softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Tramp Rossiya va Ukraina haqida: «Ba’zida bolalarga biroz mushtlashishga qo‘yib bergan ma’qul»

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Tramp Rossiya va Ukraina haqida: «Ba’zida bolalarga biroz mushtlashishga qo‘yib bergan ma’qul»

Batafsil o'qish:

Tinchlik muzokaralari to‘xtab qolgani sababli, Ukraina va Rossiyani «ajratib qo‘yish»dan oldin ularga «biroz urishish» imkonini berish yaxshiroq bo‘lishi mumkin, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp Oval kabinetda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan suhbatda.

REUTERS/Kevin Lamarque

Amerika prezidenti ushbu ikki davlatni parkda mushtlashayotgan ikki bolaga o‘xshatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u yaqinda Rossiya prezidenti bilan telefon orqali muloqotda ham xuddi shu taqqoslashni qo‘llagan. Tramp urushni to‘xtatish qiyin ekaniga ishonch hosil qilganini tan Oldi, buni mamlakatlar o‘rtasida adovat, Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida esa nafrat ko‘pligi bilan izohladi.

«Ikki yosh bola ba’zan aqldan ozganlardek urishadi. Ular bir-birini yomon ko‘radi va urishadi, siz esa ularni ajratishga harakat qilasiz. Ular bir-biridan ajralishni istamaydi, ba’zida ularni biroz vaqt urishishga qo‘yib bergan ma’qul», – dedi u.

Tramp Oq uyga prezidentlikdagi dastlabki 24 soatda Ukrainadagi urushni to‘xtatish haqidagi va’da bilan qaytgandi. Keyinroq u bunga yana yarim yil kerakligini aytdi, aprel oyida esa agar bunday bitimga erishish mumkinligining aniq belgilarini ko‘rmasa, tinchlik jarayoni bilan shug‘ullanishni butunlay to‘xtatish bilan tahdid qildi. Payshanba kuni u urushni to‘xtatish qiyin bo‘lganini yana bir bor tan oldi.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanadimi va qachon, degan savolga Tramp mujmal javob berdi: «Biz bitim tuzmayotganimizni ko‘radigan bo‘lsam, bular to‘xtamaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, dedlayn uning «miyasida».

«Bu to‘xtamasligini ko‘rsam, biz juda qattiqqo‘l bo‘lamiz. Bu ikkala davlatga ham ta’sir qilishi mumkin. Tango uchun ikki kishi kerak», degan u.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Putin bilan oxirgi muloqoti chog‘ida uni Ukrainaning Rossiyadagi harbiy aerodromlarga bergan zarbalariga javob qaytarmaslikka chaqirgan.

«Men „ Bunday qilma, bunday qilmasliging kerak, to‘xtashing kerak“, dedim», – dedi Tramp jurnalistlarga va Putin unga javob berishdan boshqa iloji yo‘qligini aytganini qo‘shimcha qildi.

Oq uy rahbari Putin bilan bir soat-u 15 daqiqa davom etgan telefon suhbatini «yaxshi», ammo «darhol tinchlikka olib kelmaydigan» muloqot deb atagan.

Tramp Oq uydagi birinchi muddatida «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri qurilishiga qarshi sanksiyalar kiritganini eslatdi va 2022 yilda prezident bo‘lganida urush boshlanmagan bo‘lishi, buning uchun «imkoniyat nol» bo‘lganini aytib, yana bir bor o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenni tanqid qildi.

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi haqidagi savolga Tramp ijobiy javob berdi.

«Ha, men Ukraina bilanman. Biz yaqinda nodir metallar bo‘yicha katta kelishuvga erishdik», – dedi u.

Fridrix Mers, o‘z navbatida, Trampni Ukrainadagi urushga chek qo‘yish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.

«Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganimizni va Rossiyaga bosimni kuchaytirishga intilayotganimizni bilasiz», – dedi u.

Mers Tramp buni qila oladigan asosiy shaxs ekanini ta’kidladi.

