Fransiya Isroildan Madleen bortida ushlangan fransuzlarni zudlik bilan ozod etishni talab qildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Fransiya TIV xabariga ko‘ra, Parij «har qanday hodisalarning oldini olish uchun» Isroil hukumati bilan aloqada va o‘z fuqarolari uchun konsullik himoyasini talab qilgan.
Foto: Freedom Flotilla Coalition
Fransiya hukumati Isroildan insonparvarlik yordami bilan G‘azoga yo‘l olgan Madleen kemasi bortida qo‘lga olingan olti nafar Fransiya fuqarosini imkon qadar tezroq qaytarishni so‘radi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va Yelisey saroyi bayonotlarida aytilgan.
Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Parij Isroil hukumati bilan «har qanday hodisalarning oldini olish uchun» aloqada ekanligi ta’kidlangan va o‘z fuqarolari uchun konsullik himoyasini talab qilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, o‘z navbatida, Yelisey saroyi ma’muriyati orqali Isroilni G‘azo qirg‘oqlari yaqinida yaxtada bo‘lgan fransuzlarning qaytishiga «zudlik bilan» ruxsat berishga chaqirdi.
Shu bilan birga, rasmiylar missiyadagi fransuz ishtirokchilar Parijning ushbu sayohatda ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani haqida oldindan ogohlantirilganini eslatdi.
Avvalroq Isroil harbiy-dengiz kuchlari bortida gumanitar yordam va faollar, jumladan, shvetsiyalik faol Greta Tunberg bilan G‘azo sektoriga ketayotgan "Madlin" (Madleen) kemasini qo‘lga oldi. Harbiylar kuzatuvi ostida kema Isroil qirg‘oqlariga yo‘naltirildi, uning yo‘lovchilariga zarar yetmadi.
"Madlin" yo‘lovchilari o‘z vataniga qaytadi, bortda bo‘lgan gumanitar yordam esa «haqiqiy gumanitar kanallar» orqali G‘azo sektoriga yuboriladi. Shu bilan birga, Isroil vakillari dengiz blokadasini buzishga uringan kemaning o‘zi bilan nima sodir bo‘lishini aniqlashtirmadi.