Moskvada o‘g‘irlab ketilgan blogerga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Uni o‘g‘irlashda ishtirok etgan chechenistonliklarga ham ayblov e’lon qilinib, ular qamoqqa olishi kutilmoqda.
Foto: Videodan kadr
Tergov qo‘mitasi 3 iyun kuni kechqurun chechen xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan tadbirkor Arega Shchepixinga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mita Shchepixinning videoyozuvlarini o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi. Uning so‘zlarida «milliy/etnik belgilariga ko‘ra ajratilgan shaxslar guruhiga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etishga undash, shuningdek, ularni kamsitish belgilari» aniqlangan.
Jinoyat ishi ekstremizmga da’vat qilish (RF JK 280-moddasi 2-qismi) va nafrat qo‘zg‘atish (RF JK 282-moddasi 2-qismi «a» bandi) moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.
«Yaqin vaqt ichida unga ayblov e’lon qilinadi va ehtiyot chorasi tanlanadi», – deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Bir kun avval Tergov qo‘mitasi Areg Shchepixin o‘g‘irlab ketilganidan keyin jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qilgandi. Qo‘mitaning bugungi press-relizida aniqlik kiritilishicha, ish o‘g‘irlash (RF JK 126-moddasi) va mansab vakolatini suiiste’mol qilish (RF JK 286-moddasi) moddalari bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Olti nafar fuqaroga ayblov e’lon qilingan. 5 iyun kuni ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi rejalashtirilgan.
Arega Shchepixin 3 iyun kuni kechqurun o‘g‘irlab ketilgandi. Bir necha kishi uni Yaroslavl vokzali oldidagi maydonda tutib olib, Checheniston hukumati bilan bog‘liq raqamlar va chiroqlar o‘rnatilgan qora «Mersedes» yukxonasiga tiqib qo‘yishgandi. Checheniston rasmiylari esa Shchepixin «o‘g‘irlab ketilmagan, balki qo‘lga olingani», chunki unga nisbatan dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgandi.
Shchepixin bir necha bor chechen xalqi, Alloh va Qur’onni haqorat qilgan videolar yozgan.
4 iyun kuni tadbirkor ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘ldi. «Baza» ma’lumotlariga ko‘ra, Checheniston xavfsizlik kuchlari vakillari yarim tunga yaqin «tavba qilgani»dan keyin Shchepixinni qo‘yib yuborgan.