Kutilganidan iliqroq kechgan uchrashuv

Mers bo‘lajak uchrashuvga «katta xotirjamlik va xursandchilik bilan» yondashmoqda, dedi uchrashuvdan oldin uning matbuot kotibi Shtefan Kornelius Tramp va Mers munosabatlarini «juda yaxshi» deb ta’riflab.

Shunga qaramay, ko‘plab ommaviy axborot vositalari kanslerni Oval kabinetda «pistirma» kutayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi: Tramp bir necha bor Oq uyning o‘zida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan tortib Janubiy Afrika rahbari Siril Ramafosagacha bo‘lgan xorijiy yetakchilargani noqulay ahvolga solib qo‘ygandi.

Aftidan, xavotirlar o‘zini oqlamadi: davlat rahbarlari bir-birlarini samimiy qutladi. Tramp Germaniyani mudofaa xarajatlarini oshirish rejalari uchun maqtadi, Mers esa Germaniya va AQSh o‘rtasida ko‘plab o‘xshashliklar borligini aytdi va shu kunlarda Amerika qo‘shinlarining Normandiya tushirilganiga bir yil to‘lishini eslatdi va Germaniya natsizmdan xalos bo‘lgani uchun AQShdan qarzdor ekanini qayd etdi.

New York Times nashri Tramp Mers bilan Germaniyada so‘z erkinligi masalalarini muhokama qilmoqchi ekanini yozgandi – bu mavzuni uning ma’muriyati Yevropa yetakchilari bilan muloqotda muntazam ravishda ko‘taradi. Xususan, Germaniya ichki razvedka xizmati «Germaniya uchun muqobil» o‘ta o‘ng partiyasini ekstremistik deb tan olganida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu qadamni «niqob ostidagi tiraniya» deb atagandi. U ham, vitse-prezident Jyey Di Vens ham, Trampning sobiq maslahatchisi Ilon Mask ham ushbu partiyani ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan. O‘shanda Mers AQSh hukumatiga Germaniya ichki siyosatidan «sezilarli darajada uzoqroq turish» kerakligini aytgandi. Shu bilan birga, fevral oyida uning o‘zi AQSh ma’muriyatini «Yevropa taqdiriga befarqligi» uchun tanqid qilgan edi.

Mers Vashingtondagi uchrashuv arafasida jurnalistlarga Tramp Germaniya ichki siyosati mavzusini ko‘targudek bo‘lsa, «o‘z pozitsiyasini juda aniq bayon qilishi»ni aytgan. «Bizning Amerika bilan ittifoqimiz Yevropa xavfsizligi, erkinligi va farovonligining eng muhim omili bo‘lgan, bor va shunday bo‘lib qoladi», – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. AFP agentligi yozishicha, kansler Oval kabinetdagi avvalgi «pistirmalar»ning videoyozuvlarini o‘rganib chiqqan va xotirjamlikni saqlab, Trampga so‘z berishga imkon berish kerak, degan xulosaga kelgan. «Juda uzoq gapirmaslik muhim. Gapni qisqa qilish va unga gapirish imkonini berish kerak», – dedi Mers yaqinda Germaniya televideniyesi bilan suhbatda.

Brukings institutining Germaniya-Amerika munosabatlari bo‘yicha mutaxassisi Konstanse Shtelsenmyuller BBC bilan suhbatda bunday «Zelenskiy uslubidagi pistirma»ni ehtimoldan yiroq deb atadi, ammo boshqa ssenariyni taxmin qildi: bu Irlandiya bosh vaziri Mixol Martinning Oq uyga tashrifiga o‘xshaydi, shundan so‘ng uning siyosiy raqibi – sobiq UFC jangchisi Konor Makgregor ham Oq uyga tashrif buyurgandi.

Shundan keyin «Germaniya uchun muqobil» yoki Alis Vaydel (partiya rahbari) bilan har qanday aloqa Germaniyada provokatsiya sifatida qabul qilinadi, deya qo‘shimcha qildi u.