«Nimani gaplashamiz?» – Putin Kiyev bilan oliy darajada muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini rad etdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya prezidenti Bryansk va Kurskdagi temiryo‘llarda ro‘y bergan portlashlar bo‘yicha ilk bor munosabat bildirib, bu harakatlar Istanbul muzokaralarini buzishga qaratilgani, Ukraina aslida tinchlikni istamasligini ta’kidladi. «O‘rgimchak to‘ri» amaliyoti haqida esa u indamagan.
Foto: Aleksandr Kazakov / Sputnik / Reuters
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan uchrashuvda Bryansk va Kursk oblastlaridagi temiryo‘llar portlatilishini terrorchilik harakati deb baholadi. Uning so‘zlaridan «Interfaks» iqtiboslar keltirdi.
«Yaqinda Bryansk va Kursk oblastlarida temiryo‘llar portlatilgani, albatta, terrorchilik harakatidir va bunday jinoyatlarni sodir etish to‘g‘risidagi qaror, albatta, Kiyevda siyosiy darajada qabul qilingan», – dedi Putin.
Shu bilan birga, Putin «hamma joyda va har doim qurolli to‘qnashuvlar vaqtida tinch aholi jabr ko‘radi, bundan afsusdamiz», deya ta’kidlagan.
«Ammo Bryansk oblastida sodir bo‘lgan voqea tinch aholiga qaratilgan maqsadli hujumdir. Barcha xalqaro standartlarga ko‘ra, bunday harakatlar terrorizm deb ataladi», – deb qo‘shimcha qildi u.
Rossiya prezidenti Bryansk va Kursk oblastlaridagi temiryo‘l relslarining portlatilishidan maqsad – Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralarini buzish bo‘lganini ta’kidlagan.
«Biz Istanbulda taklif qilgan tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi arafasida tinch aholiga, jumladan, ayollar va bolalarga qarshi sodir etilgan barcha jinoyatlar, albatta, muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan edi. Bu bir vaqtlar hokimiyatni qo‘lga kiritgan Kiyevdagi allaqachon noqonuniy rejim asta-sekin terrorchi tashkilotga aylanib borayotgani, uning homiylari esa terrorchilarning sheriklariga aylanib borayotganidan qo‘rqishimizni tasdiqlaydi, xolos», – dedi Putin.
Rossiya prezidenti Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasining darajasi Moskvada umume’tirof etilgan me’yorlar asosida belgilangani va uni hech qanday vakolat va kompetensiyaga ega bo‘lmagan shaxslar baholay olmasligini qayd etgan.
«Umumiy qabul qilingan xalqaro amaliyotga ko‘ra, bu darajani ma’lum shaxslar vakillik qilayotgan mamlakat belgilaydi. Bu darajani tashqi tomondan faqat o‘zi yuqori darajadagi avtoritet va kompetensiyaga ega shaxslar belgilashi mumkin. Ammo Kursk oblastida, mutlaqo bema’ni katta yo‘qotishlarga uchragan yoki bugun armiyasi jang maydonida birin-ketin mag‘lubiyatga uchrayotgan odamlar qanday kompetensiyaga ega bo‘lishi mumkin? Ko‘rinib turibdiki, biz nafaqat hech qanday muhim vakolatga ega bo‘lmagan, balki asosiy siyosiy madaniyatga ham ega bo‘lmagan odamlar bilan ish olib bormoqdamiz», – dedi Putin.
Kiyevning gumanitar sabablarga ko‘ra qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik berishdan bosh tortgani Ukrainaga tinchlik kerak emasligini isbotlaydi, dedi Rossiya prezidenti.
«Gumanitar sabablarga ko‘ra 2-3 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishdan bosh tortishga kelsak, bu birinchi marta emas. Bu bizni ajablantirmaydi, faqat bugungi Kiyev rejimiga tinchlik umuman kerak emasligini isbotlaydi. Rejim uchun tinchlik hokimiyatni yo‘qotish demakdir. Va bu rejim uchun hokimiyat, aftidan, tinchlikdan va o‘ziniki deb hisoblamaydigan odamlarning hayotidan muhimroqdir», – dedi u.
Putin «so‘nggi teraktlar va rossiyalik tinch aholiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar» zamirida Ukraina bilan sammit o‘tkazish va o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatiga shubha bilan qaradi.
«Va shu bilan birga ular harbiy harakatlarni 30 yoki hatto 60 kunga to‘xtatib turishni so‘rayapti, eng yuqori darajada uchrashuv o‘tkazishni so‘rayapti. Lekin bunday sharoitda uchrashuvlar qanday o‘tkazilishi mumkin? Biz nima haqida gapiryapmiz? Terrorga tayanganlar bilan, terrorchilar bilan kim muzokara olib boradi? Va nima uchun ularni rag‘batlantirishimiz kerak? G‘arb rejimni qurollar bilan ta’minlashni kuchaytirishi, majburiy safarbarlikni davom ettirishi va Bryansk bilan Kursk oblastlarida amalga oshirilgan terrorchilik harakatlariga o‘xshash boshqa harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishi uchunmi?» – deya savol qo‘ygan Putin.