Ukraina «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga oid yangi kadrlarni namoyish etdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Yangi video dronlar chindan ham to‘rtta aerodromga hujum uyushtirgani va o‘nlab samolyotlarga zarbalar berilganini tasdiqlaydi.
Foto: Videodan kadr
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) «Pavutina» (O‘rgimchak to‘ri) operatsiyasiga oid batafsil videoni e’lon qildi, unda Ukraina dronlari Rossiyaning strategik va uzoq masofali aviatsiya bazalariga bergan zarbalari tasvirlangan. Videoyozuvlar dronlar orqali olingan.
Maxsus xizmatning ta’kidlashicha, kadrlarda Irkutsk oblastidagi «Belaya» aviabazasiga, Murmansk oblastidagi «Olenya», Ivanovo oblastidagi «Ivanovo-Severniy» va Ryazan oblastidagi «Dyagilevo» aviabazasiga dron hujumlari aks etgan.
Ivanovo va Ryazan oblastlaridagi aerodromlarga qilingan hujumlar videolari avval e’lon qilinmagandi.
«Ivanovo-Severniy» aviabazasi A-50 radarlarini aniqlash va boshqarish samolyotlari uchun baza hisoblanadi. UXX videosida dronlar ikkita samolyotga qo‘nayotganini ko‘rish mumkin. Videoda qo‘nish oqibatlari ko‘rsatilmagan.
«Dyagilevo» aeroportidan olingan videoda dronlarning Tu-22M3 samolyotiga qo‘ngan payti ham ko‘rsatilgan, biroq hujum oqibatlari tasvirda yo‘q.
UXX da’vosiga ko‘ra, dronlar A-50 samolyotlariga shikast yetkazgan. Videoda faqat dronlar ushbu samolyotlargacha yetib borganini ko‘rish mumkin, biroq portlash sodir bo‘lgani va samolyot uchun qandaydir oqibatlar bo‘lganini aniqlash imkonsiz.
1 iyun kuni Ukraina xavfsizlik xizmati «Pavutina» operatsiyasini o‘tkazdi, uning davomida dronlar Rossiya harbiy havo bazalariga hujum qildi. UXX «Olenya», «Belaya», «Ivanovo-Severniy» va «Dyagilevo» havo bazalariga hujum qilinganini da’vo qildi.
Prezident Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyaga jami 117 ta FPV-droni va shuncha operator jalb qilingan va operatsiya «ofisi» Rossiyada, Rossiya FXXning hududiy bo‘limi shtab-kvartirasi yaqinida joylashgan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, operatsiya oqibatida Rossiyaning 41 ta samolyoti shikastlangan, ularning yarmi qayta tiklash imkonsiz holatga kelgan.
Rossiya mudofaa vazirligi dronlar hujumi oqibatida faqat Murmansk va Irkutsk oblastlaridagi havo bazalarida «bir necha samolyot yonib ketgani»ni tan olgandi.
Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga ko‘ra, Murmansk oblastidagi «Olenya» harbiy aerodromiga Ukraina dronlari hujumi oqibatida kamida to‘rtta Tu-95MS bombardimonchi samolyoti va bitta An-12 harbiy-transport samolyoti yo‘q qilingan. «Belaya» harbiy aerodromiga hujumi oqibatida kamida yettita strategik samolyot (uchta Tu-95MS va to‘rtta Tu-22M3) yakson etilgan.