Germaniyada faollar Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Hukumatga yo‘llagan ochiq maktubda imzo chekkanlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazishga chaqirdi.
Foto: Anadolu Agency
Germaniyada ilm-fan, madaniyat va fuqarolik jamiyatining o‘nlab taniqli arboblari mamlakat rahbariyatiga ochiq xat bilan murojaat qilib, G‘azodagi gumanitar halokatdan xavotir bildirib, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘maklashish va Falastin aholisiga to‘siqsiz gumanitar yordam ko‘rsatishni ta’minlashga chaqirishdi, deb yozadi Spiegel nashri.
Maktubni 2020 yilda Xanauda irqchilik hujumidan omon qolgan Said Etris Xoshimi tashabbusi bilan yozgan. Imzolovchilar orasida iqlim faoli Luiza Noybauer, sotsiolog Xarald Uelzer, musiqachi Maykl Barenboym, aktyorlar Aksel Pral, Enissa Amani va boshqa taniqli shaxslar bor.
Federal kansler Fridrix Mers, vitse-kansler Lars Klingbayl va tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadepfulga yo‘llangan maktubda Germaniyaning davom etayotgan qurolli mojarodagi rolidan «chuqur xavotir» bildirilgan. Imzolovchilar Germaniya xalqaro huquqqa muvofiq harakat qilish va urush jinoyatlarining oldini olish majburiyatiga ega ekanligini ta’kidladi.
Maktub mualliflari G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, keng ko‘lamli va to‘siqlarsiz gumanitar yordam yetkazish, Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qayta ko‘rib chiqish va to‘xtatib turishni talab qilgan.
«Harakatsizlik uchun, baland ovozda ogohlantirishlarga qaramay, javobgarlik og‘ir bo‘ladi», — deyiladi bayonotda.
Maktub mualliflari, shuningdek, Germaniya Isroilning nomutanosib urush usullariga nisbatan aniqroq pozitsiyani egallashi va Falastin xalqiga yordam berish bo‘yicha BMT kabi mustaqil tashkilotlar faoliyatini ilgari surishi kerakligini ta’kidladi.
Imzolovchilar Germaniyaning tashqi siyosati xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilishga asoslanishini ta’kidlamoqda. Maktubda jabrlangan barcha tomonlar, ayniqsa mahbuslar va ularning oilalari bilan birdamlik bildirilgan.
Mualliflar sotsiologik ma’lumotlarga iqtibos keltiradi, unga ko‘ra nemislarning 80 foizi Isroilning harbiy harakatlarini tanqid qiladi, 60 foizi esa bu mamlakatga qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga qarshi.
WDR telekanali (ARD jamoat teleradiokompaniyasining bir qismi) xabariga ko‘ra, maktubga 50 ga yaqin taniqli shaxslar imzo chekkan.