Chernihiv oblastidagi fojia: o‘t o‘chiruvchi o‘z uyi dron zarbasiga uchragani ustidan chiqdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
U zarba oqibatlarini bartaraf etish uchun kelgan va oila a’zolari – rafiqasi, qizi va nabirasi halok bo‘lganidan xabar topgan.
Chernihiv oblastining Priluki shahrida Rossiya dronlarining tungi hujumi oqibatida besh kishi, jumladan, bir yoshli bola halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, zarba oqibatida mahalliy o‘t o‘chirish bo‘limi boshlig‘ining rafiqasi, qizi va nevarasi halok bo‘lgan, uning o‘zi bundan zarba oqibatlarini bartaraf etish uchun voqea joyiga yetib kelganida xabar topgan.
Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 103 ta zarbdor dron va imitator dronlar bilan hujum uyushtirdi, zarbaning asosiy yo‘nalishlari – Chernihiv, Xarkiv va Odessa oblastlari, deya ma’lum qildi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Ularning hisobotida 74 ta dron zararsizlantirilgani, 16 ta lokatsiyada zarbalar qayd etilgani aytiladi.
Prilukidagi fojia
Chernihiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chausning ma’lum qilishicha, Prilukiga kamida oltita dron hujum qilgan.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh kishi halok bo‘lgan, ulardan ikki nafari ayol va bir yoshli bola vayronalar ostidan topilgan. Shuningdek, hozircha olti kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bor. Ular kasalxonaga yotqizilgan», – deb yozgan Chaus.
Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning yozishicha, dron mahalliy yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘ining uyiga tushgan. «Uning oilasi halok bo‘ldi. Rafiqasi. Qizi – patrul politsiya xodimi. Va uning bir yoshli o‘g‘li», – deb yozdi Klimenko telegram-kanalida.
Boshliqning o‘zi o‘sha kecha yong‘in-qutqaruv ekipaji bilan birgalikda zarba oqibatlarini bartaraf etish joyiga kelgandi.
«Dushmanning tungi hujumi paytida biz hamkasbimiz – politsiyachi Darina Shigidani yo‘qotdik. U bilan birga endigina bir yoshga to‘lgan o‘g‘li va onasi ham halok bo‘ldi. Darya 2020 yilda Kiyev politsiyasi safiga qo‘shilgan. Kuchli, yorqin va samimiy. Uning o‘t o‘chiruvchi otasi qizini bolaligidan odamlarga yordam berishga o‘rgatgan. Uning turmush o‘rtog‘i ham patrul politsiyachisi bo‘lib, xizmatda doimo qo‘llab-quvvatlagan va yordam bergan», – deyiladi politsiya xabarida.
Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati zarba oqibatlarini namoyish etgan va zarbalar tufayli turar joy sektorida keng ko‘lamli yong‘inlar boshlanganini ma’lum qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Prilukidagi holat yuzasidan hamdardlik bildirdi.
«Qutqaruvchilardan biri hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z uyiga keldi: ma’lum bo‘lishicha, aynan uning uyiga „shahid“ tushgandi», – deb yozdi Zelenskiy o‘zining telegram-kanalida.
«Rossiya doimiy ravishda qotilliklarni davom ettirish uchun vaqtdan yutishga harakat qilmoqda. Dunyo tomonidan yetarlicha kuchli qoralash va bosimni his qilmasa, o‘ldiraveradi», – dedi Zelenskiy. U yana bir bor AQSh va Yevropani «bu tajovuzni davom ettirish imkoniyatidan mahrum qilish» uchun Rossiyaga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Xarkiv bo‘ylab zarba
Payshanbaga o‘tar kechasi Xarkivga ham raketa va dronlar bilan hujum uyushtirildi.
Qutqaruvchilarning xabar berishicha, dronlardan birining parchalari turar joy binosining 17-qavatidagi xonadonga tushgan. Politsiya Xarkivda 18 kishi jabrlanganini ma’lum qildi.
Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov ma’lum qilishicha, Rossiya dronlari hujumi oqibatida jabrlanganlarning jarohati og‘ir emas.
«[Jabrlanganlar] orasida to‘qqiz yoshli qiz va yetti yoshli o‘g‘il bola bor. Hammasi – yengil ahvolda, shifokorlar voqea joyida yordam ko‘rsatdi», – deb yozdi Sinegubov o‘zining telegram-kanalida.
Xarkiv shahri meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, Slobodskiy rayonida yettita ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan, shuningdek, hovlilarda to‘rtta mashina yonib ketgan.
«Xonadonlardan birining devorlari sinib ketgan. „Shahid“ dvigatelining bir qismi to‘ppa-to‘g‘ri yo‘lakka chiqib qoldi. O‘sha paytda uy egalari uyda edi – ular boshqa xonada yotgani uchungina omon qolishgandi. Hayratlanarlisi, hamma tirik», – deb yozgan Terexov.
Terexov «bu harbiy obektlarga zarbalar emas, balki turar joy kvartallariga maqsadli terror» ekanini ta’kidlagan.
Odessadagi uylar va Xersondagi oblast ma’muriyati zarar ko‘rdi
Odessa oblasti ketma-ket uchinchi kecha dronlar hujumiga uchramoqda, ammo u yerda hozircha qurbonlar yo‘q.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, payshanbaga o‘tar kechasi Odessa oblasti hududiga jami 25 ta dron hujum qilgan.
Belgorod-Dnestrovsk rayonida tibbiyot muassasasi, litsey va bolalar ijodiyoti markaziga zarar yetdi, deya xabar berdi rasmiylar.
Oblast prokuraturasining aniqlik kiritishicha, Belgorod-Dnestrovsk rayonida oilaviy tibbiyot ambulatoriyasi binosi vayron bo‘lgan.
Bir kun avval rasmiylar Odessadagi fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, turar joy binolariga zarar yetkazgan dronlarning yopirilma hujumi haqida ham xabar bergandi.
Rossiya harbiylari payshanba kuni ham Xersonga yo‘naltiriladigan aviabombalar bilan hujum qildi, dedi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin.
«Atigi o‘n besh daqiqa ichida bu joyga Rossiyaning to‘rtta aviabombasi uchib keldi», – deb yozdi u telegramda.
Prokudinning so‘zlariga ko‘ra, zarba natijasida Rossiya harbiylari ilgari bir necha bor hujum qilgan Xerson oblasti harbiy ma’muriyati binosi yanada vayron bo‘lgan.
«Shuningdek, ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagi vayron bo‘lgan, atrofdagi uylarning oynalari singan va fasadlari kesilgan», – deb yozadi u. Hozircha 74 va 68 yoshli ikki erkak jabrlangani ma’lum.
Rossiya harbiylari Ukrainaga uyushtirilgan tungi zarbalarga hozircha izoh bermayapti.