Rossiyada ukrainlar hujumi oqibatlari aks etgan kadrlarni e’lon qilganlik uchun jarima yozilmoqda
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiyada Ukraina qurolli kuchlari dronlari zarbalari oqibatlari kadrlari uchun 40 dan ortiq jarima qo‘llangan. Ko‘plab regionlarda jarimalar belgilangan, ammo hozircha hech kim jazolanmagan.
Yuriy Kochetkov / EPA / Scanpix / LETA
2024 yildan boshlab Rossiyaning 10 dan ortiq regionida Ukraina hujumlari oqibatlari aks etgan foto va videolarni e’lon qilishga taqiqni buzganlik uchun ma’muriy jazo ko‘zda tutilgan. Ammo faqat Kaluga va Tula oblastlarida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jurnalistlarga nisbatan zarbalar oqibatlari haqidagi materiallar uchun tegishli ma’muriy bayonnomalar tuzilgan, deb xabar beradi «Kommersant» gazetasi 8 iyun kuni.
Kaluga oblasti rasmiysi nashrga ma’lum qilishicha, iyun oyi boshiga qadar ma’muriy-texnik nazorat boshqarmasi 42 ta protokol tuzib, ishlarni sudga oshirgan. Mahalliy aholi vakillari regional operativ shtabning Ukraina qurolli kuchlari dronlari hujumlari oqibatlari haqida ma’lumot tarqatishni taqiqlovchi qarorini buzishda ayblangan.
Tegishli modda 2024 yil sentabrida oblastning «Kaluga oblastida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida»gi qonunida paydo bo‘lgan. Jismoniy shaxslar uchun uch ming rubldan to‘rt ming rublgacha, mansabdor shaxslar uchun — 30 ming rubldan 40 ming rublgacha, jismoniy shaxslar uchun — 80 ming rubldan 100 ming rublgacha jarimalar ko‘zda tutilgan. Takroriy qonunbuzarlik uchun fuqarolarga to‘rt ming rubldan besh ming rublgacha, mansabdor shaxslar uchun — 40 ming rubldan 50 ming rublgacha, jismoniy shaxslar uchun — 150 ming rubldan 200 ming rublgacha jarimalar joriy etilgan.
Kaluga oblasti aholisini jarimaga tortish qachon boshlangani aniq emas. Dastlabki jarimalardan biri 2024 yil noyabr oyida tayinlangandi. O‘shanda 25 noyabr kuni Kaluga shahrida Ukraina dronlarining mahalliy neft bazasiga hujumini telefon orqali tasvirga olgan uch kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgandi. Kaluga aholisi vakillari buning uchun kamera qarshisida uzr so‘rashga majbur bo‘lgan.
Kaluga oblasti hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 42 ta protokoldan ikkitasida qonunbuzar OAV, beshtasida — mahalliy aholi vakillari bo‘lgan, ular hujum oqibatlarini videoga olib, tarmoqlarda tarqatgan. Yana uchta protokol ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar tufayli tuzilgan (ularda nima haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan). Qolgan protokollar telegram-kanallar va «VKontakte»dagi pabliklar ma’murlari yoki egalariga, shuningdek, shaxsiy sahifalar mualliflariga nisbatan tuzilgan. Sudlar qanday jarimalar tayinlaganiga aniqlik kiritilmagan.
Tula oblasti hukumati ma’lum qilishicha, regionda 2025 yil yanvar oyida Ukraina dronlarining Aleksin shahriga hujumini videoga olgan va telegram-kanalida e’lon qilgan mahalliy fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Unga 25 ming rubl miqdorida ma’muriy jarima belgilangan. Oblas hukumati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu «hozircha yagona holat».
«Kommersant» gazetasi hisoblariga ko‘ra, ukrainlarning hujumlari oqibatlari aks etgan kadrlar Rossiyaning 12 regionida e’lon qilingan, lekin Qalmiqiya va Tver oblastida bunday chora faqat iyun oyi boshiga kelib joriy etilgan. Quyida shunday regionlar ro‘yxati:
Adigey,
Astraxan oblasti,
Vladimir oblasti,
Volgograd oblasti,
Ivanovo oblasti,
Kalmiqiya,
Kursk oblasti,
Leningrad oblasti,
Peterburg,
Tver oblasti.
Barcha holatlarda ma’muriy javobgarlik bir xil sxema bo‘yicha joriy etilgan: avvaliga hududiy ma’muriy kodeksga operativ shtab qarorini buzganlik to‘g‘risidagi modda qo‘shildi, keyin shtabning o‘zi mahalliy aholiga zarbalar oqibatlari aks etgan fotosuratlar va videolarni e’lon qilishni taqiqladi.
Odatda, fuqarolar uchun birinchi jarima miqdori bir mingdan besh ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun — 50 mingdan 200 ming rublgacha bo‘ladi. Ammo ba’zi hududlarda jarimalar yuqoriroq: Tver oblastida yuridik shaxslar uchun 300 ming rublgacha, Volgograd oblastida — bir million rublgacha jarima joriy etildi.
Yana ikkita hududda — Ryazan va Rostov oblastlarida mahalliy hokimiyat tegishli jarimalarni belgilagan, biroq hozircha hech qanday taqiq kiritmagan. «Qonunchilik bazasi yaratilgan, ammo hozircha gap-so‘zlar bilan kifoyalanyapmiz», — dedi «Kommersant»ning Ryazan hukumatidagi manbasi.
Zarba oqibatlari aks etgan fotosuratlarni e’lon qilganlik uchun jarimalar joriy etilgan aksariyat hududlarda norma hali biror marta qo‘llanmagan. Kursk oblasti rasmiylari nashrga tushuntirishicha, mahalliy aholi bunday kadrlarga «ehtiyotkorlik bilan» munosabatda bo‘ladi va harbiy texnika yoki maxsus obektlar qayerda joylashganini aniqlash mumkin bo‘lgan kadrlarni tarqatmaydi. Sankt-Peterburg rasmiylari hech kim jazolanmaganini ma’lum qildi, chunki qoidabuzarliklar yo‘q — dronlar Leningrad oblasti tomon uchmoqda. Ivanovo oblasti hukumati nashrga «yangi normani amalda qo‘llashga hali ulgurishmagani»ni ma’lum qilgan.
Federal darajada hujum oqibatlari aks etgan foto va videolarni e’lon qilishga taqiq qo‘yilmagan. Butun mamlakat miqyosida jarimalar joriy etish ilk bor 2023 yil avgust oyida Moskvaga dronlar hujumidan keyin muhokama qilina boshlangandi. O‘shanda anneksiya qilingan Qrim davlat kengashi tegishli tashabbus bilan chiqqandi. Taklif Davlat dumasining Mudofaa qo‘mitasi va Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasida qo‘llab-quvvatlandi. Senatorlar guruhi tegishli tuzatishlarni tayyorladi, ular jismoniy shaxslar uchun 50 ming rublgacha jarimalardan tashqari, takroran huquqbuzarlik sodir etganlik uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jinoiy javobgarlikni ham nazarda tutadi. Biroq qonun loyihasi Davlat dumasi muhokamasiga kiritilmadi. «Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti ma’muriyati «axborotni himoya qilish va uning erkinligi o‘rtasidagi balansni saqlash» muhim deb hisoblagan.