy, Novuzenskiy va Piterskiy tumanlarida hayvonlar yetkazgan zararni baholash uchun maxsus komissiyalar tuzilmoqda. Komissiyalar faoliyati natijasida olingan ma’lumotlar qayta ishlanadi, tizimlashtiriladi va yuqori organlarga yetkaziladi. Fermerlarga yordam ko‘rsatish mexanizmi ishlab chiqiladi.
Avvalroq Qozog‘istonda sayg‘oqlar populyatsiyasi haddan ziyod ko‘paygani, mahalliy fermerlar bundan aziyat chekayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu yil sayg‘oqlar soni 5 milliondan oshishi kutilmoqda. Respublika Ekologiya vazirligi sayg‘oqlar populyatsiyasini tartibga solish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqdi: endi hayvonlarni otish jarayonini tiklash rejalashtirilgan.
Qozog‘istondagi sayg‘oqlar azaldan davlat muhofazasida bo‘lgan. Ularning soni an’anaviy tibbiyotda qo‘llaniladigan shoxi tufayli brakonerlar tomonidan sezilarli darajada kamaytirildi. 2019 yilda sayg‘oqlarni ovlash bilan bog‘liq qonunbuzarlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
2022 yil iyun oyida Qozog‘iston ekologiya vaziri sayg‘oq populyatsiyasini tiklash rejasi ortig‘i bilan bajarilgani, biroq ularning soni haddan ziyod ko‘payganini ma’lum qildi. Ular yaylovlarni payhon qilib, o‘t-o‘lanlarni yeb bitirayotgani, mahalliy fermerlar chorvasiga zarar yetkazayotgani aytildi. Shundan so‘ng, sayg‘oqlarni ovlashga ruxsat berildi. Ammo, ekologik faollar bosimi ostida jarayon 2024 yilda to‘xtatib qo‘yildi.