Tesla va Trampning firmalari aksiyalari Mask bilan bahsdan keyin quladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Donald Tramp va Ilon Mask o‘rtasidagi kelishmovchilik ularning kompaniyalari aksiyalari narxining tushishiga sabab bo‘ldi. Milliarder Mask prezidentga impichment e’lon qilish chaqiriqlarini ma’qulladi va o‘z partiyasini yaratishga tayyorligini ma’lum qildi.
Foto: AP
5 iyun, payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va uning sherigi, multimilliarder Ilon Mask o‘rtasidagi ommaviy tortishuv ularning kompaniyalari aksiyalari narxining keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Maskning Tesla korxonasi aksiyalari bir necha soat ichida qariyb 15 foizga, har bir aksiya uchun 322 dollardan 275 dollargacha arzonlashdi. Shu bilan birga, 2021 yilda respublikachilar tomonidan asos solingan Trump Media & Technology Group mediakompaniyasi 11 foizga tushib, 21,8 dollardan 19,3 dollarga pasaydi. Tramp firmasi DJT belgisi ostida savdo qiladi, bu Amerika prezidenti ism-sharifining bosh harflari bilan mos keladi. Mask Trampni tanqid qilgan postlaridan birida shunday yozgan edi: «Kuningiz xayrli o‘tsin, DJT!».
Oshkora kelishmovchilik Trampning Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvi chog‘ida avj oldi. AQSh prezidenti jurnalistlarga ko‘p milliard dollarlik hukumat xarajatlari to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasini tanqid qilgani uchun «Ilondan hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi. Trampning aytishicha, Maskning noroziligi asl sababi AQShda elektromobillar uchun davlat subsidiyalarining kamayishi, u milliarder kompaniyalariga foyda keltirgan.
Bu sayyoraning eng boy odamida norozilik uyg‘otdi va u bir necha soat ichida X ijtimoiy tarmog‘ida qonun loyihasiga qarshi qator tvitlar e’lon qildi. Mask respublikachining davlat subsidiyalari haqidagi so‘zlarini «ochiq yolg‘on» deb atadi.
«Men bo‘lmaganimda Tramp saylovlarda yutqazgan bo‘lardi, demokratlar Vakillar palatasini nazorat qilgan bo‘lardi, respublikachilar esa Senatda 51 tadan 49 ta o‘ringa ega bo‘lardi. Qanday nonko‘rlik», — deb yozgan Mask. U ilgari boshlagan Kill the Bill kampaniyasi – «Qonun loyihasini o‘ldirish» shiorini takrorladi, bu «Billni o‘ldirish» filmi nomiga to‘g‘ri keladi.