Qozog‘iston harbiylari Buyuk Britaniyada tayyorgarlikdan o‘tadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamkorlik shartnomasini imzolandi.
Foto: gov.kz
Qozog‘iston delegatsiyasi Londonda Buyuk Britaniya bilan harbiy hamkorlikni boshlash to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
«Tomonlar Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Harbiy hamkorlik rejasini imzoladilar», deyiladi xabarda.
Delegatsiya Buyuk Britaniya poytaxtiga rasmiy tashrif bilan bordi. Unga Qozog‘iston Mudofaa vazirligi apparati boshlig‘i, polkovnik Erbol Kumarbekuli boshchilik qildi.
Bitimning asosiy yo‘nalishlari tinchlikparvarlik, til o‘rgatish va qozog‘istonlik harbiy xizmatchilarni Buyuk Britaniya oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qitishdan iborat.
2024 yilda Qozog‘iston va Buyuk Britaniya hukumatlari o‘rtasida strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, ta’lim va savdo sohasida qator memorandumlar imzolangan edi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Devid Kemeron Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarini kelgusi uch yil ichida rivojlantirish loyihalariga 50 million funt sterling miqdorida mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev avvalroq har qanday davlatlar o‘rtasidagi harbiy mojarolarni «ibtidoiy o‘tmish sarqiti» deb atagan edi.
Qozog‘iston Buyuk Britaniyadan tashqari NATO a’zosi Italiya bilan ham 2021 yilda harbiy hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolagan. 2025 yilda mamlakat Italiya, Hindiston va Vetnam bilan harbiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.