Germaniya boshpana berishni rad etish tartibini soddalashtiryapti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Germaniya vazirlar mahkamasi boshpana haqidagi qarorni tezlashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini tasdiqladi. Deportatsiya qilingan shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishni bekor qilish va mamlakatlarni xavfsiz deb tan olish tartibini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda.
Foto: Patrick Pleul/dpa/picture alliance
Germaniya hukumati boshpana olish huquqiga ega bo‘lmagan xorijliklarni chiqarib yuborishni tezlashtirishga qaratilgan migratsiya siyosati bo‘yicha ikkita tashabbusni ma’qulladi. 4 iyun, chorshanba kuni qabul qilingan har ikki hujjat Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI), shuningdek, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP)dan iborat konservativ blokning koalitsiya muzokaralari chog‘ida avvalroq kelishilgan edi.
Tashabbuslarning birinchisi hukmron koalitsiyaga federal yerlar ishtirokisiz migrantlar uchun xavfsiz kelib chiqish mamlakatlarini aniqlash huquqi berilishini nazarda tutadi. Gap tasniflash tartibini soddalashtirish hamda Bundestag va Bundesratning avval zarur bo‘lgan ruxsatini bekor qilish haqida ketmoqda, bu boshpana so‘rovlarini tezroq ko‘rib chiqish va migrantlarni xavfsiz deb tan olingan mamlakatlarga qaytarish imkonini beradi.
Rejaga ko‘ra, Germaniya hukumati huquqiy va siyosiy vaziyatni baholash asosida hamda qiynoqlar, ta’qiblar yoki g‘ayriinsoniy munosabat tahdidi bo‘lmagan taqdirda davlatlarni mustaqil ravishda xavfsiz deb tasniflashi mumkin bo‘ladi. AFP agentligi ta’kidlaganidek, o‘tmishda mamlakatlarni xavfsiz deb tasniflash tashabbuslari ko‘pincha Bundesrat tomonidan, ayniqsa hukumatlari tarkibiga "yashillar" kirgan federal yerlar vakillari tomonidan rad etilgan.