SBU «Pautina» operatsiyasining yangi kadrlarini ko‘rsatdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ukrainaning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi hamon axborot makonidagi asosiy voqea bo‘lib turibdi. SBU operatsiyaning eksklyuziv kadrlarini namoyish etdi. Videolar Rossiya strategik samolyotlarini yo‘q qilgan dronlardagi kameralardan yozib olingan. Quyida shu haqda.
Shinali «zirh»
Esingizda bo‘lsa, 2023 yil Rossiya strategik bombardimonchilari usti avtomobil shinalari bilan qoplangani aks etgan suratlar tarqalgandi. Shinalar uchoqlarni dron hujumidan himoya qilish uchun qo‘yilgan. O‘shanda rossiyaliklar shina tez yonuvchan material ekani, ularni samolyot ustiga qo‘yish xavfliligini tanqid qilishgandi. Harbiy ekspertlar dron metalga hujum qilishi uchun shinalar samolyotni hujumdan saqlashini aytib chiqqandi. Lekin saqlolmas ekan. SBU e’lon qilgan deyarli barcha kadrlarda samolyotlar usti shina bilan qoplangani ko‘rinadi.
Aftidan, shinalar yonilg‘i baki ustiga qoplangan, lekin ba’zi kadrlarda ukrain dronlari samolyotlarni obdon aylanib ochiq joy qidirgani, hatto yonilg‘i baki pastiga o‘tib, keyin portlatilgani ko‘rinadi.
«Shaxsan Zelenskiy nazoratida»
SBU videoga rasmiy bayonot ham ilova qilgan. Unda aytilishicha, operatsiya borish jarayonini shaxsan Volodimir Zelenskiy va SBU rahbari general Malyuk nazorat qilgan. Hujum davomida Rossiya strategik aviatsiyasining 41 ta samolyoti portlatilgan. SBUga ko‘ra, bu samolyotlarning aksari butkul yo‘q qilingan, qolganlari ham kamida yillar talab qilinadigan ta’mirtalab holatga kelgan.
Hujum qilingan samolyotlar orasida «A-50», «Tu-95», «Tu-22», «Tu-160», «An-12» va «Il-78» kabilar bor. Bayonotda dronlar sun’iy intellekt va operatorlar tomonidan boshqarilgani aytiladi. Xususan, aloqa uzilishi bilan dronlar maxsus ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra sun’iy intellekt boshqaruviga o‘tgan. Nishonga yaqinlashganda portlovchi qism avtomatik ishga tushgan. SBU hujum natijasida Rossiya armiyasiga kamida 7 milliard dollarlik zarar yetkazilganiga navbatdagi marta urg‘u bergan.
Qizig‘i, Rossiyaning eng kuchli raketalarini olib uchishga moslashgan samolyotlar yetarlicha qo‘riqlanmagan. Ba’zi kadrlarda samolyotlar oldida harbiylar kazarmasiga o‘xshagan yerlar ko‘rinadi, lekin ularda hech kim yo‘q, dronlarni hech kim urib tushirishga ham urinmagan. Oddiy dronlar aerodromlar ichiga juda oson kirib borgan. Shuningdek, bu galgi kadrlarda dronlarga o‘rnatilgan gopro-kameralar samolyotlar portlashini juda yaqindan suratga olgani ko‘rinadi.
Yuk mashinasidagi «shtab»
Ukrain kanallarida dronlarni Rossiya hududiga olib kirgan yuk mashinasi qanday harakatni boshlagani aks etgan videolar ham paydo bo‘ldi. Atrofdagi binolar xiralashtirilganiga qaraganda bu videolarni ham SBU sizdirgan. Kadrlarda yuk mashinasiga mobil uylar joylangani aniq ko‘ringan.
Yuk mashinasi harakati yengil mashinadan turib videoga olingan. Aftidan, SBU ofitserlari yengil avtomobilda dronlarni qo‘riqlab borgan. Tarqalgan videolarda kamida ikkita yuk mashinasi ko‘rinadi. Operatsiya davomida nechta yuk mashinasidan foydalanilgani, ulardan nechtasi qo‘lga tushgani aniq emas. Tarmoqda ba’zi yuk mashinalari portlab ketgani aks etgan videolar tarqalgandi. Bitta mashina odamlar uning ustiga chiqib tomini ochayotganda katta ehtimol masofadan turib portlatib yuborilgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.