Turkmanistonda «Do‘zax darvozasi» olovini o‘chirish jarayoni boshlandi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Darvoza qishlog‘i yaqinidagi tabiiy gaz krateri 1971 yildan buyon yonyapti. Turkmaniston prezidenti uni o‘chirishni bir necha bor talab qilgan edi.
Foto: AP
Turkmanistonning Qoraqum cho‘lidagi Darvoza gaz krateri yong‘ini intensivligi turkman mutaxassislari tomonidan 3 baravar kamaytirildi. Bu haqda «Turkmengaz» konserni Tabiiy gaz ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Irina Lureva ma’lumot berdi.
«Kraterdagi yonish intensivligi 2023 yil avgustiga nisbatan uch baravardan ko‘proq kamaydi, bu ko‘rilgan chora-tadbirlar samaradorligini tasdiqlaydi», dedi u.
Bunga gaz qazib chiqarishni jadallashtirish tufayli erishilgan. Lureva so‘zlariga ko‘ra, filtratsiya oqimini boshqarish «nazorat ostiga olingan» va hozir «yonayotgan kraterga gaz oqimi kamayib bormoqda».
Yonayotgan krater Ashxoboddan 260 km shimoldagi Darvoza qishlog‘i yaqinida joylashgan. U yarim asrdan ko‘proq vaqt oldin, 1971 yilda geologik ishlar natijasida paydo bo‘lgan. Gaz konini o‘rganish paytida geologlar quduqni burg‘ulashdi va bo‘shliqqa duch kelishdi, unda tuproqning yuqori qatlamlari va burg‘ulash qurilmasi qulab tushdi. Teshik hosil bo‘lib, undan tabiiy gaz sizib chiqa boshladi.
Mahalliy aholi va hayvonlar gazdan zaharlanmasligi uchun krater ataylab yoqib yuborildi. Gaz bir necha kundan keyin yonib ketishi rejalashtirilgan edi, ammo u ko‘p qatlamli kon bo‘lgani sababli bugungi kungacha yonishda davom etmoqda. Kraterning kengligi taxminan 60 m, chuqurligi esa taxminan 20 m. Krater rasmiy ravishda «Qoraqum shu’lasi» va norasmiy ravishda «Do‘zax darvozasi» deb nomlangan mahalliy diqqatga sazovor joyga aylandi.
2010 yilda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kraterning yonishi yaqin atrofdagi gaz konlarini o‘zlashtirishga xalaqit bermasligi uchun uni o‘chirishni buyurgan edi. 2022 yilda u o‘z talabini takrorladi. Prezident yer ostidan sizib chiqayotgan gaz mahalliy aholi salomatligi va hududdagi ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, tabiiy gazni eksport qilish va foyda olish mumkin bo‘lgan holda isrof qilinayotganini aytdi.